Ushbu ta’lim maskanida 2000-yilda ikki yarim ming talab tahsil olgan bo‘lsa, bugungi kunda bu ko‘rsatkich sakkiz yarim mingga yetdi. Talabalarga 300dan ziyod malakali pedagog ta’lim berib kelayapti.
Ularning 29 nafari fan doktori, 121 nafari fan nomzodi ilmiy darajasiga ega.
Universitetning ta’lim sifatini nazorat qilish bo‘limi boshlig‘i, pedagogika fanlari doktori, professor Saodat Bozorova tanlagan kasbi orqali hurmat qozongan va o‘zini baxtli olima ayollar safida ko‘radigan soha vakillaridan biri.
— Ushbu ta’lim dargohida 1982 yilda faoliyat boshlaganman va qirq yildan ziyod vaqt davomida talabalarga dars berib kelaman. Bu yerga kelganimning dastlabki kunlarida laboratoriya jihozlarining eskiligini ko‘rib, gohida afsuslanganman. Sababi, o‘sha yillari ilmiy tadqiqot yuritish uchun ushbu ta’lim maskanida yetarli sharoit yo‘q edi. Ilmiy ishim uchun zarur laboratoriya jihozlari u vaqtda faqat xorijda bo‘lib, chet elga chiqish men uchun deyarli imkonsiz bo‘lgan. Shuning uchun ham ilmiy ish qilish, tadqiqotlar o‘tkazish juda ham mashaqqat edi. Pedagoglar jamoamiz ayollaridan bor-yo‘g‘i bir nafari ilmiy darajaga ega bo‘lib, qolganlari katta o‘qituvchi sifatida faoliyat olib borardi. Oradan yillar o‘tdi, tabiiyki, ko‘p narsa o‘zgardi. Bugun u holatlar tush kabi o‘tmishda qoldi. O‘tgan yillar davomida ta’lim muassasalariga e’tibor kuchaydi, moddiy-texnik bazasi yaxshilanib, laboratoriyalar zamonaviy jihozlandi. Shunday imkoniyatlardan foydalanib fan doktori, professor ilmiy darajasini olishga erishdik, – deydi Saodat Bozorova.
Albatta, ilmiy izlanishlar uchun imkoniyatlar kengayishi bevosita universitetning moddiy-texnik bazasi bilan bog‘liq. Raqamlar misolida tahlil etadigan bo‘lsak, universitetda 2018 yilda ilmiy himoya ishlari soni 17 tani tashkil etgan bo‘lsa, 2021 yilda 26 ta, o‘tgan yil esa 40 taga yetdi. Universitet olimlari tomonidan intellektual mulkka egalik bo‘yicha 12 ta patent olindi. Xalqaro ilmiy hamkorlik masalasiga ham alohida e’tibor qaratildi. Oliy o‘quv yurtida tahsil olish istagidagi yoshlar soni ortdi, ilmiy tadqiqotlar bo‘yicha izlanayotgan pedagoglar safi yanada kengaymoqda.
19 gektar yer maydonini egallagan universitet hududining 60 foizi laboratoriyalardan iborat. Bu esa nafaqat egallangan nazariy bilimlarni amaliyotda mustahkamlash uchun qulay, balki ilmiy-tadqiqot uchun ham ayni muddao. Yangilik yaratishga qodir, kashfiyotlar ustida ishlayotgan, mamlakatimiz tog‘-kon sanoati rivoji uchun munosib hissa qo‘shish maqsadida tinimsiz izlanish olib borayotgan talabalar, yosh olimlarni ham aynan shu ta’lim dargohida ko‘rish mumkin. Oybek Mustafoyev sohaga bo‘lgan qiziqishi, shijoati bois bugun ko‘plab talabalarga o‘rnak. Yaratilgan imkoniyatlardan oqilona foydalana olgan yosh mutaxassis bugun texnika fanlari bo‘yicha falsafa doktori ilmiy darajasiga ega.
— Universitetimizda ilmiy-uslubiy ishlar va tadqiqotlar uchun barcha imkoniyatlar yetarli. Sohadagi o‘n yillik faoliyatim davomida bu ta’lim maskanida ko‘plab yutuqlarga erishdim, jumladan, yaqinda doktorlik dissertatsiyasini yoqladim. Ayni vaqtda xorijda malaka oshirishni maqsad qilganman va yangi ilmiy ishlarni boshlash arafasidaman. Buning uchun imkon ham, rag‘bat ham bor, — deydi yosh olim Oybek Mustafoyev.
Universitetda ustoz-shogird an’anasi muvaffaqiyatli yo‘lga qo‘yilgani ham o‘zining ijobiy samarasini bermoqda. Kasb mashaqqatini boshdan kechirgan, ilmiy darajaga ega bo‘lish uchun yillab tinimsiz izlanib, erishish mushkul natijani kutishga majbur bo‘lgan pedagoglarning hayot yo‘li yoshlarga ibrat aslida. Hayot haqiqati bugungi imkoniyatlar qadrini anglashga o‘rgatadi. Zamonaviy jihozlangan auditoriyalarda faqat dars o‘tilmaydi, balki o‘tmish, bugungi kun va kelajak haqida ham mulohazalar yuritiladi.
Sohada rivojlanish uchun avvalo, ilmiy izlanish va albatta, ilmiy manbalar zarur. Universitet axborot-resurs markazidagi manbalar talaba va o‘qituvchilar uchun bu borada haqiqiy xazina. 180 mingdan ziyod nomdagi elektron kitoblar, 90 mingdan ortiq bosma adabiyot pedagogik jamoaning ilmiy salohiyatini oshirishga xizmat qilmoqda.
Ilmiy darajaga ega bo‘lish, shubhasiz, soha vakilining hurmatini oshiradi. Yosh olimlarni qo‘llab-quvvatlashga qaratilgan e’tibor, imkoniyat va imtiyozlar esa navbatdagi marralarni zabt etishga kuch bag‘ishlaydi. Albatta, inson qaysi sohada faoliyat yuritmasin, mehnati qadr topishini, kasbi chin ma’noda faxriga aylanishini xohlaydi. Bugun Navoiy davlat konchilik va texnologiyalar universitetida faoliyat yuritayotgan pedagoglar ilm yo‘lida hurmatga sazovor bo‘lgan, moddiy manfaatdorligi oshgan mutaxassislar safida. Bu ham yurtimizda inson qadri uchun tamoyilining yana bir yorqin ifodasidir. Ayni paytda ta’lim muassasida yaratilayotgan yangidan yangi imkoniyatlar, shart-sharoitlar ustozlarni yanada faol bo‘lishga undash bilan birga, o‘z kasbidan, hayotdan mamnunligini namoyon etmoqda.
G‘olib ABDUSALOMOV,
«Yangi O‘zbekiston» muxbiri