2018-yili Samarqand qishloq xoʻjaligi instituti negizida yangidan tashkil etilgan Samarqand veterinariya meditsinasi instituti iqtisodiyotimizda muhim oʻrin tutadigan veterinariya va chorvachilik sohasi uchun mutaxassislar tayyorlab berishi, mehnat bozori ehtiyoj va talablari asosida faoliyat koʻrsatishi nazarda tutilgandi. Oʻtgan davrda taʼlim muassasasi jamoasi barcha imkoniyatini ishga solib, xalqimiz ishonchini oqlashga, raqobatbardosh kadrlar tayyorlashga intildi va muayyan maʼnoda buni uddaladi. Zotan, ilmiy faoliyat, oʻquv jarayoni va xoʻjalik ishlarini yuritishga oid muammoli jihatlarimiz hali bisyor.

Besh yil tarix oldida juda qisqa muddat, ammo shu vaqt davomida oliygoh nafaqat yurtimiz, balki Markaziy Osiyo va MDH davlatlari oliy taʼlim muassasalari orasida ham oʻziga xos nufuzga ega boʻldi va tan olindi. Davlatimiz rahbarining 2022-yil 31-martdagi “Veterinariya va chorvachilik sohasida kadrlar tayyorlash tizimini tubdan takomillashtirish toʻgʻrisida”gi qarori asosida institutimiz universitetga aylantirildi hamda yangi, zamonaviy yoʻnalishlarda mutaxassislar tayyorlay boshladi.

Bu bilan xalqimiz oldidagi masʼuliyatimiz yanada oshdi, zimmamizdagi majburiyatlar koʻpaydi. Shu bilan birga, sohani chuqur oʻrgangan sari undagi yutuq va kamchiliklar, muvaffaqiyat va imkoniyat haqida muayyan tushunchalar shakllana boshladi. Sohaga oid muammolarni yaqqol koʻra boshladik. Uning yechimi haqida aniq-ravshan tasavvur paydo boʻldi.

Bu anchadan beri tinchlik bermayotgan gʻoyani roʻyobga chiqarishga undadi. Biz, avvalo, mutaxassis tayyorlaydigan tizimni qaytadan yangi bilim va tushunchalar asosida shakllantirib olishimiz zarur edi. Chunki jarayonni kimlar boshqarishi, qanday saviyadagi mutaxassislar tayyorlash kerakligi oʻta muhim. Biz shu salohiyat, tushuncha va bilimlar, qolaversa, shu odamlar bilan Yangi Oʻzbekistonni qurishda ishtirok etishimiz kerak.

Shu bois, ularning bilimi va tajribasini oshirib, koʻp izlanishi, samarali ishlashi uchun sharoit yaratish, iqtidorini yuzaga chiqarish asosiy vazifamizdir. 2022-yil sentyabrdan — joriy oʻquv yili avvalidan universitetimizda oʻta zamonaviy va katta imkoniyatlarga ega 9 ta laboratoriya ishga tushirildi. Oʻsha pallada yana eski muammolar bilan toʻqnashdik. Bu laboratoriyalarni kim yuritadi? Ulardan foydalana biladigan mutaxassislar bizda yetarlimi yoki mehmonlarga namoyish etiladigan muzey eksponatidek boʻlib qoladimi? Kimda bu laboratoriyalarni ishlatish layoqati va ixtisosligi bor, degan savollar paydo boʻldi.

Avvalroq laborantlar, doktorantlar, assistentlarning xorijdagi nufuzli oliy taʼlim muassasalarida taʼlim olishi, amaliyot oʻtashini yoʻlga qoʻygandik. Qolaversa, rejaga asosan, zamonaviy vivariy (hayvonlar klinikasi) ochgandik. Mana shu imkoniyatlarimizni uygʻunlashtirib, ilmiy salohiyatimizdan unumli foydalanish maqsadida yangi loyiha boshladik.

Avvalo, vivariy va laboratoriyalardan foydalangan holda ilmiy innovatsion markaz faoliyati yoʻlga qoʻyildi. Oliy attestatsiya komissiyasining barcha talabiga javob beradigan kamida 25 nafar mustaqil izlanuvchi va tadqiqotchi hamda veterinariya fanlari boʻyicha falsafa doktori yoki fan nomzodi ilmiy darajasiga ega olimlar suhbat orqali loyihaga jalb etiladi. Vivariyimizga qishloq xoʻjaligi jonivorlari, parranda va foydali hasharotlarning amaliyot uchun ehtiyojimizga mos har xil turini keltirdik. Har bir tur bilan ishlash uchun kamida ikkitadan mutaxassis jalb etamiz.

Masalan, parrandachilik boʻyicha ikki veterinar yuqumli va yuqumsiz kasalliklarni aniqlash, ikki zootexnik oziqlantirish texnologiyasi, bir biotexnolog mahsuldorlik oshishi uchun parvarishlayotganda qoʻllanadigan biotexnologik usullar ustida tadqiqot olib boradi. Demak, bir turdagi jonivorni 5 nafar mutaxassis chuqur va tizimli oʻrganadi. Mutaxassislar faoliyati qanday tashkil etiladi, degan savol paydo boʻlishi mumkin.

Biz laboratoriyadagi hayvonlar saqlanadigan volyer (maxsus joy)larga zamonaviy kameralar oʻrnatyapmiz. Har bir jonivor bir kalendar yili davomida 24 soat kuzatuvda boʻladi. Misol uchun, unda kasallanish boshlanishi, rivojlanishi, profilaktikasi, davolanish jarayoni, qoʻllangan muolaja usullarining samaradorligi — hamma-hammasi qayd qilib boriladi. Natija va xulosalar solishtirilib, muntazam tahlil qilinadi.

Jarayon haqida maxsus ilmiy nashrlarda haftalik, oylik xulosalar chop etiladi. Bu tajriba natijasida oʻnlab dolzarb ilmiy maqolalar eʼlon qilinadi. Eksperiment jarayoni nihoyasiga yetgach, olingan natijalar moliyalashtiriladi va amaliyotga joriy etiladi. Qolaversa, shu asnoda mustaqil tadqiqotchilarning dissertatsiyasi ham yoqlash uchun tayyor shaklga kelib qoladi. Bu faoliyatni innovatsion ilmiy inkubator deyish ham mumkin.

Har bir mustaqil izlanuvchi yoʻnalishi boʻyicha tadqiqot olib borsa, juda qisqa muddatda kamida 25 nafar yosh olimni tayyorlashimiz mumkin. Tadqiqotchi yoʻnalishi boʻyicha tajribalar oʻtkazadi. Har bir jarayondan tahlil olinib, taqqoslanadi. Natijada toʻgʻri tekshirilgan, haqqoniy tavsiyalar paydo boʻladi va plagiatga oʻrin qolmaydi. Qisqasi, nazariyadan faqat eksperiment oʻtkazish uchun foydalaniladi. Mustaqil izlanuvchilarni tanlab olish boʻyicha ham talablar ishlab chiqilgan.

Jumladan, talabgor chet tilini V2 darajada bilishi, Oliy attestatsiya komissiyasi talabiga koʻra, mutaxassisligidan kelib chiqib himoyaoldi imtihonini topshirgan boʻlishi shart. Qolaversa, nomzod tanlagan yoʻnalishga qiziqishi, dastlabki zarur bilim va tushunchaga ega, mustaqil tadqiqot qilish qobiliyati shakllangan boʻlishi kerak. Loyiha uchun tanlangan mustaqil izlanuvchilar universitetga taalluqli odamlar boʻlmasligi ham mumkin.

Qayerda ishlashidan qatʼi nazar, loyihaga jalb qilingan izlanuvchi, albatta, Samarqand viloyatida muqim yashayotgan boʻlishi majburiy talab. U kunning muayyan qismida kelib, kameradagi yozuvlarni olib, oʻziga biriktirilgan eksperimentni muntazam kuzatib borishi kerak. Zamonaviy kameralar tadqiqotchilarning smartfoniga ulanadi. Talabgor kunning istalgan payti kelib, loyiha bilan tanishishi, jarayonni kuzatishi mumkin. Bu, avvalo, atrofdagi talabalarga ijobiy taʼsir koʻrsatib, ularni ruhlantiradi, ixtisosligiga qiziqishini oshiradi.

Qolaversa, amaliyot jarayonida olib borilayotgan tadqiqotlar natijalari bilan talabalar ham tanishtirib boriladi. Bu esa, oʻz navbatida, oʻrganilayotgan yoʻnalishning yanada qiziqarliligini taʼminlaydi. Ayni paytda yurtimizdagi yana bir necha oliy taʼlim muassasalarida veterinariya yoʻnalishi ochilgan. Ularda soha uchun mutaxassislar tayyorlaydigan professor-oʻqituvchilarga talab katta. Ilmiy maktabimizdan yetishib chiqadigan yosh olimlar mamlakat boʻylab barcha OTMlarda faoliyat koʻrsatishi mumkin. Qolaversa, ular orasida sogʻlom raqobat muhiti shakllanadi.

Ushbu ilmiy maktabni oʻtagan tadqiqotchilar ustoz koʻrgan, amaliyotda toblangan, ilmiy ishning chinakam zahmatini totgan, qisqacha aytganda, maktab koʻrgan olimlar boʻladi. Kelgusida oʻzlari ham ana shunday mutaxassislarni tarbiyalaydi, plagiatga yoʻl qoʻymaydi. Loyihaning yana bir necha afzalligi bor. Biz odatda doktoranturada 3 yil oʻqitamiz. Ular har oyda kamida 5 million soʻmdan stipendiya oladi. Bu 3 yilda 180 million soʻm degani. Agar mustaqil tadqiqotchilarning salohiyatidan samarali foydalansak, loyihani yoʻlga qoʻyish natijasida davlat byudjetidan ketadigan 180 million soʻm tejab qolinadi.

Shuningdek, yoqlangan har bir ilmiy ishni tijoriylashtirish masalasi ham bor. Agar uning samaradorligi ishlab chiqaruvchiga isbotlab berilsa, loyiha uchun sarflangan mablagʻ qoʻshimcha qiymat tugʻdiradi. Qolaversa, universitet byudjetiga foyda ham keltira boshlaydi. Hozir mazkur tizimni realizatsiya qilish jarayoni boshlangan. Laboratoriya, vivariy tayyor. Obyektlar, jonivorlar keltirilgan. Mustaqil izlanuvchilar bilan suhbat, tanlov jarayoni olib borilmoqda. Har bir tur uchun qilinishi kerak boʻlgan kundalik ishlar rejalashtirib qoʻyilgan.

Tabiiy fanlarda ilhom kelishini kutib oʻtirish yaramaydi. Ish muntazam tashkil etilishi kerak. Har kunlik yumush vaqtida bajarilishi, qayd etib borilishi muhim. Bugungi ishni ertaga qoldirsak, tajriba ishida xatolik yuzaga keladi. Tabiiy fanlarda birlamchi materiallar, nazariyadan soʻng kundalik ishlar har kuni vaqtida qayd etilib, tahlil qilinib, xulosa chiqarib boriladi.

Mazkur jarayonda toblangan mutaxassislar bir qarashdayoq jonivorga nima kerakligini, qayeri bezovta qilayotganini biladi. Rangi, koʻrinishiga qarab tashxis qoʻyib beradi. Bunday mutaxassislar bizga suv va havodek zarur. Shundagina xorijdan katta pulga mutaxassis chaqirishga zarurat qolmaydi. Bu — yirik loyiha. Iqtisodiyotimiz uchun foydali va samarali boʻlishi bilan birga, oʻqitish sifati oshishiga, raqobatbardosh kadrlar tayyorlanishiga, taʼlimning fan va ishlab chiqarish bilan integratsiyalashuviga xizmat qiladi.