Jahonning taraqqiy etgan davlatlari tajribasi har qanday iqtisodiy tanglikni, avvalo, ilm-fan yutuqlari va innovatsiyalarni keng qo'llash orqali bartaraf qilish hamda rivojlanishga erishishni ko'rsatmoqda. Ilm-fan va innovatsion ishlanmalar – rivojlanayotgan har bir davlatning bugungi kuni va kelajagini belgilaydigan muhim omilga aylanganligi bejizga emas. Zero, AQSH, YAponiya, Germaniya va Janubiy Koreya kabi mamlakatlar iqtisodiyotidagi rivojlanishlar buning yaqqol isbotidir. Muhimi shundaki, iqtisodiy va ijtimoiy yuksalishning asosiy omillari bo'lgan bu jarayonlar tobora takomillashib boryapti.
Keyingi yillarda muhtaram Prezidentimiz rahbarligida O'zbekistonni rivojlangan davlatlar qatoriga olib chiqishdek yuksak maqsad yo'lida keng qamrovli islohotlar amalga oshirilmoqda. Mamlaktimizda milliy iqtisodiyotimizni innovatsion usulda taraqqiy ettirish eng dolzarb vazifaga aylandi. SHiddat bilan o'zgarayotgan zamon ilm-fan va innovatsiyani yangi bosqichga ko'tarishni talab qilmoqda. Bugun qaysi sohada bo'lmasin, eng ilg'or innovatsion g'oyalarni boshqalardan ko'ra tezroq joriy qilganlar muvaffaqiyatlarga erishayotganligi ayni haqiqatdir.
Mamlakatimiz kon-metallurgiya sanoati keyingi yillarda jadal rivojlanmoqda. Qizilqumning bepoyon kengliklari qa'ridagi qimmatbaho metallarni qazib olishning davlatimiz iqtisodiyotini mustahkamlashdagi ahamiyatini e'tiborga olgan holda, sohaga daxldor dolzarb masalalarni hal etishda ilm-fan va ishlab chiqarish hamkorligini mustahkamlash, innovatsion faoliyatni rivojlantirishga e'tibor qaratish juda muhimdir. Zotan, ilm-fan yutuqlari, innovatsion texnologiyalar mahsulot sifatining oshishi, tannarxining kamayishi va raqobatbardosh bo'lishiga olib keladi.
Navoiy kon-metallurgiya kombinati zamonaviy texnika va texnologiyalar bilan jihozlangan, ilmiy salohiyat potentsiali yuqori bo'lgan yirik korxona sifatida bunday muhim masalalarni hal qilish imkoniyatiga ega. Kombinatda yangi texnologiyalarni joriy etish, energiya tejash, ishlab chiqarishni modernizatsiya qilish va uning samaradorligini oshirish sohasida salmoqli ilmiy-amaliy natijalarga erishilmoqda.
Bugungi kunda o'zgaruvchan bozor talabi har bir korxonaning innovatsiyalarga asoslangan rivojlanish strategiyasiga ega bo'lishini taqozo etmoqda. Kombinatda 2026 yilga qadar oltin va uran kabi qimmatbaho metallarni qazib olish va qayta ishlash samaradorligini oshirish, ishlab chiqarish xarajatlarini kamaytirish va eksport mahsulotlari hajmini kengaytirish uchun etarli shart-sharoit yaratish imkonini beruvchi 105 ta innovatsion loyihani o'z ichiga olgan Innovatsion rivojlanish dasturi qabul qilindi. Hisob-kitoblarga ko'ra, yuqorida qayd etilgan loyihalarning amalga oshirilishi 1 trillion 267 milliard so'm iqtisodiy samara beradi. Dasturda mineral zaxiralarni baholashning zamonaviy usullari, ularni integratsiyalashgan va iqtisodiy jihatdan oqilona qazib olish, atrof-muhitni muhofaza qilish va ish jarayoni xavfsizligini hisobga olgan holda, qazib olishning zamonaviy usullarini va oltin qazib olish hajmini oshirish bo'yicha eng yangi texnologiyalarni joriy etish ko'zda tutilgan. Mashinasozlik va metallurgiya sohasida yangi turdagi materiallarni ishlab chiqish va uni rivojlantirish, shuningdek, texnologik uskunalar va ehtiyot qismlarni mahalliylashtirish rejalashtirilgan. Bu ishlarni muvofiqlashtirish borasida kombinatning Innovatsiya markazi O'zbekiston Fanlar akademiyasining ilmiy-tadqiqot institutlari va oliy o'quv yurtlari bilan samarali faoliyat olib bormoqda. Jumladan, joriy yilda kombinat bilan O'zFAning YAdro fizikasi, Ion-plazma va lazer texnologiyalari institutlari, "O'zGEORANGMETLITI" DUK, Islom Karimov nomidagi Toshkent davlat texnika universiteti, Navoiy davlat konchilik instiuti kabi hamkorlarimiz bilan 41 ta yo'nalishda ilmiy-tadqiqot ishlari olib borilmoqda. Ularni tatbiq etish uchun 26 milliard 181 million so'mlik shartnomalar imzolangan.
So'nggi yillarda kombinatda qimmatbaho metallar ishlab chiqarish hajmini oshirishga maqsadida uzoq muddatga mo'ljallangan strategiya asosida aniq natija beradigan ilmiy-tadqiqot va tajriba-konstruktorlik ishlari yo'lga qo'yilyapi, energiya va resurslarni tejaydigan texnologiyalar yangi ishlab chiqarish quvvatlari ishga tushirilyapti. Ilm-fan yutuqlari va innovatsion loyihalarni doimiy ravishda joriy etish orqali ishlab chiqarish samaradorligini oshirish erishilayotgan muvaffaqiyatlarimiz garovi bo'lyati.
Kombinat o'z sohasining etuk bilimdonlari bo'lgan ilmiy-tadqiqotchi va malakali muhandis kadrlarga ega. Korxonada mehnat qilayotgan 10 ming nafardan ortiq oliy ma'lumotli mutaxassislarning 9 nafari fan doktori va 27 nafari fan nomzodidir. Markaziy ilmiy-tadqiqot laboratoriyasi, Markaziy konstruktorlik byurosi, Markaziy loyihalashtirish byurosi, SHimoliy kon boshqarmasining Markaziy fizik-kimyoviy laboratoriyasi, 2 va 3-gidrometalurgiya zavodlarining markaziy laboratoriyalarida ilmiy-tadqiqot ishlari olib borilmoqda.
Kombinat mutaxassislarining keyingi yillardagi muvaffaqiyatli innovatsion loyihalaridan biri – 3-gidrometallurgiya zavodida sorbtsiyalash jarayoni chiqindilarini yuqori samarali kuydirish texnologiyasiga asoslangan yangi majmuaning ishga tushirilishi bo'ldi. Bu texnologiyaning joriy etilishi natijasida xomashyodan oltin ajratib olish darajasi 8 foizga, qimmatbaho metall ishlab chiqarish 11 foizga oshdi. Aniqroq aytganda, sul`fidli rudalarni qayta ishlash jarayonida chiqindiga chiqib ketadigan metall miqdorini ikki baravardan ko'proqqa kamaytirishga erishildi. Bu muvaffaqiyatga qanday yuzaga keldi? Albatta, yangi innovatsion yondashuv evaziga. Mutaxassislarimizning “Tarkibida oltin bo'lgan, qayta ishlanishi qiyin sul`fidli rudalardan oltin ajratib olish usuli” mavzusida olib borgan ilmiy izlanishlari natijasida O'zbekiston Intellektual mulk agentligidan patent olindi. Mazkur ixtiro BMTning Butunjahon Intellektual mulk tashkiloti tomonidan tan olinib, oltin medal bilan taqdirlandi. Bu texnologik jarayonni amalga oshiradigan jihoz va usunalar uchun “ENGINEERING DOBERSEK GmbH” kompaniyasi mutaxassislari bilan birgalikda Germaniyada xalqaro patent olindi. Mazkur texnologiyaning 3-gidrometallurgiya zavodida tadbiq etilishi oltin ajratib olish hajmining sezilarli darajada oshishiga olib keldi.
Prezidentimiz raisligida 3 dekabr` kuni ilm-fan va innovatsiyani rivojlantirish borasida oliy ta'lim muassasalari, ilmiy tashkilotlar, tarmoq va hududlar oldidagi ustuvor vazifalar muhokamasi yuzasidan o'tkazilgan videoselektor yig'ilishda Navoiy kon-metallurgiya kombinatida yig'ilib qolgan bir necha milliard tonna texnogen chiqindilarni qayta ishlab, qo'shimcha oltin, kumush kabi qimmatbaho metallar olish bo'yicha ko'rsatmalar berildi. Kombinatda bu borada keng ko'lamli ishlar amalga oshirilmoqda.
Ma'lumki, bugungi kunda dunyo bo'yicha texnogen chiqindilarni qayta ishlash muammolari dolzarb masalalardan biriga aylangan. Birinchidan, ular ekologiyaga katta zarar etkazadi. Ikkinchidan, xomashyoning kamayib ketayotganligi. Uchinchidan, xomashyo tarkibidagi qimmatbaho metallarni to'liqroq ajratib olish kabi masalalar uning nechog'lik muhimligini ko'rsatmoqda. Mutaxassislarimiz olimlar bilan hamkorlikda mazkur muammolar echimi bo'yicha yangi texnologiyalarni yaratishga muvaffaq bo'lishdi.
Xususan, uyumdan eritmaga o'tkazish tsexi hududida har tonnasida 0,6 gramm oltin bo'lgan 300 million tonnadan ko'proq texnogen chiqindilar to'planib qolgan edi. Kombinat tomonidan texnogen chiqindilarni qayta ishlash bo'yicha dunyo amaliyotida bo'lmagan, noyob investitsion loyihani amalga oshirish boshlandi. Bu borada Rossiyaning “Irgiredmet” ilmiy-tadqiqot instituti bilan hamkorlikda texnogen chiqindilarni qayta ishlash bo'yicha texnologik reglament ishlab chiqildi. Investitsion loyihaga ko'ra, yiliga 15 million tonna texnogen chiqindilarni qayta ishlash quvvatiga ega 7-gidrometallurgiya zavodi barpo etilmoqda. Joriy yilda zavodning muddatidan oldin ishga tushirilgan 4 ta tegirmonida 10 million tonna ma'dan qayta ishlanadi. 2021 yilda zavod to'liq quvvatga erishgandan so'ng texnogen chiqindilarni qayta ishlashi hisobiga yiliga 7,5 tonna oltin olinadi. Mazkur hududda to'planib qolgan chiqindilarni 20 yil davomida qayta ishlanishi natijasida qancha nodir metall olinishini hisoblash qiyin emas. Bu oz emas, ko'p emas — 150 tonnani tashkil etadi!
SHuningdek, 1958 yildan to 1991 yilgacha Uchquduq sanoat hududida uran konini ochiq usulda o'zlashtirish oqibatida tarkibida uran bo'lgan 1 milliard 400 ming kub metr chiqindi uyumlari hosil bo'lib, u 237 ming kvadrat metr maydonni egallagan edi. Bu muammoni hal etish maqsadida mutaxassislarimiz tomonidan ilmiy-tadqiqot ishlari olib borildi. CHiqindilarni qayta ishlash va hudud ekologik muhitini yaxshilash maqsadida “Radioaktiv kon ag'darmalarini rekul`tivatsiya qilish usullari” mavzusidagi tadqiqot ishiga O'zbekiston Intellektual mulk agentligidan patent olindi. Natijada SHimoliy kon boshqarmasi geotexnologik konida tarkibida uran metali mavjud chiqindilarni rekul`tivatsiya qilish uchastkasi tashkil etildi. Uchastka foydalanishga topshirilgandan buyon 636 ming tonna chiqindidan uran ajratib olindi va katta hudud rekul`tivatsiya qilindi. Bu hol iqtisodiy samara berishi bilan bir qatorda, ekologik muhitning yaxshilanishiga imkon yaratdi.
Kombinatning ko'pming kishilik jamoasi qo'lga kiritayotgan bunday yutuqlar yangilanayotgan O'zbekiston iqtisodiyotini yanada mustahkamlashga qaratilgan. Ulkan korxonamizda tarkibida qimmatbaho metallar bo'lgan rudalarni qazib olish va qayta ishlash hajmining yildan-yilga oshib borishi birinchi navbatda ishlab chiqarish jarayonlariga ilm-fan yutuqlari va yangi innovatsion ishlanmalarning keng joriy etilayotganligi samarasidir. Bu davr talabi. Kombinatning salohiyatli jamoasi kelgusida ham iqtisodiy yuksalish omili bo'lgan bu boradagi ishlarni izchil davom ettiraveradi.
Quvondiq SANAQULOV,
Navoiy kon-metallurgiya kombinati bosh direktori