IHT Kotibiyati huzurida Turizm boʻyicha maslahat qoʻmitasi tashkil etildi

    Xalqaro hamkorlik 28 Yanvar 2025 611

    Iqtisodiy hamkorlik tashkiloti (IHT) rasman tashkilot Kotibiyati huzurida aʼzo mamlakatlarning turizm maʼmuriyatlari va yetakchi ekspertlaridan iborat alohida Turizm boʻyicha maslahat qoʻmitasi tashkil etilganini eʼlon qildi.

    Qoʻmitani tashkil etish tashabbusi 2023-yil 9-noyabrda Toshkentda boʻlib oʻtgan IHTning 16-sammitida Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev tomonidan ilgari surilgan.

    Mazkur tashabbusni amalga oshirish borasida qator ishlar amalga oshirildi. Xususan, IHT Doimiy vakillari kengashi yigʻilishlarida mazkur masala muhokamaga qoʻyildi. Shuningdek, 2024-yil 3-dekabr kuni Eronning Mashhad shahrida oʻtkazilgan Iqtisodiy hamkorlik tashkilotiga aʼzo davlatlar Tashqi ishlar vazirlari kengashining 28-yigʻilishi kun tartibi va “Mashhad kommyunikesi”ga kiritildi.

    Olib borilgan bir qator muzokaralar natijasida Iqtisodiy hamkorlik tashkilotiga aʼzo davlatlar, xususan, Eron, Turkiya, Pokiston, Ozarbayjon, Qozogʻiston, Qirgʻiziston, Turkmaniston, Tojikiston tomonidan mamlakatimiz rahbari tashabbusi bir ovozdan qoʻllab-quvvatlandi.

    Turizm qoʻmitasi matbuot xizmatining maʼlum qilishicha, 2024-yil 24-dekabr kuni Iqtisodiy hamkorlik tashkiloti Kotibiyatida boʻlib oʻtgan ushbu tuzilmaga aʼzo davlatlar Doimiy vakillari kengashining 291-yigʻilishida mazkur qoʻmitani tashkil etish boʻyicha qaror qabul qilindi.