баннер
18 Mar 2025
22:13

    Ubayda Fayziyeva: “Nuqsonli bolalar ham gapira oladi”

    Eshitish va gapirishda nuqsoni bor bolalar bilan muloqot qilish sogʻlom odamlar uchun qiyin. Ularga taʼlim berish, oʻqish-yozishni oʻrgatib, nutqini toʻgʻrilash, hatto soʻzlashga oʻrgatish orqali ovozlar dunyosiga olib kirish esa ikki karra mashaqqatli.

    57 yildan ortiq faoliyati davomida nuqsonli bolalarning oʻzbek tilida taʼlim olishi uchun tinmay izlanayotgan, maxsus taʼlim adabiyotlari yaratgan, ilk “Alifbe” kitobini chop ettirgan olima, surdopedagog Ubayda Fayziyeva hozirgacha soha mutaxassislarini tayyorlashda jonbozlik koʻrsatmoqda.

    Salkam 80 yoshni qoralagan yurtdoshimiz defektologiya yoʻnalishidagi ilmiy-amaliy ishlari bilan xalqaro maydonda ham tanilgan. Uning uzoq yillik ilmiy izlanishlari natijasida eshitish va gapirishda nuqsoni bor bolalar bugun oʻz ona tilida sifatli taʼlim olish, nutqini chiqarish imkoniyatiga ega boʻlgan, hamma qatori gapirib ketgan. Ayol shunday vaqtlarda oʻsha bolalarning onalari koʻziga boqadi, ulardan ikki karra koʻp sevinadi, kasbidan rozi boʻladi, baxtni his qiladi. Axir shu yoʻnalishda tahsil ola boshlagan kezlari 19 yoshda edi. Oʻshandan beri izlanishdan tinmadi, tanlagan yoʻlidan qaytmadi. Oʻqidi, ishladi.

    — Toshkent viloyatining togʻli Burchmulla qish­logʻida tugʻilib, voyaga yetganman, — deydi olima. — 1967-yilda Toshkent shahri xotin-qizlar pedagogika bilim yurtini tamomladim. Taqdir taqozosi bilan kar va zaif eshituvchi bolalar maktab-internatiga ishga kirdim. Shu yerda 22 yil faoliyat yuritdim. Meni qiynagan asosiy masala shu kabi maktablarda bolalarning faqat rus tilida oʻqitilishi edi. Qanday boʻlmasin, ularga oʻz ona tilida taʼlim berish, urf-odatlarimizni oʻrgatishga ahd qildim. Faoliyatim shu yoʻnalishda davom etishini tushunib yetganimdan keyin Nizomiy nomidagi Toshkent davlat pedagogika instituti (hozirgi universitet)ning oligofrenopedagogika hamda surdopedagogika yoʻnalishlarida tahsil oldim. Lekin oʻsha vaqtlarda yurtimizda kar-soqov bolalarni oʻqitish uchun oʻzbek tili darsliklari ham, bu borada tajriba ham yoʻq edi. Rus tilidagi darsliklarning tagiga oʻzbekcha yozib, bolalarni oʻqitgan vaqtlarimiz boʻlgan. Shu bois, nuqsonli bolalar uchun oʻzbek tilida darslik yaratish asosiy maqsadimga aylandi. Buning uchun, avvalo, shu yoʻnalishda oʻqitish metodikasini mukammal oʻrganish, oʻzbek tili qoidalarini yaxshi bilish, oʻrgatish mexanizmini toʻgʻri belgilash kerak edi. Menga “Olim boʻlmasangiz, ilmiy unvoningiz boʻlmasa, buni uddalay olmaysiz. Bu masalaga aralashmang”, deganlar ham boʻlgan. Ammo maqsadim qatʼiy edi, atrofimga oʻqituvchilar, mualliflar guruhini toʻplab, 1984-yilda ilk darsliklarni tayyorladik. Hatto maktab-internatlar uchun oʻzbek tilida ilk “Alifbe”ni ishlab chiqdim. Moskvadagi ilmiy kengashga olib borib, tasdiqlatib ham kelganman. Ammo turli sabablarga koʻra, chop etilmadi. Mustaqillikdan keyin — 1992-yilda birdan 5 ta darsligim va “Alifbe” kitobi nashr qilindi. Oʻzim jalb qilgan oʻqituvchilarning ham bir necha dars­ligi chiqarildi.

    Men oʻqigan vaqtlarda oliy oʻquv yurtlaridagi surdopedagogika fakultetlarida ham darslar rus tilida oʻqitilardi. Sohadagi bilimimni oshirish maqsadida qoʻlimdagi goʻdagim bilan Moskvaga borib, sirtdan taʼlim oldim. Bu orada tegishli idoralarga Nizomiy nomidagi Toshkent davlat pedagogika institutining defektologiya fakulteti surdopedagogika yoʻnalishida oʻzbek tili guruhlari ochilishini soʻrab murojaat qildim. Oʻzbek xotin-qizlari ham oʻz ona tilida shu sohani oʻrgansin, degan masalani qoʻydim. 1979-yilda 1-kursni tamomlab, yurtimizga qaytgach, surdopedagogika yoʻnalishi boʻyicha oʻzbek guruhi ochilib, qabul ­eʼlon qilinganini koʻrdim. Keyin oʻqishimni shu guruhda davom ettirdim. Oʻqishni tamomlagach, ­avval katta oʻqituvchi, soʻng kafedra mudiri lavozimida ishladim. Shundan soʻng universitetda oʻzbek tilida fakultetlar ochildi. Hozir koʻrish, eshitish, nutqida nuqsoni boʻlgan bolalarni oʻqitish boʻyicha mutaxassislar tayyorlanyapti. Ular ishimizni davom ettiradi.

    Ubayda opa 30 yoshidan keyingi faoliyatini nuqsonli bolalarni oʻqitish bilan birga, shu sohada kadrlar tayyorlashga qaratdi. Surdopedagogika yoʻnalishida talabalar uchun ilk bor oʻzbek tilidagi oʻquv reja va dasturlar tayyorlab, davlat taʼlim standartlarini ishlab chiqdi. Koʻplab shogirdlarining ilmiy ishlariga rahbarlik qilyapti. Oʻzi ham nomzodlik ishini yoqlab, 1996-yilda dotsent ilmiy unvoniga erishgan. Olimaning bugunga qadar kar va zaif eshituvchi bolalar maktablari uchun 14 nomdagi darsligi, talabalar, maxsus taʼlim muassasalari, inklyuziv taʼlim boʻyicha oʻqituvchilar hamda ota-onalar uchun metodik va oʻquv qoʻllanmalari chop etilgan.

    Taʼlimning hamma uchun teng shakli

    Oxirgi yillarda inklyuziv taʼlim haqida koʻp eshityapmiz. Boisi, yurtimizda bu nafaqat koʻp tilga olinayotgan, balki katta eʼtibor qaratilayotgan yoʻnalishlardan biriga aylandi. Inklyuziv taʼlim jismoniy imkoniyatidan qatʼi nazar, hamma bolaning bir xil maktab va bir xil sharoitda taʼlim olishini anglatadi. Yaʼni imkoniyati cheklangan bola sogʻlom bolalar bilan bir xil eʼtibor koʻrib oʻqiy olishi kerak. Bu nuqsoni bor bolalarning ham oʻz hududidagi istalgan umumtaʼlim maktabida tahsil olish imkoniyati, deganidir. Bunda bola maxsus maktab-internatda oʻqiganidek, oila aʼzolari, yaqinlaridan uzoqda boʻlmaydi, odatiy hayot kechirib, jamiyatning faol aʼzolari qatoriga qoʻshiladi.

    Buning uchun umumtaʼlim maktablarida shunga yarasha sharoit boʻlishi kerak. Inklyuziv taʼlimning maqsadi ham alohida taʼlim ehtiyojlari boʻlgan oʻquvchilar uchun maktabda maxsus vosita va metodlarni qoʻllash orqali maxsus pedagoglarni jalb etgan holda, toʻsiqsiz moslashtirilgan ­taʼlim muhitini yaratish, nuqsonli bolalarga sifatli umumiy oʻrta taʼlim berishdan iborat.

    — Hozir yurtimizda inklyuziv taʼlimni rivoj­lantirish orqali kar-soqov bolalarni 2-3-sinf­dan sogʻlom bolalar qatoriga qoʻshish boʻyicha katta ishlar qilinyapti, — deydi Ubayda Fayziyeva. — 2020-2021-yillarda Oʻzbekistonda inklyuziv taʼlim joriy etilgach, avval davlatimiz rahbarining qarori bilan 2020-2025-yillarda xalq taʼlimi tizimida inklyuziv taʼlimni rivojlantirish konsepsiyasi eʼlon qilindi. Shunday taʼlimni rivojlantiruvchi maxsus laboratoriya ochildi. Yurtimizda maxsus taʼlim xorijiy davlatlarnikidan qolishmaydigan darajada rivojlanyapti. Koʻp davlatlarda xizmat safarida boʻlib, amaliyotini oʻrganganimizda, ayniqsa, bizdagi imkoniyatlar yaqqol koʻzga tashlanadi. Masalan, ayrim davlatlarda bola toʻgʻridan toʻgʻri inklyuziv taʼlimga jalb etilishiga guvoh boʻldik. Uddalab ketsa, oʻqiydi, boʻlmasa, yoʻq. Bizda esa nuqsonli bolalar avval maxsus maktablarda inklyuziv taʼlimga tayyorlanib, keyin umumtaʼlim maktabiga oʻtkaziladi. Hozir yurtimizdagi maktab-internatlarga sarflanayotgan mablagʻ bilan koʻplab umumtaʼlim maktabining moddiy-texnik bazasini mustahkamlash mumkin. Maktab-internatlarning barchasi eshitish, ovozni kuchaytirib berish moslamalari bilan taʼminlangan. Ilgari bolalar faqat dars vaqtida eshita olgan boʻlsa, endi kunboʻyi eshita oladi. Bunday sharoitda ular gapirishga tezroq oʻrganadi. Demoqchimanki, eʼtibor, sharoit, sarflanayotgan mablagʻ juda katta. Kar-soqov bolalarning tezroq sogʻlom bolalar qatoriga qoʻshilib, moslashib ketishi uchun barcha sharoit yaratilgan.

    Mazkur jarayonda oʻzim ham bevosita ishtirok etib, bir vaqtlardagi qiyinchiliklar yodimga tushsa, bugungi sharoitlardan quvonaman. Inklyuziv taʼlim haqida shunchaki gapirilmayapti, balki aniq ishlar qilinyapti. Umumtaʼlim maktablarini bunga tayyorlash, maxsus maktablardagi kabi ­sharoitlarni yaratish uchun katta tayyorgarlik ishlari olib borildi. Oʻqituvchilar uchun darsliklar, oʻquv qoʻllanmalar yaratildi. Hozir 700 ga yaqin alohida ehtiyojli bola inklyuziv tarzda taʼlim olayotgan boʻlsa, 2030-yilgacha maxsus maktab-internatlarda oʻqiyotgan bolalar soni juda qisqaradi. Ogʻir shakldagi, inklyuziv taʼlimga tayyorlashga imkoniyati yoʻq bolalargina maxsus taʼlim muassasalarida oʻqiydi. Sifatli natijaga erishish uchun kadrlar tayyorlanyapti. Oliy taʼlimda ham oliy inklyuziv taʼlim yoʻlga qoʻyildi.

    Ayolning kuchi nimada?

    Nuqsonli bolalar bilan ishlash oson emas. Pedagog bunday bolalarni oʻqitish, savodini chiqarish uchun sogʻlom bolalarga nisbatan koʻproq vaqt, mehnat sarflaydi. Ubayda Fayziyeva ana shu mehnatning natijasidan zavq oladi. Olim oʻzi tashkil qilgan inklyuziv taʼlim markazida eshitishi, nutqida muammosi boʻlgan bolalarni sogʻlomlashtirish bilan shugʻullanadi. Har oʻquv yilida markazdagi 5-6 bola umumtaʼlim maktabiga inklyuziv taʼlim olishga chiqib ketadi. Ular hamma qatori gapiradi, oʻqib-yozadi.

    — Koʻp ayollar farzandini olib kelib, “Bolam eshitmaydi ham, gapirmaydi ham, nima qilsak boʻladi?” degan tashvishli savol bilan murojaat qiladi, — deydi Ubayda Fayziyeva. — Hozir bu borada imkoniyat juda keng, yurtimizda kar-soqov bolalarni eshitish va gapirishga oʻrgatish amaliyoti kirib kelib, rivojlandi. Gap jarrohlik amaliyo­ti orqali implant qoʻyish haqida ketyapti. Ana shu implant bolalarga eshitish imkoniyatini beryapti. Eshitgan bola gapira oladi. Faqat buning uchun surdopedagog yordami kerak. Markazimizda ayni shu jarayon amalga oshiriladi. Bolaga implant qoʻyilgan kun qaytadan tugʻilgandek boʻladi. Chunki ovozli dunyoga kirib boradi. Bu quvonch bolalarga davlatimiz tomonidan berilib, jarrohlik amaliyoti bepul oʻtkazilayotir. Chunki hamma davlatda ham bunday sharoit yaratib berilmaydi. Har yili kamida 200-300 bolaga kichik yoshidan boshlab bepul implant qoʻyilyapti. Ularning 70-80 foizi eshitib, gapirib ketishi, sogʻlom bolalar qatoriga qoʻshilishi ham katta natija.

    Ubayda Fayziyeva bilan suhbat uzoq davom etdi. Bir ayol oʻz kasbini bunchalik sevib, olimalik mashaqqatini quvonch bilan bosib oʻtishi borgan sari hayratni oshiradi. Bunday insonlar mamlakatimizda qadrlanadi, bunday ayollar doim eʼzozda, barchaga namuna. Olimaning koʻksiga taqilgan orden va medallar buning isboti.

    — Bolaligidan oldiga maqsad qoʻyib yashagan ayol kuchli boʻladi, — deydi Ubayda Fayziyeva. — Chunki oʻsha maqsadga erishish uchun mashaqqatli yoʻllarni bosib oʻtishi kerak. Hatto biror kasbi boʻlmasa ham farzandlarni dunyoga keltirib, yaxshi inson qilib tarbiyalash ham ayolni kuchli qiladi. Men oʻzimni ana shularga erishgan baxtli ayol deb bilaman. Nogiron bolalarni eshitadigan dunyoga olib kirib, nutqini chiqarib, onalari quvonchini koʻrsam, ikki karra baxtni tuyaman. Uni soʻz bilan ifodalab berolmayman.

    Jamiyatda xotin-qizlarning oʻz oʻrnini topishida oilasining qoʻllab-quvvatlovi juda muhim. Turmush oʻrtogʻim kasbimni hurmat qilib, ishlashim uchun barcha sharoitni yaratib bergan. Uning oʻrnida boshqa odam boʻlganida, ehtimol, oilada ham, ishda ham bugungidek natijaga erisholmagan boʻlardim. Farzandlarim ham doim meni tushunib, yonimda turgan. Barchasi hayotda oʻz yoʻlini topgan. Oila davrasida oʻtirganimizda “Meni hamisha qoʻllab-quvvatlaganingiz uchun sizlardan minnatdorman!” deb aytib turaman...

    Iroda TOSHMATOVA,

    “Yangi Oʻzbekiston” muxbiri


    Telegram kanalimiz
    Text to speech