Ilm-fanga asoslangan iqtisodiyot

    Mazkur ilmiy-texnologik muammolar asosida 189 dan ortiq magistrlik, 70 dan ortiq doktorlik dissertatsiyalari ustida ilmiy izlanishlar olib borildi.

    Yangi asr ostonasiga qadam qo'ygan davrda odamlari zamonaviy axborot texnologiyalari imkoniyatlaridan avvaliga, hayratga tushgan bo'lsa, bugun o'sha “sun'iy intellekt” bilan teng harakatlanishga, uning yordamida yangidan-yangi ishlarni ro'yobga chiqarishga intilmoqda. Davlatlarning kuch-qudrati esa, ularda “raqamli iqtisodiyot”ning nechog'lik rivojlangani bilan belgilanyapti.

    Shunday sharoitda mamlakatimizda ilg'or axborot texnologiyalarini hamma sohalarda faol qo'llash, qo'llaganda ham shunchaki emas, balki har bir jarayonda ilm-fan va ishlab chiqarishni uyg'unlashtirishga qaratilayotgani bugungi erishayotgan yuqori natijalarimizga asos bo'lyapti. Hayotimizning barcha jabhalariga kirib borayotgan “raqamli iqtisodiyot” odamlar turmush sharoitini engillashtirishi barobarida, katta-katta innovatsion ishlanmalar, istiqbolli loyihalarga yo'l ochmoqda.

    Bugun iqtisodiyotimizga ana shunday ilg'or texnologiyalar sohasida chuqur bilim va malakaga ega, ulardan samarali foydalana oladigan zamonaviy mutaxassislar zarur. Buning uchun Prezidentimiz ta'kidlaganidek, mamlakatimizning etakchi oliy o'quv yurtlarida yirik ilmiy-tadqiqot markazlari ham bo'lishi lozim. Zero, universitetlar talabalarga zamonaviy tahsil berish barobarida ularni ilmiy tadqiqotlarga jalb qilish, ilmiy faoliyat olib borishlari, yirik loyihalarni amalga oshirishlari uchun har tomonlama shart-sharoitlar yaratib berishi zarur.

    Bu borada uzoq yillar davomida mudroq holatda bo'lgan ko'plab oliy o'quv yurtlari so'nggi yillarda yangicha hayot tarzi bilan birga uyg'ondi, yon-atrofida kechayotgan islohotlarga mos, yangi O'zbekistonga xos faoliyat ko'rsatishga o'ta boshladi. Islom Karimov nomidagi Toshkent davlat texnika universitetida ham ilmiy-tadqiqot ishlarni yanada rivojlantirish, fan, ta'lim va ishlab chiqarish integratsiyasini mustahkamlash, ilm-fanning ta'lim amaliyoti bilan mustahkam aloqasini ta'minlash, iqtisodiyot tarmoqlarining ilmiy-texnologik muammolarini hal etishga yo'naltirilgan amaliy-ilmiy tadqiqotlar va innovatsion ishlanmalarni yaratish va joriy etish faollashdi. Yangi, zamonaviy ilmiy laboratoriyalar tashkil etish, ulardan samarali foydalanish, iqtidorli talaba-yoshlar safini kengaytirish, bo'lajak olimlarni ilmiy faoliyat bilan shug'ullanishga kengroq jalb etish bo'yicha tizimli rejalar ishlab chiqilib, ular izchil amalga oshirib kelinmoqda. Bu jarayonlarga birinchilar qatorida universitet professor-o'qituvchilari, ilmiy xodimlari bosh-qosh bo'lgani holda, bilimga chanqoq, iqtidorli yoshlarni atrofiga birlashtirib, ularga amaliy yo'l-yo'riqlar ko'rsatayotgani alohida e'tiborga molik.

    Ayni paytda oliy ta'lim muassasasida faoliyat ko'rsatayotgan 18 ta ilmiy-tadqiqot va innovatsiya markazida professor-o'qituvchilar, tadqiqotchilar, yosh olimlar hamda iqtidorli talabalar respublikamiz iqtisodiyoti tarmoqlari va sohalarining ilmiy-texnik rivojlanishiga xizmat qiladigan ustuvor yo'nalishlarda innovatsion ilmiy-tadqiqot ishlarini olib boryapti.

    Universitetda ta'lim, fan va ishlab chiqarishning o'zaro manfaatli hamkorligini tashkil etish, yuqori malakali kadrlar tayyorlash va ularni ish o'rinlari bilan ta'minlash, bunda ayniqsa, ishlab chiqarish korxonalari bilan aloqalarni kuchaytirish maqsadida 7 ta ilmiy-texnik kengashning faoliyati yo'lga qo'yildi. Bugunga qadar tarmoq ishlab chiqarish korxonalari bilan 135 dan ortiq innovatsion korporativ hamkorlik shartnomalari imzolanib, universitetda ularning 746 tadan ortiq ilmiy-texnologik muammolari bazasi tashkil etildi. Talabalar tomonidan mazkur ilmiy-texnologik muammolar asosida 189 dan ortiq magistrlik, 70 dan ortiq doktorlik dissertatsiyalari ustida ilmiy izlanishlar olib borildi. Ikki tomon o'rtasida yaratilgan o'zaro hamkorlik manfaatli loyihalar, yaxshi g'oyalarga yo'l ochdi. Bu jarayonda universitet olimlari sa'y-harakati bilan 200 ga yaqin ishlanmadan iborat katalog yaratildi. Ular kompakt disklarga joylashtirilib, korxona va tashkilotlarga elektron shaklda taqdim etildi.

    Prezidentimizning 2019-yil 8-oktyabrdagi “O'zbekiston Respublikasi oliy ta'lim tizimini 2030-yilgacha rivojlantirish kontsepsiyasini tasdiqlash to'g'risida”gi farmonida belgilab berilgan vazifalar ijrosini ta'minlash maqsadida ayni kunda oliy ta'lim muassasalarida ta'lim, fan, innovatsiya va ilmiy-tadqiqotlar natijalarini tijoratlashtirish faoliyatining uzviy bog'liqligini nazarda tutuvchi “Universitet 3.0” kontseptsiyasini bosqichma-bosqich joriy etish ishlari amalga oshirilmoqda.

    Olib borilgan tizimli ishlar natijasida universitet professor-o'qituvchilarining xalqaro Scopus ma'lumotlar bazasiga kirgan jurnallarda chop etilgan maqolalari 2018-yilga (31 ta) nisbatan 2020-yilda (335 ta) 11 marttaga oshdi. Ilmiy faoliyatimizning ko'rsatkichi sifatida xalqaro QS tashkiloti tomonidan 2021-yil uchun “Rivojlanayotgan Evropa va Markaziy Osiyo davlatlari” uchun e'lon qilingan reytingda Toshkent davlat texnika universiteti (358) O'zbekiston bo'yicha 3-o'rinda qayd etildi.

    Istiqbolli g'oya — muvaffaqiyat kaliti

    Innovatsion g'oya, aniq maqsadlarga yo'naltirilgan ilmiy ishlanmalar shunchaki qog'ozda qolib ketmaydi. Albatta, ishlab chiqarish jarayonlariga yo'naltirilib, hayotga tatbiq etiladi. Texnika universitetida o'tgan yili 21 ta mavzuda qiymati 2 418,71 million so'mlik xo'jalik shartnomalari asosida ilmiy-tadqiqot ishlari bajarildi. Navoiy kon-metallurgiya kombinati bilan qiymati 1 milliard so'mdan ortiq bo'lgan 3 ta, Olmaliq kon-metallurgiya kombinati bilan qiymati 280 million so'mlik 1 ta, “O'zbekneftegaz” AJ bilan qiymati 102 million so'mlik 2 ta, “Uz truck & Bus Man” korxonasi bilan qiymati 40 million so'mlik 1 ta, “Qizilqumgeologiya” korxonasi bilan qiymati 600 million so'mlik 1 ta loyiha va boshqa korxonalarda qator ilmiy ishlar tijoratlashtirilmoqda.

    2020-yil 3-dekabr kuni Prezidentimiz raisligida o'tkazilgan videoselektor yig'ilishida Toshkent davlat texnika universiteti oldiga qo'yilgan vazifalardan kelib chiqib, “Issiqlik elektr stantsiyalari” AJ, “Navoiyazot” AJ, “Farg'onaazot” AJ, “O'zsanoatqurilishmateriallari” uyushmasi tarkibidagi korxonalari buyurtmalari asosida mavjud texnologiyalar doirasida energiya tejamkorlikni ta'minlash nuqtai-nazaridan jarayonlarni optimallashtirish hamda “Muborak”, “SHo'rtan” va “Gazli” neft`-gaz konlarida yo'ldosh gazlarda ishlovchi kichik quvvatli issiqlik elektr stantsiyalarini ishga tushirish bo'yicha ilmiy-tadqiqot ishlari yo'lga qo'yilyapti. Bu borada 14 ta loyihani amalga oshirish bo'yicha aniq takliflar berildi.

    Bugungi kunda universitet kafedralarida olib borilayotgan umumiy qiymati 20,543 milliard so'mlik 45 ta innovatsion ilmiy-tadqiqot ishlarining ma'lumotlar banki yaratilgan. Shu bilan birga, yirik sanoat korxonalaridagi respublikamiz iqtisodiyotining istiqbolli texnologik rivojlanishining texnik va tashkiliy muammolarini qamrab olgan 63 ta innovatsion loyihaning ro'yxati shakllantirilgan.

    Oliy o'quv yurtida tashkil etilgan “G'oya-tashabbus-imkoniyat” innovatsion klubida bo'lajak olimlar takliflarini qo'llab-quvvatlash bo'yicha samarali platforma yaratildi. Unda universitet yosh olimlari va talabalarining ilmiy g'oyalari asosida ishlab chiqilgan 59 ta startap loyiha tanlab olinib, shulardan kafedralarda faoliyat olib borayotgan innovatsion guruhlarda yaratilgan 23 ta hamda 12 ta startap loyihalalar ishlab chiqarish uchun tayyor holatga keltirildi. Akseleratsiya bosqichidan o'tkazilgan 15 ta va boshqa yana 20 dan ortiq startap loyiha ustida esa izlanish ishlari davom etmoqda. Hisob-kitoblarga ko'ra, ushbu startap loyihalarni amalga oshirish uchun 14 milliard 750 million so'm mablag' zarur bo'lib, buning natijasida 780 ta yangi ish o'rni yaratish mumkin bo'ladi.

    Ixtiroga aylanayotgan loyihalar

    Jahon tajribasiga nazar tashlasak, bugungi kunda barcha tarmoqlar qatori oliy o'quv yurtlari ham raqamlashib bormoqda. Talabalarning startap loyihasi asosida yaratilgan “QR-book” raqamli kutubxona “Raqamli universitet” tizimiga qo'yilgan ilk qadamlardan bo'ldi. Mazkur tizim raqamli kartoteka va statistik ma'lumotlarni jamlash imkoniga ega maxsus “Avtolib” avtomatlashtirilgan dasturidan iborat.

    Zamonaviy raqamli kutubxona tizimi universitetda sinovdan o'tkazilib, axborot–resurs markazida test rejimida ishga tushirildi. Shuningdek, u ko'p sonda ishlab chiqarilib, respublikamizdagi boshqa oliy o'quv yurtlariga ham yetkazib berildi. Hozirgi paytda tizim bazasiga kiritilgan 4 mingdan ortiq elektron o'quv adabiyotlaridan talabalar faol foydalanmoqda. Ayniqsa, pandemiya sharoitida joriy etilgan masofadan o'qitish jarayonlarida bu tizim yoshlarning o'quv adabiyotlaridan foydalanish imkoniyatlarini oshiryapti, desak mubolag'a bo'lmaydi.

    Ilm-fan va innovatsiyalarni rivojlantirish, ularning yutuqlarini yuqori qo'shimcha qiymatga ega mahsulotga aylantirish jarayonida intellektual mulkning ishonchli himoya qilinishi alohida ahamiyat kasb etadi. Ma'lumotlarga ko'ra, intelektual mulk ulushi Yevropada yalpi ichki mahsulotning 45, Xitoyda 12, Rossiyada 7 foizini tashkil etadi. 2020-yilning 12-oktyabr kuni Prezidentimiz raisligida bo'lib o'tgan yig'ilish ham “Intellektual mulkni himoya qilish – Uchinchi uyg'onish davri uchun ishonchli poydevor bo'lib xizmat qiladi” mavzusiga bag'ishlangan edi. O'shanda davlatimiz rahbari patent egalari va tadbirkorlar o'rtasidagi hamkorlikni ta'minlash zarurligiga alohida e'tibor qaratdi.

    Bu yo'nalishdagi o'zgarishlar, yangiliklar olimlarni yangidan-yangi ixtirolar qilishga undayapti. O'tgan yili ToshDTU professor-o'qituvchilari va olimlari tomonidan olib borilgan ilmiy-tadqiqotlar natijalari bo'yicha 26 ta ixtiro va foydali model uchun patent va 67 ta YeHM uchun dasturga guvohnomalar olingan. Intellektual mulk ob'ektlariga patent berish uchun qo'shimcha 14 ta ijobiy xulosa berilib, 85 ta talabnoma Intellektual mulk agentligiga topshirilgan.

    Bu boradagi yangiliklardan yana biri sifatida tijoratlashtirish va ilmiy loyihalar uchun biznes inkubator yaratish maqsadida universitet negizida ilmiy-amaliy va ishlab chiqarish “Texnopark”ining barpo etilayotganini keltirish mumkin. 2020-yil 26-oktyabr kuni Prezidentimiz Toshkent shahrida qurilish sohasidagi loyihalar taqdimoti bilan tanishishi chog'ida mazkur “Texnopark”ni barpo etish loyihasi ham taqdim etilgan edi. Ayni paytda universitetda “Robototexnika va mexatronika”, “IT-texnologiyalari”, “Muqobil energetika” va “Biotexnologiya” yo'nalishlarida bajarilayotgan innovatsion loyihalar asosida tegishli kafedralar tomonidan zamonaviy texnoparkda tashkil etiladigan o'quv, amaliyot, ishlab chiqarish xonalari va ularda o'rnatiladigan uskunalar hamda jixozlar to'g'risida ma'lumotlar bazasi yaratildi.

    Bu sa'y-harakatlarning barchasi universitetda nafaqat bilim olish, balki o'z salohiyatini ishlab chiqarish jarayonlariga tatbiq eta oladigan, mamlakatimiz iqtisodiyoti rivojiga munosib hissa qo'shadigan yoshlarni tarbiyalashga qaratilgan. Bunday rag'bat, xayrli ishlardan oliy o'quv yurtida 30 ta ixtisoslik bo'yicha faoliyat olib borayotgan 154 nafar tayanch doktorant va doktorantlar ham chetda qolayotgani yo'q. Ularning ilmiy-tadqiqot ishlari bilan shug'ullanishlari uchun moddiy shart-sharoitlar yaratish hamda mehnat faoliyatini yanada rag'batlantirish maqsadida muhim ilmiy yutuqlarga erishgan 15 nafar doktorant ishlab chiqarish korxona va tashkilotida tadqiqot ishlarini davom ettirmoqda.

    Universitetda ishlab chiqarish sohasidagi malakali mutaxassislardan 76 nafari dars jarayonlariga, 48 nafari bitiruv malakaviy ishlari va magistrlik dissertatsiyalariga ilmiy rahbarlik hamda maslahatchilikka jalb etildi.

    Ishlab chiqarish korxonalari va ilmiy tadqiqot institutlarida universitet mutaxassislik kafedralarining 52 ta filiali tashkil etilib, dars jarayonlari yo'lga qo'yildi. Oxirgi 3 yilda respublikadagi ishlab chiqarish korxonalari va ilmiy tadqiqot institutlarining 790 dan ortiq ilmiy-texnologik muammolari bazasi yaratilib, ular asosida yo'lga qo'yilgan 1024 dan ortiq bitiruv malakaviy ishlari va 70 dan ortiq magistrlik dissertatsiyalari ustida ilmiy izlanishlar olib borilmoqda.

    Har yili universitetni davlat granti va to'lov shartnomasi asosida tamomlagan bitiruvchilarning 80 foizi respublikamizdagi ishlab chiqarish korxonalari va ilmiy-tadqiqot institutlarida o'z faoliyatini olib boradi. eng yaxshi an'analarni davom ettirayotgan bunday yoshlar, shubhasiz, kelajagimiz poydevori, mamlakatimiz taraqqiyotining yetakchi kuchi, Uchinchi Renesans bunyodkorlaridir. Ular yaratayotgan ixtiro, kashfiyotlar esa iqtisodiyotimiz taraqqiyotiga, Vatanimiz ilmiy salohiyatining dunyodagi nufuzini oshirishga xizmat qiladi.

    Sadriddin TUROBJONOV,

    Islom Karimov nomidagi Toshkent davlat texnika

    universiteti rektori, professor