Ushbu tashabbus mazmun-mohiyati haqida targʻibot ishlarini izchil yoʻlga qoʻyish, nogironligi boʻlgan shaxslarning huquqlarini himoya qilish masalalarida parlament nazoratini kuchaytirish dolzarb vazifalar hisoblanadi. Nogironligi boʻlgan shaxslarning huquq va manfaatlarini himoya qilish katta va koʻplab omillarga bogʻliq soha. Shuning uchun bugun uning aynan bitta yoʻnalishi – inklyuziv taʼlimga batafsilroq toʻxtalib oʻtmoqchiman. Inklyuziv taʼlim rasmiy taʼlim tushunchasidan ancha kengroq. Bu taʼlimda koʻproq oʻqishda, oʻrganishda imkoniyati cheklangan bolalar bilan ishlanadi. Inklyuziv maktab oʻqituvchisi va inklyuziv bogʻchada tarbiyachi qanday sifatlarga ega boʻlish kerak? Inklyuziv taʼlimda oʻqituvchining kasbiy mahorati bosh omil hisoblanadi. Avvalo, oʻqituvchi inklyuziv taffakkurga ega boʻlishi va taʼlim sifati maʼsuliyatini oʻz zimmasiga olishi shart. Inklyuziv taʼlim berish oʻqituvchilar ishi sifatining asosiy mezonlari – oʻqituvchi oʻquvchilarning turli toifada ekanligiga qaramay barcha bolalarning huquqini himoya va hurmat qilishi.
Yana bir sifat – hamkorlikni yoʻlga qoʻyish. Chunki oʻqituvchilar uchun hamkorlik va oʻzaro fikr almashish muhimdir. Oʻqituvchi oʻz faoliyatini tizimli baholab borishi, muntazam malakasini oshirishi, alohida taʼlim ehtiyojlari bor bolalarning intizomli va muassasalararo guruhlar bilan samarali ishlashi uchun liderlik hamda boshqaruv malakalarini qoʻllash, muammolarni birgalikda hal qilish, keng qamroqli maktab hamkorligini yoʻlga qoʻyish kabi xislatlarga ega boʻlish kerak.
Maʼlumki, inklyuziv taʼlimda maxsus taʼlim ehtiyojidagi bolalar barcha bolalar bilan birga maʼlum maqsadda turli qobiliyatlarga muvofiq guruhlashtiriladi. Maxsus taʼlim aqliy, jismoniy tashqi koʻrinishga muvofiq amalga oshirilsa, inklyuziv taʼlim bolaning qobiliyati va imkoniyatlariga koʻra belgilanadi. Maxsus taʼlim oʻqitishning maxsus va alternativ dasturlari orqali oʻqitilsa, inklyuziv taʼlim bolaga yoʻnaltirilgan va moslashtirilgan, yoʻriqnomali, barchaga moʻljallangan oʻquv dasturi asosida oʻqitiladi. Inklyuziv taʼlimning oʻziga xos muhim jihati shundaki, bolalar va oʻqituvchi bir -birlaridan oʻrganishadi hamda muammolarni birgalikda xal etishadi.
Bu taʼlim bir tomonlama boʻlmasligi kerak. Imkoniyati cheklangan bolada oʻziga boʻlgan ishonchni oshirish, koʻnikma va qobiliyatini rivojlantirish, yoshligidan oʻrganishni ragʻbatlantirishda oila ishtiroki muhim. Inklyuziv taʼlim jarayonida ota-onalar bilan ishlash ham muhim. Taʼkidlash joizki, alohida ehtiyojli ota-onalarga ularning farzandlari jamiyatning bir boʻlagi boʻlish huquqiga ega ekanini tushuntirish, bu ishonchni ularning ongiga yetkazish kerak. Mamlakatimiz taʼlim tizimida bu masalaga alohida eʼtibor qaratiladi.
2020-yil oktyabrda qabul qilingan Prezidentimizning alohida taʼlim ehtiyojlari boʻlgan bolalarga taʼlim-tarbiya berish tizimini yana-da takomillashtirish chora-tadbirlari toʻgʻrisidagi qarori bunga misol boʻla oladi. Unga koʻra, tajriba-sinov tariqasida shaharlarda va Toshkent shahrining tumanlarida joylashgan bittadan maktablarda inlyuziv taʼlim joriy qilinadi. Qoraqalpogʻiston respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahrida joylashgan bittadan maktablarda alohida taʼlim ehtiyojlari boʻlgan bolalar uchun boshlangʻich tayanch sinflar ochiladi. Qashqadaryo, Fargʻona va Xorazm viloyatlarida joylashgan bittadan kasb- hunar maktabida ixtisoslashtirilgan taʼlim muassasalarining 9-sinf bitiruvchilari va alohida taʼlim ehtiyojlari boʻlgan bolalar uchun ixtisoslashgan guruhlar tashkil etiladi.
Shuningdek 2021-2022 oʻquv yilida ixtisoslashtirilgan taʼlim muassasalarida majburiy oʻrta taʼlim 11 yillik (intellektual rivojlanishida nuqsonli bolalar uchun (yordamchi) maktablar, maktab internatlarda 9 yillik muddatlarda amalga oshiriladi. Shuningdek, ularni kasbga oʻqitish kurslari tashkil etilib, bitiruvchilarga sertifikat beriladi.
Xulosa qilib aytganda, mamlakatimizda Nogironligi boʻlgan shaxslarning huquqlari toʻgʻrisidagi konvensiyani ratifikatsiya qilishga har tomonlama sharoit yaratilmoqda. Inklyuziv taʼlimni butun mamlakat boʻylab rivojlantirishga qaratilgan islohotlar bunga amaliy misol boʻladi, deb oʻylayman.
Oybarchin ABDULLAYEVA,
Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputati