Taʼkidlanganidek, raislik Ozarbayjondan Oʻzbekistonga oʻtdi va mamlakatda IHTda turizm sohasidagi hamkorlikni yangi bosqichga olib chiqish uchun barcha choralar koʻriladi.
Sessiya yakunlari boʻyicha Islom dunyosining turizm shahri sifatida 2025-yilda Dakar (Senegal), 2026-yilda Qohira (Misr) va 2027-yilda Lahor (Pokiston) tanlandi.
“Anjumanda IHT turizm shaharlarini tanlash mezonlarini takomillashtirish, mumkin qadar kichik va istiqbolli shaharlarga tanlash orqali ularning turizm salohiyatini oshirishga kelishib olindi. Tashkilot hududida islom turizmini rivojlantirish boʻyicha strategik “yoʻl xaritasi”ni amalga oshirish, viza tartibini soddalashtirish, investitsiyalarni ragʻbatlantirish, islom turizmi maskanlari targʻiboti orqali oʻzaro turistik oqimni oshirish, kadrlar tayyorlash va standartlashtirish asosiy yoʻnalishlar sifatida belgilandi. Turizm sohasini diversifikatsiya qilish maqsadida ziyorat turizmi, ekoturizm va tibbiy turizmni rivojlantirishga kelishdik”, — dedi Aziz Abduhakimov.
Sessiyada halol turizm xizmatlari standartlarini joriy etishga alohida eʼtibor qaratilayotgani taʼkidlandi.
Turizm vazirlari Islom konferensiyasining 13 sessiyasini Qatar Davlatida tashkil etishga qaror qildilar. Anjuman doirasida “Islom dunyosining muqaddas qadamjolari” nomli rangtasvir koʻrgazmasi yuqori saviyada tashkil etildi.
Undan tashqari, Vazirlar konferensiyasi doirasida Xiva shahrining “Ichan-qalʼa” davlat muzey qoʻriqxonasida “Pahlavon Mahmud – Bahodirlar oʻyini” Xalqaro turniri oʻtkazilyapti. Unda 15 davlatdan yetakchi sportchi -pahlavonlar 10 ta yoʻnalishda bellashishyapti, deb xabar beradi Turizm qoʻmitasi matbuot xizmati.