Qayd etilganidek, yurtimizda inflyatsiyaviy targetlash doirasida 2021-yilda inflyatsiya darajasini 10 foizdan oshirmaslik hamda narx-navo barqarorligini taʼminlash boʻyicha tizimli ishlar amalga oshirilyapti. Xususan, inflyatsiyaga nomonetar omillar taʼsirini qisqartirish maqsadida joriy yilda ham “nisbatan qatʼiy” pul-kredit sharoitlari saqlab qolinyapti. Bunda bugungi kunga qadar Markaziy bank asosiy stavkasini koʻrib chiqish boʻyicha 6 marotaba boshqaruv yigʻilishi oʻtkazilgan boʻlib, asosiy stavka yillik 14 foiz darajasida oʻzgarishsiz qoldirildi.

Joriy yil avgust oyida yillik inflyatsiya darajasi 11,1 foizni tashkil etib, yanvar oyidagi koʻrsatkichdan 0,5 foiz bandga pasaydi. Bunda oziq-ovqat mahsulotlari narxining yillik oʻsishi 15,5 foizni tashkil etib, umumiy inflyatsiya darajasiga taʼsiri yuqoriligicha (6,5 foiz band) saqlanib qolyapti. Shuningdek, nooziq-ovqat tovarlari va xizmatlar narxlari oʻsishi mos ravishda 8,0 va 7,6 foizni tashkil etib, ushbu guruhlar umumiy inflyatsiyaga pasaytiruvchi taʼsir koʻrsatyapti.

Davra suhbatida taʼkidlanganidek, 2021-yilning yanvar-avgust oylarida iqtisodiyotga ajratilgan kreditlar qoʻyilmalari qoldigʻi 11,5 foizga oshgan boʻlib, 2020-yilning mos davridagi koʻrsatkichga nisbatan 12,9 foiz bandga sekinlashgan. Shu yilning yanvar-avgust oylarida banklararo pul bozoridagi depozitlar boʻyicha oʻrtacha tortilgan foiz stavkalar 13,1 foizni tashkil etib, Markaziy bank asosiy stavkasiga yaqin darajada foiz koridori doirasida shakllandi. Oʻz oʻrnida, bank tizimi likvidligini samarali tartibga solish maqsadida joriy yil yanvar-avgust oylari davomida Markaziy bank tomonidan jami 12,3 trillion soʻmlik obligatsiyalar muomalaga chiqarildi.

Bundan tashqari, 14,6 trillion soʻmlik depozit auksionlari oʻtkazilgan boʻlsa, kunlik oʻrtacha overnayt depozit operatsiyalari hajmi 518 milliard soʻmni tashkil etdi.

Qayd etilishicha, muddatli depozitlar boʻyicha oʻrtacha tortilgan foiz stavkalarining 2020-yil dekabr oyidagi 14,8 foizdan 2021-yil avgust oyida 17,5 foizgacha oʻsishi, dastlabki 8 oyda muddatli depozitlar hajmining 26,8 foizga, jumladan jismoniy shaxslar muddatli depozitlarining 45,1 foizga oshishiga xizmat qildi.

Kreditlar boʻyicha oʻrtacha tortilgan foiz stavkalar avgust oyida 21,4 foizni tashkil etib, oʻtgan yilning mos davriga nisbatan 0,9 foiz bandga yuqori shakllandi.

Deputatlar joriy yil oxirigacha tartibga solinadigan narxlarning oshirilmasligi, nisbatan qatʼiy pul-kredit sharoitlarining saqlanib qolayotganligi, oʻtgan yilning IV choragidagi yuqori baza effekti, 2020-yilning IV choragi va 2021-yilning I yarim yilligida soʻm almashuv kursining nisbatan barqaror shakllanganligi kelgusi choraklarda yillik inflyatsiya darajasini pasaytiruvchi omillardan boʻlishini aytib oʻtdi.

Davra suhbatida deputatlar tomonidan inflyatsiya darajasining oshmasligini taʼminlashga, inflyatsiyaning nomonetar omillari taʼsirini kamaytirishga qaratilgan qator takliflar bildirilib, tegishli tavsiyalar ishlab chiqildi, deb xabar beradi Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlis Qonunchilik palatasi matbuot xizmati.