Oʻzida Sharqona gʻoʻzallik, nafislik, qulaylik va hashamni uygʻunlantirgan mazkur toʻplam taniqli dizayner Dildora Kasimova hamkorligida yaratildi.
— “B Jeans” brendi ostida jinsi kiyim-kechaklari ishlab chiqarayotgan Buxorodagi “BCT Cluster” paxta-toʻqimachilik klasteri Oʻzbekistonda moda sanoatini rivojlantirish, mahalliy dizaynerlar bilan hamkorlik qilish va ular faoliyatini qoʻllab-quvvatlashga alohida eʼtibor qaratib kelmoqda, — deydi “B Jeans” brendi bosh direktori Ahmad Rahmatov. — “Dildora Kasimova” modalar uyi bilan hamkorlikda kollaboratsiya qilish, jinsi matosidan noanʼanaviy yangi toʻplam yaratish gʻoyasi ana shunday ijodiy muloqotlar tufayli paydo boʻldi.
Isteʼdodli dizayner Dildora Kasimova yangi toʻplam ustida ishlar ekan, avvalo, jinsi matosining ekologik toza paxta tolasi asosida ishlab chiqarilishi bilan yaqindan tanishib, matoning sifati, yumshoqligi, rang va tuslarining tovlanishi, ularga noyob ishlov berish usullarini oʻrgandi. Bu esa oʻzida milliylikni tarannum etgan zamonaviy liboslar kolleksiyasini yaratishda muhim omil boʻldi.
— Men yaratgan liboslarni kiygan kishi har tomonlama qulaylikni his etishi oʻta muhim, — deydi toʻplam muallifi Dildora Kasimova. — Jinsi matosi esa oʻz xususiyatiga koʻra pishiq va foydalanish juda qulay. Shu bois ushbu matolardan tikilgan liboslarni deyarli har kuni kiyamiz. Bu esa bizga yangi yechimlarni izlab topishga undadi. Menimcha, “B Jeans” brendi bilan hamkorlikda buning uddasidan chiqa oldik.
“B Jeans”ning milliy hunarmandchilik va zamonaviy moda anʼanalarini oʻzida mujassam etgan yangi liboslar kolleksiyasi mutaxassislar tomonidan yuqori baholanmoqda. Bu esa jinsi matosi uchun moda sanoati va jahon podiumlari sari keng yoʻl ochilayotganidan nishonadir.