Ilon Mask ChatGPTning raqobatchisi bo‘lgan platformani namoyish qildi

    Grok deb nomlangan tizim OpenAIning ChatGPT platformasiga raqobatchi sifatida joylashtirilgan va shu hafta oxirida tanlangan foydalanuvchilar guruhiga tarqala boshladi.

    Amerikalik milliarder va biznesmen Ilon Mask sunʼiy intellektga asoslangan Grok nomli chatbotni ishga tushirishini maʼlum qildi. U X ijtimoiy tarmog‘i foydalanuvchilari uchun mavjud bo‘ladi, lekin faqat premium versiyaga obuna bo‘lganlar uchun. Bu haqda 5 noyabr, yakshanba kuni Ilon Maskning o‘zi X ijtimoiy tarmog‘ida maʼlum qildi.

    “xAIning Grok tizimi beta-versiyasining dastlabki sinov testidan chiqqach, u barcha X premium obunachilari uchun mavjud bo‘ladi”, deb yozgan Mask.

    Uning so‘zlariga ko‘ra, Grok X platformasi orqali real vaqtda maʼlumot olish imkoniyatiga ega, Mask buni “boshqa modellarga nisbatan katta afzallik” deb atamoqda.

    Loyiha tavsifida aytilishicha, Grok "Kosmik sayyohlar uchun galaktika bo‘yicha qo‘llanma" modelida yaratilgan bo‘lib, u deyarli hamma narsaga javob beradi. Mukammal savollar tuzib bera oladi va albatta berilgan qiyin savollarga ham javob topa oladi. Hazil va hatto kinoya bilan ham javob bera oladi.