Ilm olamining vijdoni

    Ustoz Naim Karimovni yod etib

    Mana shu o'tayotgan haftaning seshanba kuni menga filologiya fanlari nomzodi, dotsent Mohira Rahmonova telefon qilib, ustoz Naim Karimov vafot etganini aytdi. Qalbim larzaga keldi desam aslo mubolag'a qilmagan bo'laman, chunki akademik Naim Karimov bilan to'qsoningchi yillarning o'rtalaridan bordi-keldimiz bor edi. Unda men endigina ilmiy faoliyat borasida birinchi odimlarni qo'yayotgan edim. Naim aka u vaqtda Alisher Navoiy nomidagi Til va adabiyot institutida XX asr adabiyoti bo'limining mudiri bo'lib ishlardilar.

    Institutda u vaqtda o'zbek adabiyotshunosligining darg'alari akademiklar Matyoqub Qo'shjonov, Izzat Sulton, Baxtiyor Nazarov, To'ra Mirzaev, professorlar Abduqodir Hayitmetov, Suima G'anieva, Abdurashid Abdug'ofurov, Ibrohim Haqqulov va boshqalar ishlar edi. Mana shu olimlarning ichida Naim Karimov yoshlarga katta e'tibor berishi bilan ajralib turardi. Men ishlagan IIV Akademiyasining o'zbek tili va adabiyoti kafedrasi o'qituvchisi Turobjon Irisboevning ilmiy rahbari Naim aka edi. Do'stimizni to himoyaga chiqmaguncha bezovta qilib, yaxshi ma'noda tinchlik bermagandilar. Bo'lmasa ularga nima? Himoya qilsa qilsin, yoki yo'q. Naim Karimov shogirdi ishni yakunlamagunicha va himoyaga chiqmagunicha xoli joniga qo'ymaganlar. Mana bu voqeaga ham roppa-rosa yigirma ikki yil bo'libdi.

    Biz shogirdlar Naim Karimovning suhbatlariga mushtoq edik. To'g'ri-da, adabiyotimizning darg'alari Abdulla Qahhor, Oybek, G'afur G'ulom va Maqsud Shayxzodani xoli hayotligida ko'rgan, suhbatlaridan bahramand bo'lgan, ilmiy mushohadalarga kirishgan, kerak bo'lsa bahslashgan Naim aka yoshlar uchun bitmas tuganmas bilim manbai edi. Men ularning ilmiy faoliyatlariga to'xtalmoqchi emasman, sababi u kishi mamlakatimizda olib borgan ma'naviy-ma'rifiy ishlar haqida gapirmoqchiman. Naim aka o'z umri davomida juda katta savobli ishlarni amalga oshirdilar: istiqlolning dastlabki kunlaridan boshlab so'nggi nafasigacha o'zbek adabiyotining qatag'onga uchragan qatlami jadidlarni oqlash va xalqimizga qaytarish ishlari bilan shug'ullandilar.

    Saksoningchi yillarning oxirida boshlangan bu muhim ishlar qattiq qarshiliklarga uchragan. Faqat istiqlol bunday qarshiliklarga chek qo'ydi. Istiqlolning dastlabki yillari xavfsizlik organlarining arxivlari olimlar uchun ochilganda, birinchilardan bo'lib Naim Karimov u erda ishlab kerakli noyob materiallarni qo'lga kiritgan. Ayniqsa u kishi tarixni buzib ko'rsatuvchilarga qarshi ayovsiz kurashdi.

    Fotihaga kelgan adabiyotshunos olimlar Naim akaning juda boy ilmiy merosi haqida gapirishdi va iloji boricha uni ilmiy tadqiqotlarda foydalanishga yo'naltirish kerak deyishdi. O'zbekiston Respublikasi IIV Akademiyasida ishlab yurgan kezlarim, men Naim akani qatag'on qurbonlariga atalgan tadbirga taklif etganman. Ovozlari sal pastroq bo'lgani uchun tinglovchilar jim bo'lib u kishining ma'ruzasini tinglashdi. Naim aka Cho'lpon haqida gapirayotganida, E'tibor bersam, ustoz ham yig'lab ma'ruza qilyapti, tinglovchilar ham ko'zlari to'la yosh tinglashyapti.

    O'zbekiston Respublikasi Jamoat xavfsizligi universitetida ishlagan vaqtimda Temurbeklar maktabi harbiy akademik litseyida Usmon Nosir tavalludining 110 yilligi munosabati bilan o'tkazilayotgan tadbirga yana atoqli akademikimizni taklif etdik. U kishi muborak to'qson yoshda bo'lib, ularni ehtiyotlab, avaylab tadbirni o'tkazdik. Xuddi Akademiyada bo'lganidek, yana ma'naviyat va ma'rifat markazi suv quygandek jimjit, yana Naim Kearimovning past ovozda ma'ruza o'qishi. Bu gal o'quvchi yoshlar uzoq vaqt qarsaklari bilan ustozni davradan qo'yib yuborishmadi.

    Akademik litseyi jamoasi akademik Naim Karimovga o'z minnatdorchiligini boshqacha izhor etishdi. O'quvchilar noyob iste'dod sohibi, o'ttizinchi yillarda stadionlarni muxlislari bilan limmo-lim qilgan shoir Usmon Nosir hayotidan lavhalar sahnada ijro etib berishdi. Bu sahnalarni ular Naim Karimov qalamiga mansub “Usmon Nosirning so'nggi kunlari” hujjatli qissasidan olishgandi. Bu holat akademik Naim Karimovga juda manzur bo'lgan edi.

    Olim tarixiy faktlarni bilmay turib, mish-mishlarga tayanib, ilmiy faktlarga asoslanmagan ma'lumotlarni mushohada qilishni yoqtirmas edi. Bunday vaqtda yoshlarini hisobga olib, bahslashmasdan, sekingina davradan chiqib ketardilar. Ustoz harbiylarga boshqacha mehr bilan qarardilar va hamisha tadbirlarda boshqa ishlarini yig'ishtirib ishtirok etardilar.

    Akademik Naim Karimov haqida ko'p va xo'p gapirish mumkin, lekin u kishining o'zbek xalqiga qilgan beminnat xizmatlarini so'z bilan ifqodalab bo'lmaydi. Ustozimizning yorqin xotirasi biz shogirdlar qalbida mangu yashaydi. U kishidan qolgan ilmiy meros yosh adabiyotshunoslar uchun tadqiqot manbai bo'lib xizmat qilishiga ishonchitmiz komil.

    To'lqin SAYDALIEV,

    filologiya fanlari nomzodi, dotsent, iste'fodagi podpolkovnik