Ijtimoiy himoya tizimidagi xizmat koʻrsatish va inklyuzivlik boʻyicha Samarqand tajribasini oʻrgatish maqsadida 2024-yilning 5-iyul kuni Samarqand shahrida Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Ijtimoiy himoya milliy agentligi tashabbusi bilan press-tur tashkil etildi.
Ushbu tadbirda axborot siyosati boʻyicha agentlik direktori maslahatchisi va axborot xizmati rahbari Dilfuzabegim Roʻzmetova, IHMA hududiy boshqarmalar matbuot kotiblari, Samarqand shahar “Inson” ijtimoiy xizmatlar markazi xodimlari, mahalliy hokimlik hamda 20 ga yaqin ommaviy axborot vositalari vakillari va blogerlar ishtirok etdi.
Samarqand shahrida joylashgan “Inson” ijtimoiy xizmatlar markazi Respublikamizda namunali konsepsiya asosida barpo etilgan markazlardan biri hisoblanadi. Binobarin, ushbu markaz nogironligi bor shaxslar uchun toʻliq inklyuziv imkoniyatlarga ega boʻlib, joylashuv jihatidan toʻsiqsiz harakatlanish uchun bekatlar markazga yaqinlashtirilgan va taktil qoplamalar yotqizilgan, qolaversa, aqlli svetoforlar oʻrnatilgan.
Tadbir ishtirokchilari uchun dastlab Samarqand shahar “Inson” ijtimoiy xizmatlar markazi boʻylab ekskursiya tashkil etildi. Ekskursiyani Dilfuzabegim Ruzmetova va markaz direktori Shohrux Dulanov olib bordi. Ular markaz faoliyati, yaratilgan sharoitlar va amalga oshirilayotgan loyihalar haqida batafsil maʼlumot berishdi. Qatnashchilar bevosita xizmat koʻrsatish jarayoni bilan tanishib, fuqarolar fikrini oʻrganishdi.
– Bir necha yildan beri koksartroz bilan bogʻliq muammolar sabab halovatim yoʻq edi, – deydi Samarqand shahridagi Yangihayot mahallasida yashovchi, ikkinchi guruh nogironi Poʻlat Gʻulomov. – Koʻp joyda davolandim, foydasi boʻlmadi. Oʻtgan yili kuzda markazga murojaat qilib, oʻng tomonimga endoprotez qoʻydirgan edim. Ahvolim birmuncha yaxshilandi, oʻzim harakat qilolyapman. Bugun yana murojaat bilan keldim, chap tomonimga ham protez qoʻydirishda yordam soʻrayapman. Murojaatim qabul qilinib, roʻyxatga kiritildi. Navbatim kelib, jarrohlik amaliyoti oʻtkazilsa, nasib boʻlsa yana qoʻltiqtayoqsiz harakat qilaman. Koʻrsatilayotgan yordam va xizmatlardan minnatdorman.
Press-tur davomida OAV vakillari Samarqand shahar “Devori Koʻndalang” va “Yulduz” kabi namunali mahallalarda boʻlib, undagi “mahalla yettiligi”, xususan, ijtimoiy xodimning vazifa va majburiyatlari, mahalladagi keys-menejment asosida ijobiy hal etilgan muammolar bilan tanishdi.
“Asosiy maqsadimiz ijtimoiy shaxslarning toʻlaqonli hayot kechirish jarayonida yuzaga kelgan cheklovlarni yengishi va ularning jamiyat hayotida boshqa fuqarolar bilan teng huquqli ishtirok etishlarini taʼminlashga koʻmaklashishdir. Qolaversa, ushbu sohani raqamlashtirish va zamonaviy texnik vositalarni tatbiq etish ijtimoiy himoya sohasidagi ustuvor vazifa hisoblanadi. Hozirga kelib ushbu sohadagi 30 ga yaqin xizmatlar toʻliq raqamlashtirildi, xalqaro tashkilot va korxonalar bilan hamkorlik yoʻlga qoʻyildi. Bularning barchasi albatta fuqarolarning jamiyatga integratsiya boʻlishi uchun dasturulamal boʻlib xizmat qiladi”, deydi axborot xizmati rahbari D. Ro‘zmetova.