Bu singari savollar, ayniqsa, media olamiga yangi ishtirokchilar kirib kelayotgani, ichki va tashqi axborot oʻrtasida vujudga kelayotgan turli ziddiyatlar, axborot xurujlariga qarshi preventiv va operativ chora-tadbirlar ishlab chiqish masalalari milliy kontent yaratilishiga tizimli va koʻp tomonlama yondashish masʼuliyatini talab etadi. Bizningcha, quyidagi fikr-mulohaza va takliflarimiz milliy kontent rivojiga maʼlum maʼnoda hissa qoʻshishi mumkin.
Taʼlim va oʻzbek tili milliy kontenti. Milliy kontent, eng avvalo, taʼlim jarayonida oʻz aksini topishi lozim. “Dunyo” axborot agentligi maʼlumotlariga koʻra, butun dunyo boʻylab oʻzbek tilida soʻzlashuvchilar soni 60 milliondan oshadi. Hozir xorijiy davlatlardagi 50 dan ortiq oʻquv yurtida oʻzbek tili oʻrgatilmoqda. Ammo bu oʻzbek tilining milliy va xalqaro nufuzini oshirish uchun yetarli emas. Shu bois, oliy taʼlim muassasalarida “Oʻzbek tili stipendiyasi”ni taʼsis etish talaba-yoshlarning ona tiliga boʻlgan hurmat-ehtiromi va eʼtiborini jonlantirishga muayyan darajada xizmat qilsa, strategik va yaqin hamkor davlatlarning oliy taʼlim muassasalarida oʻzbekologiya fakultetlarini ochish xorijliklar koʻz oʻngida oʻzbek tili, madaniyati va tarixi haqida yorqin tasavvur paydo boʻlishiga yordam beradi.
Oʻz navbatida, xorijning eng nufuzli internet yoki axborot nashrlari elektron saytlaridagi tillar guruhida oʻzbek tili uchun ajratilgan alohida boʻlim deyarli uchramaydi. Milliy oʻzbek tili kontentini nufuzli xorijiy saytlar sahifasida aks ettirish ishlari tegishli tashkilotlar tomonidan oʻzaro kelishilgan holda bosqichma-bosqich ijro etilsa, maqsadga muvofiq boʻlardi.
Oʻzbek tilini oʻrganayotgan xorijliklar uchun Xalqaro oʻzbek tili notiqlik tanlovini oʻtkazish, shuningdek, oʻzbek tili va adabiyotining durdona asarlarini ingliz va boshqa xorijiy tillarga tarjima qiladigan “Vatan” nashriyotini taʼsis etish ham oʻzbek tilining xalqaro axborot maydonidagi oʻrnini mustahkamlashga hissa qoʻshadi.
Milliy media kontent. Oynai jahonda muttasil taqdim etib boriladigan, lekin milliy anʼana va qadriyatlarga yot gʻoyalarni targʻib etayotgan milliy hamda xorijiy kinolar, seriallar, dasturlar faoliyatini taqiqlash vaqti keldi. Buning oʻrniga vatanparvarlik, milliy oʻzlikni anglash, buyuk ajdodlarning boy ilmiy va madaniy merosini tarannum etadigan koʻrsatuvlarni efirlarda kengroq va koʻproq koʻrsatish ayni muddao boʻlardi.
Oʻzbekistonning xorijdagi milliy axborot brendini taʼsis etish lozim. Masalan, Uzbek News Network — UzNN. Unda xorijiy davlatlarda akkreditatsiyadan oʻtgan oʻzbek muxbirlari xalqaro maydonda sodir boʻlayotgan ijtimoiy-siyosiy voqealarni sharhlab borish va boshqa nufuzli kontentlar bilan tajriba almashish imkoniyatiga ega boʻladi. Bu esa istiqbolda milliy kontent boʻyicha professional kadrlar malakasini oshirishda muhim rol oʻynaydi.
Milliy aqliy markazlar. AQSH Federal aloqa komissiyasining sobiq raisi Nyuton Menou bunday degan edi: “Gʻoyalarni amalga oshirish uchun sarflangan 1 dollar mablagʻ bombalar ishlab chiqarish uchun ketgan 100 dollar qiymatiga teng”. Sir emas, Oʻzbekistonda milliy kontent faoliyatini rivojlantirish yoki jamoatchilik fikrini muntazam oʻrganishga ixtisoslashgan aqliy markazlar soni kutilgan darajada yetarli emas. Aynan shu maqsadda dastlab “Milliy kontent” axborot-tahliliy markazini tashkil etish, keyinchalik shunga oʻxshash aqliy markazlar sonini koʻpaytirish yangi gʻoyalar paydo boʻlishiga, soha olimlarining taklif va tashabbuslaridan unumli foydalanishga zamin yaratadi.
Umuman, kundalik hayotimizning asosiy qismiga aylanib borayotgan internet va undan kelayotgan zararli maʼlumotlar milliy oʻzligimizga raxna solishiga mutlaqo yoʻl qoʻyib boʻlmaydi. Bugungi axborot maydonida milliy kontentning yoʻqligi milliy oʻzlikning yoʻqotilishi sifatida baholanishi shart va lozim. Shu bois, axborot xuruji keng avj olayotgan maydonda nafaqat raqobatbardosh milliy kontentni yaratish va u orqali axborot xavfsizligini taʼminlash zarur, balki uni xorijiy axborot resurslarida ham doimiy aks ettirish vazifasi davrimizning kechiktirib boʻlmaydigan talabi hisoblanadi.
Suhrob BOʻRONOV,
siyosiy fanlar boʻyicha falsafa doktori
“Yangi Oʻzbekiston” muxbiri Bahor Xidirova yozib oldi
“Yangi Oʻzbekiston” gazetasi 2024-yil 2-fevral, № 24