Mashhur brendlar egalari va hamkorlari qanday qoʻllab-quvvatlanadi?

    Savdo-sanoat palatasi har yili 1-aprelgacha maxsus elektron platformada mashhur xalqaro va milliy brendlar roʻyxatini shakllantiradi va eʼlon qiladi.

    Vazirlar Mahkamasining 08.11.2024-yildagi 748-son qarori bilan Sanoat sohasida milliy brend egalari hamda nufuzli xalqaro brendlar hamkorlarini Savdoga koʻmaklashish jamgʻarmasi mablagʻlari hisobidan qoʻllab-quvvatlash chora-tadbirlari tasdiqlandi.

    Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 07.08.2024-yildagi PQ-286-son qaroriga muvofiq Savdo-sanoat palatasi har yili 1-aprelgacha maxsus elektron platformada mashhur xalqaro va milliy brendlar roʻyxatini shakllantiradi va eʼlon qiladi.

    Hujjat bilan Milliy brend egalarini va nufuzli xalqaro brendlar hamkorlarini Savdoga koʻmaklashish jamgʻarmasi mablagʻlari hisobidan qoʻllab-quvvatlash tartibi toʻgʻrisidagi nizom tasdiqlandi. U quyidagilarni tartibga soladi:

    • murojaat qilish va arizani koʻrib chiqish, shuningdek yordam ajratish tartibi;
    • moddiy yordam predmeti va yoʻnalishlari;
    • qoʻllab-quvvatlash miqdorlari va shartlari.

    Xususan, mashhur xalqaro brendlar roʻyxatiga kiritilgan brend egalari bilan sanoat mahsulotlari ishlab chiqarishni yoʻlga qoʻyish boʻyicha toʻgʻridan-toʻgʻri shartnomalar tuzgan yuqori va oʻrta barqarorlik reytingiga ega tadbirkorlik subyektlari uchun:

    • xalqaro standartlarni joriy etish, ekologik va muvofiqlik boʻyicha sertifikatlash, shuningdek brend egalari korxonalarida, xususan, ularning ishlab chiqarish maydonchalarida mutaxassislarning malakasini oshirish xarajatlari qoplanadi;
    • mashhur xalqaro brendlar ostida kamida 1 million AQSH dollari miqdorida sanoat mahsulotlari ishlab chiqarishda Jamgʻarmadan moddiy yordam koʻrsatiladi.

    Milliy brendlar roʻyxatiga kiritilgan brend egalari uchun quyidagi xarajatlarning 50 foizigacha qoplanadi:

    • xalqaro standartlashtirish va sertifikatlash tizimlarini joriy etish, shuningdek milliy mahsulotlar va brendlarni (tovar belgilarini) xorijiy vakolatli organlarda roʻyxatdan oʻtkazish;
    • xalqaro savdo maydonchalariga (marketpleyslarga) chiqish, xorijiy davlatlarda “Made in Uzbekistan” koʻrgazma zallarida mahsulotlarni joylashtirish, xorijiy savdo uylarini tashkil etishda xonalarni ijaraga olish;
    • xalqaro koʻrgazmalarda ishtirok etish uchun roʻyxatdan oʻtish, joy ijarasi, koʻrgazma stendlarini tashkil etish va Internetda reklama mahsulotlarini joylashtirish;
    • ishlab chiqarish biznes-jarayonlarini avtomatlashtirish boʻyicha axborot tizimlarini (CRM, ERP, CERM) joriy etish;
    • kamida bir yil muddatga jalb etilgan malakali xorijiy mutaxassislarga ish haqi toʻlash.

    Shuningdek, sanoat tarmoqlarida talab yuqori boʻlgan mahalliy mutaxassislarning tasdiqlangan yoʻnalishlar boʻyicha oʻqishi va malaka oshirishi uchun toʻlov amalga oshiriladi.