Iqtisodiy Hamkorlik Tashkilotiga aʼzo mamlakatlar transport vazirlarining 12-yigʻilishi doirasida Oʻzbekiston, Turkmaniston, Eron va Turkiya transport sohasidagi manfaatdor vazirliklarining Osiyo va Yevropa oʻrtasida “Oʻzbekiston – Turkmaniston – Eron – Turkiya” xalqaro multimodal yoʻlagini shakllantirish boʻyicha koʻp tomonlama uchrashuvi Bayonnomasi imzolandi. 

Imzolangan Bayonnomada quyidagi maqsadlar koʻzda tutilgan:

- Osiyo-Tinch okeani mintaqasi davlatlaridan Yevropa Ittifoqi mamlakatlarigacha Oʻzbekiston, Turkmaniston, Eron, Turkiya hududlari orqali yuk tashishlarni tashkil etish;

- raqobatbardosh tarif stavkalarini qoʻllash va Oʻzbekiston, Turkmaniston, Eron va Turkiya temir yoʻllarida yuk tashish uchun qulay sharoitlar yaratish;

- yoʻnalish boʻylab yuk tashishlarni tashkil etishda normativ-huquqiy va texnik standartlarni birxillashtirish boʻyicha chora-tadbirlarni hamkorlikda ishlab chiqish;

- yoʻlak ishtirokchi-davlatlari oʻrtasida transport sohasidagi bogʻliqlikni oshirish.

Oʻzbekiston Respublikasi orqali oʻtuvchi muqobil xalqaro transport yoʻlaklarini shakllantirish boʻyicha tadbirlar Oʻzbekiston Respublikasining jahon transport-logistika tarmoqlariga integratsiyalashuvini chuqurlashtirish va tranzit salohiyatini oshirish boʻyicha “Oʻzbekiston – 2030” Strategiyasida belgilangan vazifalarga muvofiq amalga oshirilmoqda.