Bu haqda 20-avgust kuni Nukusda prezident bilan boʻlib oʻtgan uchrashuvda tadbirkor Farhod Mamajonov maʼlum qildi.
Tadbirkorning taʼkidlashicha, Vodafone kompaniyasi 5G Standalone tarmogʻini oʻrnatadi. Investitsiyalar hajmi 250 million yevroga baholanmoqda, uning ishga tushirilishi 2025-yil boshida kutilmoqda.
“Biz yangi sohada loyiha boshladik. Siz kechagi yigʻilishda raqamlashtirish haqida gapirdingiz. Yashin tezligida ishlash uchun bizga yashin tezligidagi internet kerak. Siz xorijiy brendni jalb qilish boʻyicha koʻrsatmalar berdingiz. Biz dunyodagi nufuzli kompaniyalardan biri Britaniyaning Vodafone kompaniyasi bilan birgalikda Oʻzbekistonda 5G Standalone mobil aloqasini yoʻlga qoʻyish boʻyicha ishlarni boshladik”, — dedi u.
“Hamkor Britaniyaning Vodafone brendi boʻladi. Biz Perfectum kompaniyasini xususiylashtirdik. Buni bank ichida oʻrganib chiqdik, xususiy tadbirkorlarga quyi boʻgʻinda yetib borish uchun internet kerak. Buning uchun Uzcard kompaniyasi bilan hamkorlikda birgalikda inqilobiy rejaga kirishdik — Vodafone kompaniyasi tashkil etiladi. Xudo xohlasa, yangi yilda ishga tushadi”, — deydi tadbirkor.
Tadbirkorning qoʻshimcha qilishicha, Vodafone bozorga kirishdan oldin Oʻzbekistonni, mamlakatdagi iqtisodiy va siyosiy oʻzgarishlarni sinchiklab tekshirgan. Emirates Telecommunications Group Company PJSC (e& — Etisalat and) — BAA texnologik guruhi ham loyihada texnik hamkor sifatida ishtirok etadi.