Ammo barcha chora-tadbirlarga qaramay, hamon ayrim fuqarolar orasida jamoat joylarida karantin talablarini buzish, ijtimoiy masofani saqlamaslik, niqob taqmaslik yoki notoʻgʻri taqish, tibbiy-huquqiy nigilizm, kibr va boshqa illatlar, eng achinarlisi, atrofdagilarning ularga befarqligi holatlari uchrab turibdi.

Bunday sharoitda koronavirusning yuqish zanjirini uzish, tarqalish darajasini kamaytirishda nafaqat tibbiy va moliyaviy, balki ilmiy, maʼrifiy-texnologik yechimlarni qoʻllash zarurati yuzaga kelmoqda. Prezidentimiz taʼbiri bilan aytganda, “Bu kurashda tibbiy choralar bilan birga yuksak tafakkur, qatʼiy intizom, sabr-toqat va ulkan masʼuliyat koʻrsatishimiz lozim. Bu sifatlar bizning eng asosiy va eng taʼsirchan qurolimizga aylanishi shart”. Ayni kunda ushbu soʻzlarning ahamiyati tobora ortib bormoqda. Demak, bu maʼnaviyat, maʼrifat masalasi! Bugungi suhbatdoshimiz Respublika Maʼnaviyat va maʼrifat markazi rahbarining birinchi oʻrinbosari, pedagogika fanlari doktori, professor Muhammadjon Quronov pandemiyaga qarshi kurashning maʼrifiy, ilmiy jihatlariga toʻxtalib oʻtdi.

— Davlatimiz rahbari epidemiyaning milliy xarakterimiz bilan bogʻliq ijtimoiy jihatiga bejiz urgʻu bermadilar. Zero, koronavirusning yuqish zanjirini qirqish ijtimoiy masala, profilaktik masala. Qayerda ana shu fazilatlarni qurol qilib, har kuni namoyon qilsak, yengayapmiz. Loqaydlik, beqarorlik, kibr, intizomsizlik, besabrlik, masʼuliyatsizlik degan maʼnaviy illatlar bor joylarda yuqish koʻp uchrayapti.

Boshqacha qilib aytganda, bir qonuniyat yuzaga chiqdi. Uni “COVID-19ning yuqish tezligi xalq xarakteridagi 4 fazilat darajasiga toʻgʻri proporsionaldir”, deb ifodalash mumkin. Bu 4 fazilat — yuksak tafakkur, qatʼiy intizom, sabr-toqat va masʼuliyat. Bilimli, intizomli, sabrli va masʼuliyatli odamlar yuqish zanjirini qirqib tashlaydilar.

— Beparvolik va loqaydlik yurtdoshlarimizning sogʻligʻiga, joniga chang solayapti. Buni biz koʻrayapmiz, xafa boʻlayapmiz, lekin “Men nima qila olaman?”, degan savolni oʻzimizga bermayapmiz. Nima uchun?

— Bilish bu – amal qilish degani emas. Bilim xulqqa, odatga aylanishi kerak. Bugun najot – karantin talablarini bilish, amal qilishda. Qayerda mana shu umummilliy talab urf boʻlsa, oʻsha joylardan koronavirus qocha boshlaydi. Chunki shifokorlarimiz kasallik yuqishining asosiy sababi odamlarning befarqligida, bir-birlari, oʻz-oʻzini asramasligida deyishmoqda. Aniq misol keltiraman: Toshkent vrachlar malakasini oshirish institutining kafedra mudiri, tibbiyot fanlari doktori, professor Gulnora Ibodova bir intervyusida “Biz pandemiyaning qaysi bosqichida ekanligimiz, rivojlanish ssenariysi butun aholimizning ongiga bogʻliq”, dedi. Biz bu iboraga bir maʼnaviy toʻldirish kiritamiz. Aholining ongiga emas, aholining xulqiga bogʻliq, deymiz. Chunki bugun muammo odamlarning ongsiz, bilimsizligida emas, bilimga amal qilmasligida, xulqida.

Bugun aholi, yoshlarni oʻzini va bir-birlarini kasallikdan himoya qilishga odatlantirish kerak. Bu biroz mehnati bor, lekin hal qiluvchi zarurat. Qiyinligi nimada? Biz odamlarga koronavirus nimaligi, undan saqlanish tartiblarini ommaviy axborot vositalari, ijtimoiy tarmoqlar va koʻrgazmali maʼlumotlar orqali tinmay tushuntirayapmiz. Bilim, maʼlumot berayapmiz. Nurmat aka Otabekov aytganidek, “ularni odamlar yodlab oldi”. Endi odamlarga mana shu xulqni oʻrgatish, odatlantirish talab etilmoqda. Chunki bilim odamlarning xulqiga koʻchmasa, undan foyda yoʻqligini hamma biladi. Masalan, koʻchada kattalarga salom berish kerakligini sinfdagi 30 oʻquvchining hammasi biladi. Koʻchada esa, nari borsa, 3 nafari salom beradi. Chunki 90% oʻquvchilardagi bilim xulqqa, odatga aylantirilmagan.

Afsuski, bir kunda yuzlab vatandoshimiz oʻziga koronavirusni yuqtirdi. Chunki koronavirus ularni qalqonsiz topdi. Chunki qaysi birimiz oʻz joyida, oʻz vaqtida “Iltimos, niqobingizni taqib oling!”, demadik. Bildik, lekin aytmadik. Aytsak, balki bir yurtdoshimizning hayotini saqlab qolar edik.

Bozorda niqobni iyagiga taqib olgan yigitni koʻrdingiz. Unga kimdir yaqinlashdi. Gaplashishayapti. Ulardan biri kasal boʻlishi (buni oʻzi ham bilmasligi) mumkin. Agar hozir ichki ishlar xodimi, Milliy gvardiyachi yoki teleoperator kelib qolsa, yigit yoki opaxon shu zahoti niqobni toʻgʻri taqib oladi. Nega? Chunki jarima solishi mumkin. Jarimaga ketadigan arzimagan pul niqobni toʻgʻri taqtirayapti. Lekin sogʻligʻiga yetadigan ziyonni anglash – ong niqobni taqdira olmayapti-da. Bunga sabab ichki ishlar, milliy gvardiya xodimlarining oʻktam, dadil, haq tarafida turib, yaxshi gap bilan ogohlantirishga yetayotgan burch va jurʼati.

Pandemiya sharoitida milliy, diniy, ijtimoiy mansubligimizdan qatʼiy nazar, har birimizda yangi burch paydo boʻldi. Bu – yon-atrofimizdagi vatandoshimizni himoya qilish. Bu yangi motivatsiya, yangi xulq degani. Tijorat reklamalariga qarasangiz, toʻgʻri va notoʻgʻri xulq qiyoslab, animatsiyalarda koʻrsatiladi. Chunki yuz marta eshitgandan koʻra bir marta koʻr(sat)gan afzal. Bir-birimizni koronavirusdan qanday himoya qilishda ham xuddi shunday. Buning uchun ana shu burch va jurʼatli, najotkor xulq modelini targʻib qilishimiz kerak.

— Ammo koʻpincha, andisha yoki beparvolik sabab “Opaxon niqobni toʻgʻri taqmapti-da. Aytsammikin? Yoʻq, nima qilaman asabimni buzib”, degan qabilida ish tutamiz, bizga aloqasi yoʻqdek indamay oʻtib ketamiz...

— Mana shu notoʻgʻri andishamiz koronavirusning yuqishiga yordam berayapti. Bir emas, oʻnlab vatandoshimizning bemor boʻlishiga sababchi boʻlayapti. Bugundan boshlab mana shu befarqlik aralash loqaydlikdan voz kechaylik. Ana shunda bir-birimizni COVID-19 balosidan himoya qila boshlaymiz.

Koʻnglingizdan “Toʻgʻriku-ya, lekin “Sizning nima ishingiz bor!? Nima, siz milliy gvardiyamisiz, ichki ishlardanmisiz?”, deydigan gʻoʻdaygan dilozorlar bor-da”, degan oʻy oʻtdi. Toʻgʻri. Lekin bundaylar yuztadan bitta chiqar. Mayli, aytsin. Siz avvalo uni, uning oilasi sogʻligʻini oʻylab aytdingiz. Xalqni oʻylab aytdingiz, savob uchun aytdingiz. Siz bir ongli fuqaro sifatida, jamoatchilik nazorati subyekti sifatidagi burchingizni halol bajargan boʻlasiz.

Odamlarimiz yaxshi. Oʻziga iltimosni, hurmatni sezgan 10 qoidabuzardan 9 tasi “Ie, uzr”, deb niqobini taqib oladi. Bittasi taqmas. Hatto “Siz qayerda ishlaysiz? Ichki ishlar xodimimisiz? Yo Milliy gvardiyachimisiz?!”, deb gʻoʻdayar. Siz indamay, “Uzr”, deb, tabassum bilan, uzoqlashing. Xafa boʻlmang. Sizdan keyin ikkinchi kishi iltimos qilsin. Yana taqmas, lekin endi uning hovuri tushadi. Uchinchi odam ham aytgach, endi u chekina boshlaydi. Chunki endi u oʻzining qoidani buzayotganiga iqror boʻlib boradi. Ertaga yana niqobni iyagiga tushirib koʻradi. Keyin sizni eslab, koʻtarib, toʻgʻrilab oladi. Chunki qoidani buzsa, yana odamlar kelib, “Iltimos, niqobingizni taqib oling!”, deyishini biladi.

Ashaddiy, bezbet qoidabuzar ham beshinchi yo yettinchi odamning iltimosiga dosh bera olmaydi. “Ufff, yanami...”, deydiyu, niqobni taqib oladi. Chunki u ham oʻzimizning jigarbandimiz. U ham COVID-19 nimaligini, oqibatlarini biladi. Siz nega unga, boshqalarga yaxshilik tilab gapirayotganingizni yaxshi biladi.

— Karantin talablarini buzishga ilmiy nuqtayi nazardan qarasak, bu deviant xulq-atvor, ijtimoiy meʼyordan ogʻish, normalarni pisand qilmaslik, buzish, deyish mumkin. Bu borada Respublika Maʼnaviyat va maʼrifat markazi tomonidan koronavirus sharoitining maʼnaviy-axloqiy talablari, yuqish zanjirini uzishga qaratilgan qanday yangi texnologiyalar ishlab chiqilmoqda?

— Buyuk bobomiz Imom Buxoriy “Ilmsiz najot yoʻq va boʻlmagʻay”, degan edilar. Bu hikmat hozir har bir olimni oʻylatib qoʻydi. Bundan ming yil oldin shunga oʻxshash ofat tarqalganida Ibn Sino bobomiz ham ilmni qoʻllab, mamlakatga najot berganlar.

Azaldan oʻzbek mahallalarida muhtasib(rais)lar jamiyatga zararli ishlardan odamlarni qaytarib, oʻrnatilgan tartib-qoidalarga rioya qilishning jamoatchilik nazorati, amaliy maʼrifatini taʼminlab kelishgan. Xalqimiz boshiga qiyin kunlar tushganda birlashib, yengib kelgan. Buni “Xalq aytgani — haq aytgani”, “Koʻpdan quyon qutulmas”, “Xalqdan ajralganning yuzi qora boʻlar”, “El senga etsa nadomat, dunyoda turolmassan salomat” kabi xalq maqollari tasdiqlaydi. Qolaversa, bu bizning fuqarolik jamiyati, jamoatchilik nazoratini rivojlantirishning boy imkoniyatlarini yaratadi.

Yuqoridagilardan kelib chiqib, Respublika Maʼnaviyat va maʼrifat markazi tomonidan koronavirusning yuqish zanjirini uzuvchi “Qaychi” maʼrifiy harakati gʻoyasi va texnologiyasi ishlab chiqildi. Maʼrifiy harakatning mohiyati – karantin qoidalarini buzgan har vatandoshimizga dastlab maʼnaviyat va maʼrifat xodimlarining, keyinchalik, har bir fuqaroning xushmuomalalik bilan: “Assalomu alaykum. Ukajon, doʻstim, akajon, opajon, amaki, xolajon, singlim. Bir iltimos qilsam, maylimi? Keling, niqobingizni taqib oling. Ijtimoiy masofani saqlaylik. Bir-birimizni COVID-19 balosidan himoya qilaylik”, degan murojaatini joriy qilish. Ushbu murojaatning turli kishilar tomonidan, qayta-qayta qilinishi qoidabuzarliklarni keskin kamaytirib yuboradi.

Texnologiya samaradorligi bir necha hududlarda sinab koʻrildi. Olingan natijalar tahlili karantin qoidalarini buzgan fuqarolarni “inson-insonga” tamoyili asosida xushmuomalalik, maʼrifat bilan karantin qoidalariga rioya qilishga chaqirish va odatlantirish amaldagi holatdan koʻra 70% yuqori samara berishini koʻrsatdi. Mamlakatimizda maʼnaviyat va maʼrifat xodimlarining koronavirusni yuqtirish zanjirini uzuvchi “Qaychi” maʼrifiy harakatining joriy qilinishi qoʻlimizga COVID-19ga qarshi kuchli maʼrifiy-profilaktik qalqon beradi. Shunday ekan, keling, har birimiz “Koronavirus zanjirini uzishga hissa qoʻshish mening burchim”, deb bilaylik. Bugungi murakkab, sinovli kunlarda bir-birimizni asraylik!

“Yangi Oʻzbekiston” muxbiri

Iroda TOSHMATOVA suhbatlashdi