Uchrashuvda Indoneziya Parlamenti qo‘mitasi raisi o‘rinbosarlari, mazkur davlatning «MetroTV» telekanali, «Kumparan» va axborot agentliklari bosh muharrirlari hamda Indoneziya Respublikasining O‘zbekistondagi elchisi K.Sunaryo ishtirok etishdi.

Tomonlar O‘zbekiston va Indoneziya davlatlari o‘rtasidagi munosabatlar rivojlanishi, iqtisodiy, turizm va madaniy sohalarda olib borilayotgan hamkorlik ishlari to‘g‘risida fikr almashishdi.

Uchrashuv davomida O‘zbekiston hukumati tomonidan Indoneziya fuqarolari uchun joriy etilgan vizasiz tizim, ziyorat turizmini rivojlantirish, aviaqatnovlarni diversifikatsiya qilish va turizm sohasiga xorijiy investitsiyalarni jalb etish masalalariga alohida to‘xtalib o‘tildi.

Xususan, Indoneziya fuqarolari uchun Haj va Umra ziyorati oldidan «UMRA+O‘zbekiston» dasturini yo‘lga qo‘yish, yurtimiz aeroportlaridan imtiyozli foydalanib, charter reyslar tashkil etish imkoniyatlari haqida batafsil ma’lumot berildi.

Shuningdek, Indoneziyaning birinchi prezidenti janob Sukarnoning 1956-yilda amalga oshirgan tarixiy tashrifi va Imom Buxoriy maqbarasiga ziyorati bilan bog‘lab yangi marshrut yaratilganiga alohida urg‘u berildi.

O‘z navbatida, R.Gobel Indoneziya delegatsiyasining iliq va yuqori darajada kutib olingani uchun minnatdorchilik bildirib, hamkorlik istiqbollarini yuqori bosqichga olib chiqishga tayyorlik uchun O‘zbekiston tomoniga alohida minnatdorchilik bildirdi.

R.Gobel delegatsiyasi tarkibida «MetroTV», «Detik.com» hamda «Kumparan» axborot agentliklari bosh muharrirlarini taklif etilishiga asosiy sabab, Indoneziyaning mazkur yetakchi OAVlari orqali O‘zbekistonning turizm salohiyati, madaniy meros ob’ektlari, ziyoratgohlari va savdo-iqtisodiy imkoniyatlarini keng yoritilishini ta’minlash, shu orqali ikki tomonlama hamkorlikni yuqori bosqichga olib chiqishga erishish ekanligi bildirildi.

Shuningdek, tomonlar indoneziyalik dunyoning eng kuchli badminton ustalaridan bo‘lgan Tofik Xidayat va boshqa sportchilarni O‘zbekistonga tashrifini tashkil etish, yoshlar uchun mahorat darslari o‘tkazishni kelishib olishdi, deb xabar beradi Turizm va sport vazirligi matbuot xizmati.