Boshqariladigan manzillilikning navbatdagi bosqichi
Islohotlar natijalari ijtimoiy siyosatning navbatdagi bosqichiga oʻtilayotganini namoyish etmoqda. Ilk marotaba kambagʻallikka qarshi kurash mahallalar darajasidagi aniq natijalar bilan bevosita bogʻlandi.
Bunday oʻzgarish erishilgan ijtimoiy- iqtisodiy natijalar samarasidir. 2025-yil yakuniga koʻra, mamlakat iqtisodiyoti 7,7 foiz oʻsdi, bu prognoz qilinganidan (6,5 foiz) sezilarli darajada koʻp, YAIM hajmi esa 147 milliard dollardan oshdi va aholi jon boshiga qariyb 3,9 ming dollarni tashkil etdi. Iqtisodiyotning barcha tarmoqlarida oʻsish surʼatlari 2024-yilgi koʻrsatkichlardan yuqori boʻldi. Xorijiy investitsiyalar hajmi 43 milliard dollarga, eksport esa 33,8 milliard dollarga yetdi. Inflyatsiya darajasi 2025-yilda 9,8 foizdan 7,3 foizga pasaydi.
Ishonchli iqtisodiy oʻsish byudjetda tushumlar sezilarli darajada oshishini taʼminladi, ular ijtimoiy masalalarni hal qilish, kambagʻallikka qarshi kurashish va mahallalarni rivojlantirishga izchil yoʻnaltirildi. Ushbu omil hisobiga 2025-yilda 5,4 million kishi daromad manbalari bilan taʼminlandi va 330 mingta oila kambagʻallikdan chiqarildi. Natijada ishsizlik darajasi 4,8 foizga, kambagʻallik darajasi esa 5,8 foizga kamaydi.
Umumiy kambagʻallik koʻrsatkichlari pasaygani sari uning geografiyasi ham oʻzgarib, mahalliy, konsentratsiyalashgan va turfa boʻlib bormoqda. Kam taʼminlangan oilalarning deyarli uchdan bir qismi va ishsizlarning qariyb beshdan bir qismi muayyan mahallalarda jam boʻlgan, bu esa yangi modelga oʻtishni talab qildi.
Shu nuqtayi nazardan, har bir mahalla darajasida erishilgan natija asosiy indikatorga aylanmoqda. Kambagʻallik yoki ishsizlikning saqlanib qolayotgani choralarni yanada takomillashtirish zarurligini bildiradi.
Shu munosabat bilan ilk marotaba milliy miqyosda mamlakatning barcha hududlarini kambagʻallik darajasi boʻyicha tizimli tasniflash oʻtkazildi. 20 ta mezon asosida 37 ta “ogʻir” toifadagi tuman va 903 ta “ogʻir” mahalla aniqlandi, ularda qariyb 120 mingta kambagʻal oila va taxminan 155 ming ishsiz fuqaro istiqomat qiladi. Shu bilan bir vaqtda yangi Oʻzbekiston qiyofasini shakllantirish boʻyicha ishlar yana 33 ta tuman va 330 ta “ogʻir” mahallada boshlab yuborildi.
Yangi yondashuvning oʻziga xos xususiyati shundaki, “ogʻir” hududlarga tarkibiy transformatsiya nuqtalari sifatida qaraladi. Har bir mahalla va tuman uchun iqtisodiy, agrar, sanoat, logistika yoki servis yoʻnalishlarida qiyosiy afzalliklar tahlil qilinadi.
Mahallalarni rivojlantirish boʻyicha individual dasturlar ishlab chiqilmoqda. Amaliyot koʻrsatganidek, hatto eng zaif hududlarda ham suv va elektr energiyasi bilan barqaror taʼminlash, minimal infratuzilma va bozorlar bilan kooperatsiyani tashkil qilish aholi daromadlarini jiddiy oshirishi mumkin.
Bu yil hududiy manzilli rivojlanish shu tariqa belgilangan maqsadlarga erishishning asosiy vositasiga aylanmoqda, bu Prezidentimiz tomonidan aniq koʻrsatib oʻtildi.
Kengayayotgan moliyaviy imkoniyatlar
Yangi modelda hududiy siyosat ustuvorliklarini qayta koʻrib chiqishga alohida eʼtibor qaratilgan. Davlatimiz rahbari taʼkidlaganidek, “ogʻir” tuman va mahallalardagi aholi va tadbirkorlar, birinchi galda, soliq imtiyozlarining kengaytirilishini emas, balki yoʻllar, suv va elektr energiyasi taʼminotining yaxshilanishini kutmoqda.
Resurslarni ayrim muammoli hududlarda toʻplash infratuzilma investitsiyalarini umumiy byudjetdan moliyalashdan manzilli ijtimoiy-iqtisodiy taʼsir vositasiga aylantirish imkonini beradi. 2026-yilda hududiy infratuzilmani rivojlantirishga 20 trillion soʻm yoʻnaltiriladi, shundan 12 trillion soʻmi “ogʻir” tuman va mahallalar uchun moʻljallangan.
Respublika byudjetidan mahalliy byudjetlarga qaytariladigan mablagʻlar 2 baravar koʻpaytirilmoqda. Hokimliklarga oʻz byudjetlaridan tashqari yana 4,2 trillion soʻm ajratiladi, bu ularning moliyaviy imkoniyatini kengaytiradi va aniq natijalarga erishish uchun masʼuliyatini oshiradi. Resurslarni qoʻshimcha taqsimlash doirasida viloyat hokimliklari har bir “ogʻir” tumanga 10 milliard soʻm va 903 ta “ogʻir” mahallaning har biriga bir milliard soʻmdan yoʻnaltiradi. Qoʻshimcha ravishda ushbu toifadagi har bir tumanga 50 milliard soʻm va mahallaga 2 milliard soʻm ajratilishi koʻzda tutilgan. Umuman, tuman hokimliklari va mahalliy kengashlar faqat muammoli hududlarni qoʻllab-quvvatlashga qaratilgan qariyb 4 trillion soʻm oladi.
“Ogʻir” toifadagi tuman va mahallalarning barqaror energiya taʼminoti ushbu modelning asosiy elementidir. Bunda joriy yondashuvdan prinsipial farq infratuzilma xarajatlarini bir martalik byudjet xarajatidan uzoq muddatli iqtisodiy aktivga aylantirishdan iborat.
2026-yilda “ogʻir” toifadagi mahallalarning har birida taxminan 110 million dollarlik 300 kilovatt quvvatga ega kichik quyosh elektr stansiyalari qurish rejalashtirilgan. Stansiyalar mahallalarga begʻaraz berilib, mahalliy energetika aktivi shakllantiriladi. “Yashil” elektr energiyasini ishlab chiqarish hisobidan har bir mahallada yiliga 400-500 million soʻm barqaror qoʻshimcha daromad manbai yaratiladi.
Ushbu mablagʻni uy-joy fondini energiya tejamkor taʼmirlash, kommunal xizmatlar xarajatlarini kamaytirish va turmush sifatini yaxshilashga yoʻnaltirish koʻzda tutilgan. Quyosh stansiyalarini ekspluatatsiya qilish ishlariga kam taʼminlangan oilalar aʼzolari jalb qilinadi, bu esa bir vaqtning oʻzida bandlik va infratuzilma barqarorligi masalalarini hal qilish imkonini beradi. Xuddi shunday yechimlar ixtisoslashuv darajasi yuqori boʻlgan yana mingta ilgʻor mahallada amalga oshiriladi. Bu yerda kichik quyosh elektr stansiyalari 7 yillik muddatga foizsiz lizing asosida beriladi.
Eng ehtiyojmand xonadonlarni qoʻllab-quvvatlashga alohida eʼtibor qaratiladi. Birinchi guruh nogironligi boʻlgan va mehnatga layoqatli oila aʼzolari boʻlmagan 6700 ta oilani manzilli oʻrganish, energiya tejamkor uy-joylarga ehtiyojini aniqlash va “yashil” taʼmirlash ishlarini boshlash topshirildi.
Pirovardida bularning barchasi hududiy va energetik barqarorlik modelini shakllantiradi. Hukumat organlarining samaradorligini baholash esa ommaviy ravishda amalga oshiriladi va natijaga qaratilgan boshqaruvga oʻtishni mustahkamlaydi.
Mahallalarning qiyosiy ustunliklari
Prezidentimiz tomonidan 2026-yil uchun asosiy ijtimoiy-iqtisodiy yoʻnalishlar aniq belgilab berildi. Qariyb 1 million kishini doimiy ish bilan taʼminlash, 181 mingta oilani kambagʻallikdan chiqarish, kambagʻallikdan xoli mahallalar sonini 2,5 baravar koʻpaytirib, 3,5 mingtaga yetkazish, shuningdek, ishsizlik darajasini 4,5 foizgacha kamaytirish shular jumlasidan.
Ushbu maqsadlarga erishish muayyan tuman va mahallalarning sanoat, qishloq xoʻjaligi va xizmatlar sohasidagi qiyosiy ustunliklaridan kelib chiqqan holda koʻzda tutilgan. Bunday yondashuv resurslarni aholi daromadlari va bandlikka eng koʻp multiplikativ taʼsir koʻrsatadigan joylarda jamlash imkonini beradi.
Prezidentimiz mahallalarning joylashuvi va ixtisoslashuvidan kelib chiqqan holda qiyosiy ustunliklardan foydalanishga misol tariqasida bir qator afzalliklarga ega boʻlgan Furqat tumanini keltirib oʻtdi.
Furqat tumanida 34 ta mahalla bor, ushbu hududda 7,6 mingga yaqin kam taʼminlangan aholi va qariyb 3 ming ishsiz fuqaro istiqomat qiladi. 18 ta mahallada kambagʻallik va ishsizlik darajasi yuqoriligicha qolmoqda. Tuman iqtisodiyotida sanoat, xizmatlar va qurilish sohalari ulushi 2 foizga ham yetmaydi. Zamonaviy bozorlar, savdo markazlari, bogʻlar va dam olish maskanlari yoʻqligi aholini har kuni qoʻshni hududlarga chiqishga majbur qiladi.
Shu bilan birga, mahallalarning geografik joylashuvi va ixtisoslashuvi tahlili koʻrsatdiki, tuman ish oʻrinlarini yaratish va daromadni oʻstirishni tezlashtirish uchun ishlatilishi mumkin boʻlgan uchta asosiy qiyosiy afzallikka ega.
Birinchi ustunlik — iqtisodiy jihatdan faol qoʻshni hududlar bilan kooperatsiya.
Bugungi kunda Furqat tumanining taxminan 1,5 ming aholisi Qoʻqon shahri va erkin iqtisodiy zonadagi korxonalarda ish bilan taʼminlangan. Shu bilan birga, qoʻqonlik tadbirkorlarga shahar yaqinida ishlab chiqarishni kengaytirish uchun asosiy infratuzilmaga ega tayyor maydonchalar yetishmaydi.
Amaliyot bunday kooperatsiya yuqori salohiyatga ega boʻlishini koʻrsatmoqda. Masalan, oʻtgan yili qoʻqonlik tadbirkorlar Furqat tumanida korxonalar ochib, 350 ta ish oʻrni yaratdi. Mos maydonlar va infratuzilma taqdim etilsa, tikuvchilik va trikotaj mahsulotlari ishlab chiqaruvchi yana beshta korxona qariyb 400 ta ish oʻrni yaratiladigan oʻz filiallarini ochishga tayyor. Bundan tashqari, Tuncha mahallasida 13 gektar maydonda sanoat zonasi yaratilsa, investorlar 100 million dollargacha boʻlgan loyihalarni amalga oshirishga tayyor ekanini bildirgan, bu esa qariyb 2 mingta ish oʻrni demakdir.
Ikkinchi ustunlik — yaqin atrofda joylashgan mahallalarning chuqur ixtisoslashuvi. Xususan, “Eski”, “Ingichka” va “Qoʻqonboy — 2” MFYlari anʼanaviy ravishda yogʻochni qayta ishlashga ixtisoslashgan. Eski mahallasida ikki gektar boʻsh yer maydonida yogʻochni qayta ishlash klasterini shakllantirish qariyb 150 ta xonadonga kichik hunarmandlik ishlab chiqarishidan sanoat formatiga oʻtish va qoʻshimcha 500 ga yaqin ish oʻrni yaratish imkonini beradi. Bu yerda qoʻllab-quvvatlashni kengaytirish emas, balki mavjud koʻnikmalar kooperasiyasi asosiy omil boʻlmoqda.
Uchinchi ustunlik — mahallalarda ishlab chiqariladigan mahsulotlar qoʻshilgan qiymatining oʻsishi. Tumanda 42 ta chorvachilik xoʻjaligi va xonadoni mavjud, ularda qariyb 65 ming bosh qoramol boqiladi. Lekin goʻsht va sutni qayta ishlash boʻyicha quvvatlar mavjud emas va bu aholining daromad olish imkoniyatini cheklaydi.
Boʻsh turgan binolarda qayta ishlash majmuasini ishga tushirish va bir vaqtning oʻzida beshta chekka mahalladagi kam taʼminlangan 300 ta oilaga chorva mollari sotib olish uchun imtiyozli kreditlar berish (qariyb 10 milliard soʻm) 1,5 ming kishini barqaror bandlikka jalb qilish va oilalar daromadini sezilarli darajada oshirish imkonini beradi.
Furqat tumani keysida koʻrinib turganidek, hududlarni qiyosiy ustunliklar orqali tahlil qilganda hatto iqtisodiy jihatdan zaif hududlar ham katta yashirin salohiyatga ega ekani koʻrinadi. Uni roʻyobga chiqarishning asosiy sharti har bir hududning oʻziga xos xususiyatlariga boshqaruvning chuqur singishi va mahallani rivojlantirishga loyihaviy yondashuvdir.
Muammoli hududlarni rivojlantirishga differensiallashgan yondashuv modelini shakllantirish doirasida, eng avvalo, “ogʻir” toifadagi tuman va mahallalarda aholi bandligi va daromadini oshirish boʻyicha qoʻshimcha chora- tadbirlar belgilandi.
Ixtisoslashuvni chuqurlashtirish
Asosiy eʼtibor mahallalar ixtisoslashuvini chuqurlashtirishga qaratiladi, chunki chuqur ixtisoslashuvga ega mahallalarda farovonlik sezilarli darajada yuqori boʻladi. Tajriba koʻrsatdiki, barqaror ixtisoslashuvga ega mahallalarda farovonlik sezilarli darajada yuqori, ijtimoiy yordam oluvchilar soni esa ikki baravar past boʻladi.
Bugungi kunda “ogʻir” toifadagi mahallalarda taxminan 90 ming gektar tomorqa va ijara yeri mavjud. Ushbu resursni barqaror daromad manbaiga aylantirish uchun davlat va mahallalar oʻrtasida yangi “ijtimoiy shartnoma” mexanizmi taklif qilindi. Aholi koʻnikmalari va yerdan samarali foydalanishga tayangan holda uy xoʻjaliklari daromadini 3-4 baravar oshirishga muvaffaq boʻlgan mahallalar yoʻl, suv va irrigatsiya infratuzilmasini rivojlantirish uchun qoʻshimcha 2 milliard soʻm oladi. Ushbu modelni “ogʻir” mahallalardan boshlash rejalashtirilgan.
Kelgusida mahallalar ixtisoslashuvini ragʻbatlantiruvchi qoʻshimcha moliyaviy mexanizmlar joriy qilinadi. Xususan, tomorqa egalari va dehqon xoʻjaliklari uchun sertifikatlangan koʻchatlar qiymatining 50 foizi byudjetdan qoplanadi, tayanch ustunlar oʻrnatish uchun 20 mingdan 70 ming soʻmgacha subsidiyalar beriladi. Tomchilatib sugʻorish tizimini joriy etishda har sotix maydon uchun 160 ming soʻm miqdorida kompensatsiya toʻlanadi va hokazo.
Mahallalar ixtisoslashuvini chuqurlashtirish uchun banklar tomonidan 17 trillion soʻm kredit ajratiladi. Ishlab chiqarish loyihalari uchun kreditning 4 foizi, qayta ishlash uchun esa 6 foizi qoplab beriladi.
Pillachilik — daromadni oshirish manbai
Yangi model doirasida kam taʼminlangan oilalar uchun barqaror daromad manbai sifatida anʼanaviy, ammo qadriga yetilmagan faoliyat turlaridan foydalanishga ustuvor ahamiyat qaratilgan. Bunday yoʻnalishlardan biri ipakchilikni rivojlantirish. Bu institutsional hamrohlik va kooperatsiya sharoitida kambagʻallikni qisqartirish vositasiga aylanishi mumkin.
Joriy yilda tut plantatsiyalarini yaratish uchun 2 ming gektar oʻrmon yerlari ajratiladi. Kam taʼminlangan toʻrt ming oilaga tutzorlar barpo etish uchun 50 sotix yer maydoni bepul foydalanish sharti bilan 10 yil muddatga beriladi. Oilalar, shuningdek, qishloq xoʻjaligi ekinlarini yetishtirish uchun egatlardan bir vaqtning oʻzida foydalanish imkoniga ega boʻladi, bu esa ilk bosqichdayoq daromad manbaini diversifikatsiya qilish imkonini yaratadi.
Loyiha kam taʼminlangan oilalar ishtirokida pillachilik kooperativlarini tashkil etish orqali amalga oshirilmoqda. Bunday kooperativlarning ustav fondini shakllantirish uchun har bir oilaga 4 million soʻm miqdorida subsidiya ajratiladi. Bundan tashqari, har bir hududda texnologik hamrohlik, oʻqitish va ishlab chiqarish sifatini nazorat qilishni taʼminlaydigan pillachilik sohasi mutaxassislari va agronomlarni jalb qilish koʻzda tutilgan. Uy sharoitida pilla yetishtirish bilan shugʻullanadigan oilalarga oʻz imoratlarini jihozlash va uskunalar sotib olish uchun foizsiz ssudalar taqdim etiladi.
Ushbu modelni amalga oshirish maqsadida 4 mingta oila uchun yiliga 50-60 million soʻm miqdorida barqaror qoʻshimcha daromad manbai shakllantirilmoqda. Kooperativ formatni masshtablash va uy xoʻjaliklarini qoʻshilgan qiymat zanjirining tegishli bosqichlariga jalb qilish hisobiga 30-40 ming oila oʻz daromadini oshirish imkoniyatiga ega boʻladi va bu ularning kambagʻallikdan chiqishi uchun real poydevor yaratadi.
Kichik va oʻrta biznesni rivojlantirish
2026-yilda mahallalarda kichik va oʻrta biznesni rivojlantirish uchun 140 trillion soʻm kredit resurslari koʻzda tutilgan (oʻtgan yili 130 trillion soʻm). Shu bilan birga, banklarga tadbirkorlikni moliyalashtirishni kuchaytirish vazifasi yuklatildi. Tashqi manbalardan 6 milliard dollar jalb qilish rejalashtirilgan boʻlib, mahalla loyihalariga yoʻnaltiriladigan umumiy mablagʻ miqdori 8 milliard dollarga yetkazilishi kerak.
Nafaqat kreditlarni taqsimlash koʻlami, balki tamoyili ham mohiyatan oʻzgarmoqda. “Oilaviy tadbirkorlik” dasturi doirasida barcha tuman va shaharlar uchun 17,5 foiz stavka boʻyicha teng shartlarda kreditlar berilgan model hududiy differensiyalashga oʻrnini boʻshatib berdi, shu jumladan, 37 ta “ogʻir” tuman uchun stavka 12 foizgacha kamaytirilmoqda. Bu harakat kreditlashni muammoli hududlarni rivojlantirishni tezlashtirish vositasiga aylantiradi.
Shu bilan birga, dastur limitlari va maqsadli yoʻnalishlari kengaytirilmoqda. Barcha tumanlarda imtiyozli kreditning maksimal miqdori 1,5 baravar — 33 million soʻmdan 50 million soʻmgacha oshirilmoqda. Ushbu qarorni resursli taʼminlash uchun rejadagi 3,6 trillion soʻmga yana 2 trillion soʻm qoʻshilmoqda.
“Oilaviy tadbirkorlik” dasturi boʻyicha muammoli kreditlarni undirish uchun yangi ragʻbatlantirish mexanizmi joriy etilmoqda. Bunda hokim yordamchisi 2022-yilgacha berilgan kreditlarning muammoli qismi qaytarilganda, qaytarilgan summaning 20 foizini, 2025-yilgacha berilgan muammoli kreditlar boʻyicha esa bonus tariqasida summaning 10 foizini oladi.
Umuman, 2026-yilgi kredit siyosati manzilli rivojlanish mexanizmi, kreditni bandlik, daromad va mahalliy oʻsishga aylantirish sifatida rasmiylashtirilmoqda.
Tizim boshqaruvida institutsional oʻzgarishlar
Mahallani rivojlantirish bilan bogʻliq barcha boshqaruv boʻgʻinlari faoliyati samaradorligini oshirish uchun qator institutsional oʻzgarishlar koʻzda tutilgan.
Endi mahallalardagi ishlar maʼmuriy vositachilik xususiyatiga ega boʻlmaydi va aniq loyihalar atrofida tuziladi. Ushbu modelda hokim yordamchisi loyiha qarorlarini amalga oshirish uchun masʼul boʻlgan hududiy rivojlanish menejeri vazifasini bajaradi. Loyihalarni boshqarish yaxlitligini taʼminlash uchun koʻp bosqichli muvofiqlashtirish joriy etilmoqda. Hokim yordamchilari tashabbuslariga viloyat bankirlari biriktirilgan, viloyat hokimining birinchi oʻrinbosari tezkor hamrohlik qiladi, “Islohotlar shtabi” esa idoralararo qarorlarni talab qiladigan masalalarni oʻz nazoratiga oladi.
Fevral oyidan hokim yordamchilarini loyihaviy boshqaruv boʻyicha oʻqitish tizimi ishga tushiriladi va bu ish “ogʻir” mahallalardan boshlanadi. 1-martgacha har bir tumanda loyihalar portfeli shakllantiriladi va amalga oshiriladi.
Loyihaviy yondashuvga eng yorqin misollardan biri — Quva tumanidagi “Qaqir” MFY. Hokim yordamchisi tashabbusi bilan tadbirkor va niderlandiyalik mutaxassis ishtirokida 8 gektar maydonda toʻliq siklli atirgul yetishtirish markazi tashkil etilmoqda. Loyiha eksportga moʻljallangan atirgullarni yetishtirishdan tortib, mahsulotni saqlash, qadoqlash va yetkazib berishga tayyorlashgacha boʻlgan barcha ishlab chiqarish jarayonini qamrab oladi.
Markaz yaqin kunlarda ishga tushirilishi rejalashtirilgan. Birinchi bosqichdayoq loyiha 60 ta doimiy va 400 ta mavsumiy ish oʻrnini taʼminlaydi. 200 ta xonadon bilan hamkorlik orqali qariyb 700 kishi iqtisodiy faoliyatga jalb qilinadi, oilalarning daromadi yiliga oʻrtacha 150-200 million soʻmga oshadi. Eksport salohiyati yiliga 2 million dollarga, tuman byudjetiga qoʻshimcha foyda 3 milliard soʻmga baholanmoqda.
Bundan tashqari, markaz negizida oʻquv maydoni shakllantirilmoqda, bu yerda har yili ming kishi zamonaviy gulchilik texnologiyalari boʻyicha oʻqitiladi.
Loyiha bir vaqtning oʻzida bandlik, daromadni oshirish, eksport va kadrlar tayyorlash bilan bogʻliq vazifalarni hal qiladi. Aynan shu tashabbuslar mahallalarga ijtimoiy qoʻllab-quvvatlashdan barqaror iqtisodiy rivojlanishga oʻtish imkonini beradi. Natijada “Qaqir” MFY 2026-yildayoq kambagʻallik va ishsizlikdan xoli hududga aylanishi kutilmoqda.
Ish oʻrinlari yaratish, daromadni oshirish va kambagʻallikni qisqartirish boʻyicha eng yaxshi koʻrsatkichlarni namoyish etgan yuzta “ogʻir” mahallaning har biri qoʻshimcha 1 milliard soʻmdan moliyalashtiriladi. Ushbu mahallalardagi hokim yordamchilari Xitoy, Turkiya, Janubiy Koreya va Malayziyada malaka oshirishi mumkin boʻladi. Shu bois, mahallalar bosh rejalarini ishlab chiqish boʻyicha ishlar kuchaytirilmoqda. Buning uchun xalqaro ekspertlar jalb qilinib, mahalliy oliy taʼlim muassasalarining salohiyatidan foydalanilmoqda. Arxitektura yoʻnalishida bitiruvchi kurs talabalari “ogʻir” mahallalarni rivojlantirishda ishtirok etishi mumkin boʻladi, eng yaxshi loyihalar davlat grantlari bilan ragʻbatlantiriladi.
“Mahalla yettiligi” modeli yangilanmoqda. Ilgari Toshkentda qoʻllanilgan amaliyot barcha tuman va shaharlarda tatbiq etilmoqda. Hokim yordamchisi, ayollar faoli va yoshlar yetakchisini tayinlash va lavozimidan ozod qilish tuman hokimi tomonidan mahalla raisining tavsiyasiga binoan amalga oshiriladi. Hokimlar zimmasiga bevosita mahallalarda muntazam ravishda sayyor qabullar oʻtkazish, muammolarni joyida hal qilish majburiyati yuklatiladi.
Umuman, institutsional oʻzgarishlar universal yondashuvdan differensiatsiyalashgan hududiy siyosatga oʻtishni qayd etadi. “Ogʻir” toifadagi tuman va mahallalarda 61 mingta oilani kambagʻallikdan chiqarish hamda kambagʻallik va ishsizlik darajasini ikki baravar kamaytirish vazifasi belgilangan. Yangi Oʻzbekiston qiyofasidagi tuman va mahallalarni ishsizlik va kambagʻallikdan xoli hududlarga aylantirish, 96 mingta oilani kambagʻallikdan chiqarish maqsad qilingan.
Resurslarni qayta taqsimlash iqtisodiyot tarkibi bilan asoslangan, xususan, sanoat mahsulotlari ishlab chiqarishning 62 foizi va xizmatlar sohasining 57 foizi tadbirkorlik salohiyati yuqori 50 ta tuman va shaharda joylashgan. Ularning byudjet daromadi oʻsishi davlat saʼy-harakatlarini muammoli hududlarga qaratish imkoniyatini yaratadi.
Buni tushumlar dinamikasida ham koʻrish mumkin: uch yil oldin ushbu 50 ta hududda mahalliy byudjetning qoʻshimcha daromadi 875 milliard soʻmni tashkil etgan boʻlsa, joriy yilda u 8,5 baravar koʻpayib, 7 trillion 400 milliard soʻmga oshishi kutilmoqda. Natijada kambagʻallik va ishsizlik darajasi yuqori “ogʻir” tuman va mahallalarga koʻproq eʼtibor qaratish mumkin boʻladi. Shu bilan birga, iqtisodiy jihatdan kuchli tuman va shaharlar hokimlaridan ichki oʻsish manbalari hisobiga oʻz salohiyatidan yuqori darajada foydalanish talab qilinadi.
Yangi modelning afzalliklari
Yangi manzilli yondashuvga oʻtish sharoitida “ogʻir” hududlar va loyihaviy boshqaruv ustuvorlik kasb etganda, “mahalla yettiligi”ning roli obyektiv ravishda kuchayib, u joylarda qaror qabul qilish, qayta aloqa va loyihalarga hamrohlik qilish markaziga aylanib bormoqda.
Eʼtibor “ogʻir” mahallalar va ehtiyojmand oilalarga qaratilganda, qarorlar muayyan hududdagi bandlik, daromad, qarz yuki va infratuzilmaviy cheklovlarga oid tekshirilgan maʼlumotlarga tayanishi oʻta muhim. Shu nuqtai nazardan, “mahalla yettiligi” faoliyati amaliyoti uy xoʻjaliklariga yaqinlik kabi muhim tizimli taʼsirni koʻrsatadi va mahalliy voqelikni bilish manzillilik aniqligini oshiradi.
Shu tariqa mahalla va hokim yordamchilari instituti endi faqat ijtimoiy vosita boʻlmay, iqtisodiy siyosat elementiga aylanmoqda. Loyihaviy yondashuv, shaxsiy masʼuliyat va tizimli monitoring joriy etilganda yangi model kambagʻallikka qarshi kurashni barqaror hududiy rivojlanish mexanizmiga aylantirish imkoniyatiga ega boʻladi.
Xulosa
Oʻzbekistonning hududiy ijtimoiy siyosati resurslarni anʼanaviy qayta taqsimlash doirasidan chiqib, boshqariladigan rivojlanish modeliga oʻtmoqda. Yangi model uchta oʻzaro bogʻliq yoʻnalishga tayanadi.
Birinchisi, infratuzilma resurslarini “ogʻir” tuman va mahallalarda jamlash, uzoq muddatli mahalliy aktivlarni shakllantirish, uy xoʻjaliklari xarajatlarini kamaytirish va energetika barqarorligini oshirish.
Ikkinchisi, moliyaviy ragʻbatlar, kredit olish imkoniyatlari va qoʻshilgan qiymat zanjirlari boʻylab yechimlar bilan taʼminlangan hududlarning ixtisoslashuvini chuqurlashtirish va qiyosiy ustunliklar hisobiga bandlikni kengaytirish.
Uchinchisi, boshqaruvning institutsional qayta tuzilishi, bunda loyihaviy yondashuv va bosqichlararo muvofiqlashtirish resurslar, masʼuliyat va oʻlchanadigan natijalarni bogʻlaydi.
Hozirgi bosqich rivoji shundan iboratki, manzillilik “ogʻir” hududlarga yoʻnaltirilgan texnologiyaga aylanmoqda. Kambagʻallikdan chiqish uy xoʻjaligining individual trayektoriyasi sifatida tushuniladi, unda mahalliy sharoit, koʻnikmalar va infratuzilma hal qiluvchi ahamiyatga ega boʻladi. “Mahalla yettiligi” hamda hokim yordamchilari instituti bogʻlovchi boʻgʻin sifatida muvofiqlashtirish va qayta aloqani taʼminlaydi.
Xurshid ASADOV,
Iqtisodiy tadqiqotlar va islohotlar
markazi direktori oʻrinbosari