Har bir ishning amalga oshish vaqti-soati bo'lishini, odam zoti qanchalik istasin-istamasin buyurilgan kunida yuzaga chiqishining necha martalab guvohi bo'lganmiz. Hazrat Alisher Navoiyning ushbu ikki muhtasham asari – “Mahbub ul-qulub” va “Muhokamat ul-lug'atayin”  tarjima qilinmadi, bir tildan boshqa tilga ag'darilmadi. Tabdil ham qilinmadi, ya'ni bir so'z o'rniga boshqa so'z qo'yib chiqilmadi. Asarlar bayoni ham emas. Bizdan uzoqlashgan otamizga yuzimizni o'girdik, begonalashgan tilimizga ko'nglimizni o'girdik. Hazratning har bir so'zi tugul har bir harfi, tovushini asrashga harakat qildik. Hazrat bitiklari bilan begonaday emas, balki ota-bola, katta ota va nevara gaplashganday o'qishni necha bir avlod orzu qilib o'tdi. Ushbu asarlar birinchi marta to'liq holda hozirgi jonli tilimizga o'girildi. Bu so'zsiz, yurt Mustaqilligining, til Mustaqilligining ko'rkam ko'rinishidir.

   Ushbu javohir buyuk shoir va millat faxri Alisher Navoiyning 580 yillik to'yiga munosib sovg'a bo'lishiga hamda Prezidentimiz ta'kidlaganiday, ulug' bobomizning ko'nglini xalqimizga yanada yaqinlashtirishga, bu qadrli merosni ma'naviyatimizning hayotbaxsh manbai va tarkibiy qismiga aylantirishga xizmat qiladi, degan umiddamiz.

   Kitob O'zbekiston Yozuvchilar uyushmasi tomonidan Respublika bo'yicha o'tkazilayotgan “Kitob aktsiyasi” tadbirlarida, maktablarga, mahallalarga, “Mehribonlik uylari”ga, idora va tashkilotlarga sovg'a qilinadi.