Taʼlim olishdagi tenglik ijtimoiy siyosatda foyda beradi

    Fikr 24 Avgust 2023 1712

    Taʼlim jamiyat va shaxs rivojlanishining asosi boʻlib, ijtimoiy siyosat barcha fuqarolar uchun taʼlimdan teng foydalanishni taʼminlashga qaratilgan. Taʼlim sohasidagi ijtimoiy siyosatning asosiy vazifalaridan biri – ijtimoiy tengsizlikka qarshi kurash.

    Jamiyatda sifatli taʼlim olish imkoniyatlari cheklangan turli ijtimoiy guruhlar mavjud. Shu sabab ham, ijtimoiy siyosat barcha fuqarolar ijtimoiy-iqtisodiy mavqei va kelib chiqishidan qatʼi nazar, taʼlim olish uchun teng imkoniyatlarga ega boʻladigan sharoitlarni yaratishga qaratiladi.

    Inklyuziv taʼlim, bu – barcha bolalar, shu jumladan, alohida taʼlimga ehtiyoji boʻlgan oʻgʻil-qizlarning taʼlim olishi uchun teng imkoniyatlar yaratilishini nazarda tutuvchi yondashuv, tizim hisoblanadi. Dunyoning aksariyat mamlakatlari shunday taʼlimning muhimligini tan oladi va uni oʻz tizimlarida joriy etgan. Jumladan, Shvetsiyada maxsus taʼlimga muhtoj bolalarning 90 foizidan ortigʻi oddiy maktablarda oʻqiydi. Norvegiya va Finlyandiyada davlat maktablarida barcha bolalarni oʻquv jarayoniga qamrab olishni talab qiladigan qonunlar qabul qilingan.

    Oʻzbekistonda ham inklyuziv taʼlimni rivojlantirish, alohida taʼlim ehtiyojlari boʻlgan bolalarga taʼlim-tarbiya berish tizimi hamda qonunchiligini takomillashtirish borasida muhim qadamlar qoʻyilmoqda.

    Hozircha barcha bolalar ham umumtaʼlim maktablarida bir xil imkoniyat va sharoitda taʼlim olishini tashkil etish ishlari toʻliq yoʻlga qoʻyilgan, deb aytolmasak-da, jismoniy yoki aqliy nuqsoni bor oʻgʻil-qizlar uchun ixtisoslashtirilgan taʼlim muassasalari ishlab turibdi.

    Inklyuziv taʼlimni ota-onalar oʻrtasida keng targʻib qilish maqsadida 13 nomdagi metodik qoʻllanmalar tayyorlandi. Bundan tashqari, nuqsoni bor bolalarning imkoniyat va salohiyatini toʻgʻri baholash maqsadida chuqurlashtirilgan tibbiy koʻrikdan oʻtkazish ishlari amalga oshirilmoqda.

    Xususan, Jizzax, Samarqand viloyatlari hamda Toshkent shahridagi eshitishida nuqsoni boʻlgan bolalar uchun ixtisoslashtirilgan maktab-internatlarning 1500 nafardan ziyod oʻquvchisi Respublika ixtisoslashtirilgan pediatriya ilmiy-amaliy tibbiyot markazi malakali shifokorlari tomonidan chuqurlashtirilgan tibbiy koʻrikdan oʻtkazildi.

    Inklyuziv taʼlimning asosiy maqsadlaridan biri taʼlimdagi ijtimoiy tengsizlik va kamsitishlarni bartaraf etishdir. Qolaversa, oʻquvchilarda bagʻrikenglik va oʻzgalarni boricha qabul qilish koʻnikmasini shakllantirib, nogironligi bor bolalarning jamiyatga integratsiyalashuvi va oʻz salohiyatini roʻyobga chiqarishini yengillashtiradi.

    Ammo uni tashkillashtirishda bunday bolalar bilan ishlay oladigan malakali kadrlar yetishmasligi koʻplab toʻsiqlarni yuzaga keltirishi mumkin. Istaymizmi-yoʻqmi, alohida ehtiyojli bolalar bilan ishlash oʻqituvchidan mustahkam bilim va malaka talab qiladi. Shu bois, bu turdagi muassasalar mutaxassislari va rahbar-xodimlari uchun vaqti-vaqti bilan forumlar, seminarlar oʻtkazilishi anʼanaga aylangan. Joriy yilda ham Ichki ishlar vazirligi bilan hamkorlikda Sirdaryo viloyatidagi “Nurli maskan” maktab-internatida “Nurli maskan orzulari” mavzuida respublika forumi tashkil qilindi.

    Bundan tashqari, yetim bolalar va ota-ona qaramogʻidan mahrum boʻlgan bolalarni davlat tomonidan qoʻllab-quvvatlashning yangi tizimi joriy etildi.

    Ikki yildan buyon yetim va ota-ona qaramogʻidan mahrum boʻlgan bolalarni uy-joy bilan taʼminlashning yangi tartibi oʻrnatildi. Xususan, oʻzlariga biriktirilgan turar joyga ega boʻlmagan va uyga muhtojlar sifatida hisobda turgan yetim bolalar va ota-ona qaramogʻidan mahrum boʻlgan bolalarga ular 18 yoshga toʻlgan yilda koʻp kvartirali uy-joylardan umumiy maydoni 25 kvadrat metrdan kam boʻlmagan 1 xonali, voyaga yetgan yetim bolalar oʻrtasida nikoh tuzilgan hollarda, 50 kvadrat metrdan kam boʻlmagan 2 xonali kvartiralar ajratilmoqda.

    Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar hamda Toshkent shahar hokimliklari bilan birgalikda yetim va ota-ona qaramogʻidan mahrum boʻlgan uy-joyga muhtoj 832 yigit-qiz roʻyxati shakllantirilib, Iqtisodiyot va moliya vazirligiga taqdim etildi. 424 nafari uchun davlat va mahalliy byudjetdan mablagʻ ajratildi. 23–30 yoshda boʻlgan yetim va ota-ona qaramogʻisiz qolgan 59 bolaga “Mehr daftari” jamgʻarmasi hisobidan uy-joy olib berilishiga yordamlashildi.

    Aholining yarmini yoshlar tashkil qiladigan mamlakatimizda taʼlim muassasalarida ijtimoiy himoyaga alohida eʼtibor talab etiladi. Boshqacha aytganda, biz ijtimoiy davlat ekanligimizni, eng avvalo, taʼlim tizimidagi amaliy ishlar bilan koʻrsatishimiz lozim. Ushbu maqsad nafaqat inklyuziv taʼlimni, balki oʻqituvchi va murabbiylar, barcha oʻquvchilar uchun ijtimoiy adolatni taʼminlashdek oʻta dolzarb maqsadlarni ham qamrab oladi.

    Umida RAHMONOVA,

    Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputati