Gap tayyor foydali qazilmalarni eski usullarda shunchaki qazib olish haqida bormayapti. Hozir bu tarmoq ancha rivojlangan va yurtimizda geologiya sohasiga soʻnggi yillarda katta eʼtibor qaratilyapti. Sohada zamonaviy texnologiyalar joriy qilinib, yer osti boyliklarini aniqlash, qazib olish va qayta ishlash tamoman yangi bosqichga koʻtarilmoqda, desak mubolagʻa boʻlmaydi.

Davlatimiz rahbari joriy yil 1-avgust kuni foydali qazilmalar zaxirasi va ishlab chiqarish hajmini koʻpaytirishga oid taqdimot bilan tanishar ekan, yurtimiz togʻ-kon sanoatiga ilm-fan va innovatsiyalarning faol joriy qilinishi oʻz samarasini berayotganini taʼkidladi. Xususan, soʻnggi olti yilda kaolin ishlab chiqarish hajmi qariyb 2 barobar koʻpayib, eksport 65 million dollarga yetgan. Shu davrda koʻmir qazib chiqarish hajmi 1,4 barobar oshib, 5,4 million tonnani tashkil qildi. Natijalarning oshib borishida investitsion loyihalarning ulushi ham yuqori. Jumladan, oxirgi yillarda kaolinni qayta ishlash boʻyicha 148 million dollarlik 15 ta yangi loyiha ishga tushgani buning isboti.

Maʼdanlarga boy zamin

Mamlakat iqtisodiyotida geologiya-qidiruv ishlarini samarali tashkil etish sanoatning rivojlanishida asosiy rol oʻynaydi. Bu koʻplab sohalarda mineral xomashyolarga boʻlgan talabning oʻsib borayotgani bilan bogʻliq. Masalan, birgina qora metallni olaylik. Maʼlumotlarga koʻra, yurtimizda bugungi kunda barcha sohalarda yiliga 4 million tonna qora metall ishlatilayotir. 2026-yilga borib ushbu turdagi mahsulotga boʻlgan ehtiyoj 6 million tonnaga yetishi taxmin qilingan. Umumiy metallarga boʻlgan talabning oʻsishi esa mamlakatimizda yiliga 3–5 foiz atrofida baholanmoqda.

Yaʼni, togʻ-kon sanoati mahsulotlariga talab oshib bormoqda va bu jarayon shu tarzda davom etadi. Boshqa tomondan, mavjud zaxiralar kamayib borayotgani ham sohada jiddiy va zamonaviy yondashuvlarni talab etadi. Masalan, mineral xomashyo bazasini rivojlantirish, maʼdanlarni qazib olish va ishlab chiqarishda samaradorlikni oshirish muhim. Jahon ekspertlarining fikricha, insoniyat kelajakda foydali qazilmalarning koʻplab turlari, jumladan, strategik zaxiralarni toʻldirish muammosining jiddiy kuchayishiga duch kelishi mumkin. Bu nafaqat qayta tiklanmaydigan foydali qazilmalarning umumiy kamayib ketishi, balki yetishish qiyin boʻlgan va unumdorligi past konlar, xususan, ularning noanʼanaviy turlarini koʻproq oʻzlashtirish zarurati bilan bogʻliq. Koʻpgina mutaxassislar va yer qaʼri tadqiqotchilari taʼkidlaganidek, mineral resurslar zaxirasini faqat chuqurlikda yashiringan konlarni qazib chiqarish orqali yanada kengaytirish mumkin. Buning uchun esa sohaga ilm-fan va zamonaviy texnologiyalarni faol jalb etish talab qilinadi.

Soʻnggi yillarda soha oldida turgan asosiy maqsadlardan biri ham shu. Bu mamlakatimizning investitsiya faolligini oshirish tendensiyasini saqlab qolishning natijadorligida ham namoyon boʻlmoqda. Gap shundaki, Oʻzbekiston noyob geosiyosiy mavqei, eng boy mineral resurslari, yuksak ilmiy, mehnat va madaniy salohiyati bilan mintaqada alohida sarmoyaviy jozibadorlikka ega. Ona diyorimizda rangli, nodir va qimmatbaho metallar, koʻmir, temir rudalari, qurilish sanoati uchun moʻljallangan noruda xomashyosi konlarida qidiruv ishlari oʻrganilganida, mavjud resurs salohiyatimizga ijobiy baho berilgani ham buni tasdiqlaydi. Ayni vaqtdagi imkoniyatlarimiz mineral xomashyoni chuqur qayta ishlash uchun yuqori rentabelli togʻ-kon sanoati tarmoqlarini yaratish uchun barcha zarur shart-sharoitlarni taʼminlaydi.

Agar oxirgi yillarga nazar tashlasak, yurtimiz togʻ-kon sanoatidagi jadal oʻsishni kuzatish qiyin emas. Tarmoqni zamonaviylashtirib borish hisobiga mineral xomashyolarni qazib olib, ishlab chiqarish bilan birga, geologiya-qidiruv ishlari ham kengayib bormoqda. Kon-metallurgiya sanoati xomashyo bazasini kengaytirish, yangi quvvatlarni ishga tushirish va mavjud korxonalarni rekonstruksiya qilish faollashdi. Natijada bu tarmoqning mamlakat iqtisodiyoti rivojidagi ulushi oshib boryapti. Xususan, hozirgi kunda ushbu soha yurtimiz sanoatidagi umumiy ishlab chiqarishning 10 foizdan ortigʻi, sanoatda band boʻlganlarning esa 8 foizdan ziyodini tashkil etmoqda. Sanoat va ishlab chiqarish fondlarining 10 foizga yaqini shu tarmoqda jamlangan.

Ilmga asoslangan ishlab chiqarish

Yurtimiz kon-metallurgiya majmuasi qator konchilik, boyitish va metallurgiya korxonalari bilan ifodalanadi. Ular orasida “Navoiy kon-metallurgiya kombinati” AJ va “Olmaliq kon-metallurgiya kombinati” AJ muhim oʻrinni egallaydi. Xususan, Olmaliq kon-metallurgiya kombinati mis-molibden, rux-qoʻrgʻoshin, polimetall va oltin tarkibli maʼdanlarni qazib olish va qayta ishlash boʻyicha nafaqat Oʻzbekistonda, shuningdek Markaziy Osiyoda ham mavqeini mustahkamlab bormoqda. Yirik kon-metallurgiya korxonasi mis mahsulotlarini qazib olish va ishlab chiqarish boʻyicha dunyodagi 30 ta eng yirik korxona safidan joy olgan. Mamlakatimizda ishlab chiqarilayotgan sanoat mahsulotining 7 foizi, eksport hajmining 15 foizi mazkur kombinat hissasiga toʻgʻri keladi.

Umuman, ona diyorimiz nodir metallarni qazib olish va ishlab chiqarish boʻyicha ishonchli xomashyo bazasiga ega. Ulardan baʼzilari litiy kabi mustaqil konlarda toʻplangan boʻlsa, boshqalari mis, polimetallar, uran va boshqa foydali qazilma konlaridan komponentlar sifatida olinishi mumkin. Maʼdanlarning har biri sanoatda asqatadi. Masalan, selen va tellurdan asosan yarimoʻtkazgichlar, quyosh batareyalari, termogeneratorlar, poʻlatning maxsus navlari va shisha ishlab chiqarishda foydalaniladi. Reniy esa aviatsiya va kosmik texnika uchun issiqlikka chidamli qotishmalar, elektron qurilmalar va neftni krekinglash uchun katalizatorlar ishlab chiqarishda keng qoʻllaniladi.

Bir soʻz bilan aytganda, yurtimiz mineral xomashyo bazasining hozirgi holati nafaqat mavjud togʻ-kon va qayta ishlash korxonalari quvvatlaridan foydalanishni taʼminlaydi, balki oltin, kumush, mis, kaolin, shpati, fosforli hamda kaliyli oʻgʻitlar va boshqalarni ishlab chiqarishda yangi quvvatlarni yaratishga imkon beradi.

Bu kabi ishlarni amalga oshirish, sohani ilmiy rivojlantirishda salohiyatli kadrlarga boʻlgan talab ortadi, albatta. Birgina Toshkent davlat texnika universiteti misolida oladigan boʻlsak, taʼlim dargohida ushbu sohaga yoʻnaltirilgan Geologiya-qidiruv va kon-metallurgiya fakultetida 16 ta yoʻnalish mavjud. Ularda 3500 dan ortiq talaba tahsil olayapti. Boʻlajak geologlarga 150 dan oshiq ilmiy salohiyatli professor-oʻqituvchilar saboq beradi.

Zamonaviy bilim berish zarurati doimiy yangilanishlarni talab etadi. Geologiya-qidiruv va kon-metallurgiya sohasi ham bundan mustasno emas. Puxta bilim egallab, ertaga oʻz ishining ustasi boʻladigan, boshqalarga ham kasbini oʻrgata oladigan kadrlar tayyorlash oldimizdagi asosiy vazifalardan biri. Buning uchun universitetda bir qator chora-tadbirlar amalga oshirilmoqda. Jumladan, mavjud oʻquv dasturlari qayta koʻrib chiqilib, maxsus fanlarni birmuncha chuqurlashtirib oʻqitish yoʻlga qoʻyildi, ular turdosh mutaxassisliklar ehtiyojlari bilan birlashtirildi. Mutaxassisliklarning oʻziga xos xususiyatini umumlashtiruvchi yagona oʻzaro bogʻliq fanlar ishlab chiqilib, oʻquv dasturlariga joriy etilmoqda. Malakaviy amaliyotlar boʻyicha oʻquv jarayoni jadvaliga oʻzgartirish kiritildi va hokazo.

Sohada amaliyot juda muhim ekani ayon. Universitet oʻquv xonalari va amaliyot laboratoriyalari ayni shu talablarga moslashtirilyapti. Bu borada xorijiy oliy oʻquv yurtlari bilan korporativ aloqalarni yoʻlga qoʻyish ishlari ham jadallashgan. Ular orasida Rossiya Federatsiyasining Moskva davlat geologiya-qidiruv hamda Sankt-Peterburg davlat konchilik universitetlari kabi yetakchi oliy taʼlim muassasalarini alohida taʼkidlash joiz.

Ana shunday ilmiy va zamonaviy yondashuvlar, ilgʻor texnologiyalar yurtimiz geologiya sohasidagi katta, avvalgilaridan bir necha barobar koʻp natijalarga zamin yaratyapti. Zero, bugungi kundagi maqsadimiz yer osti boyliklarimizni qazib olishdangina iborat emas. Ularning tabiiy zaxiralarini yaratish, qayta ishlash, tayyor mahsulot eksportini oshirish va, albatta, sohada malakali kadrlarni tayyorlash ham oldimizdagi muhim vazifalardan.

Sunnatilla GʻOIBNAZAROV,

tyexnika fanlari boʻyicha falsafa doktori (PhD), dotsent.