Oʻzbekiston vakili IHTning Inson huquqlari boʻyicha mustaqil doimiy komissiyasiga saylandi

    Turkiyaning Istanbul shahrida Islom hamkorlik tashkiloti (IHT) Tashqi ishlar vazirlari kengashining 51-sessiyasi boʻlib oʻtdi.

    “Islom hamkorlik tashkiloti dunyo oʻzgarishi sharoitida” shiori ostida oʻtkazilgan tadbirda IHTga aʼzo davlatlar tashqi ishlar vazirlari, IHT rahbariyati va tuzilmalari, shuningdek, xalqaro tashkilotlar, ilmiy-tadqiqot markazlari, diplomatik korpus vakillari ishtirok etdi.

    Sammit davomida IHT kun tartibidagi dolzarb masalalar muhokama qilindi, Istanbul deklaratsiyasi qabul qilindi.

    Sessiyaning asosiy natijalaridan biri, 2025-2028-yillarga moʻljallangan muddatga IHT Inson huquqlari boʻyicha mustaqil doimiy komissiyasining toʻqqiz nafar yangi aʼzosi saylovi oʻtkazilganidir.

    Ovoz berish natijalariga koʻra, Oʻzbekiston vakili – Inson huquqlari boʻyicha Oʻzbekiston Respublikasi Milliy markazi direktorining birinchi oʻrinbosari, professor Mirzatillo Tillaboyev uch yil muddatga IHT Inson huquqlari boʻyicha mustaqil doimiy komissiyasiga aʼzo etib saylandi.

    Ushbu voqea Oʻzbekistonning inson huquqlari sohasidagi xalqaro diplomatiyada egallagan mavqei tobora oʻsib borayotganini yana bir bor tasdiqlaydi. Mamlakatimizning koʻp tomonlama hamkorlik, islomiy birdamlik va asosiy erkinliklarni himoya qilish prinsiplariga sodiqligini namoyish etadi.

    Bundan tashqari, bu natija Oʻzbekistonning inson huquqlari boʻyicha xalqaro institutlar bilan oʻzaro hamkorligidagi muhim bosqich boʻlib, IHTga aʼzo davlatlarning mamlakatda amalga oshirilayotgan islohotlarga boʻlgan ishonchidan dalolat beradi.