Innovatsion texnopark — yoshlar uchun imkoniyatlar maskani

    Shaharchaning qoq “yuragi”da bunyod etilgan muhtasham bino — Inno texnopark endi yigit-qizlarning g'oyalarini ro'yobga chiqarishga ko'maklashadi.

    Mexatronika, biotexnologiya, robototexnika, dasturlash... Dunyoda kun sayin ehtiyoj ortib borayotgan va hayotimizdagi aksariyat ixtirolarga yo'l ochayotgan mazkur zamonaviy yo'nalishlar yurtimizda jadal rivojlanayotgan sohalardan biriga aylandi. Bir necha yil oldin biz uchun yangi bo'lgan bu tushunchalar bugun turmushimizning har jabhasiga kirib bormoqda.

    Respublikamiz bo'ylab tashkil etilayotgan “biznes inkubator”, akkselerator va kovorking o'quv kurslari, IT markazlari shu sohaga qiziqqan, g'oyasini amaliyotga tadbiq etish istagidagi minglab yoshlarga imkoniyatlar eshigini ochmoqda. Oramizda innovator, dasturchi yoshlar, ixtirochi yigit-qizlar safi kengaymoqda. Ular yaratgan zamonaviy qurilma, loyihalar esa ishlab chiqarishga joriy qilinib, nafaqat yurtimiz, balki xorij bozorlaridan joy olmoqda. Bir so'z bilan aytganda, innovatsiya bizning hayotimizga shiddat bilan kirib keldi.

    Poytaxtimizdagi Talabalar shaharchasining qoq markazida qad rostlagan Innovatsion o'quv va ishlab chiqarish texnoparki ana shunday innovatsion, zamonaviy inshootlardan biri. Kuni kecha ochilish marosimi o'tkazilgan texnopark eshiklari endilikda, robototexnika, energetika, elektrotexnika va biotexnologiya kabi yo'nalishlarga qiziquvchi, o'z g'oyasiga ega iqtidorli yoshlar, shu sohalardan birida ta'lim olayotgan talabalar hamda oliy o'quv yurtlari o'qituvchilari uchun doimo ochiq.

    Talabalar shaharchasi go'yo alohida innovatsion hudud. Bu yer hamisha yoshlar bilan gavjum. Aksariyati yon-atrofdagi oliy o'quv yurtlarida texnika yo'nalishida tahsil oladi. Ular zamonaviy qurilma, gadjetlarni yaxshi tushunish barobarida, o'zlari ham innovatsion loyihalarni ishlab chiqish imkoniyatiga ega ilg'or yigit-qizlar.

    Shaharchaning qoq “yuragi”da bunyod etilgan muhtasham bino — Inno texnopark endi ularning g'oyalarini ro'yobga chiqarishga ko'maklashadi. Boisi, bu yerga shu yo'nalishdagi oliy o'quv yurtlari talabalarini ko'proq jalb etib, amaliy saboqlarini bino ichida o'tish, nazariy bilimlarini amaliyot bilan uyg'un olib borish, o'quv dasturlarini ilg'or texnologiyalardan kelib chiqib takomillashtirish maqsad qilingan. Ular bu yerda yirik zavodlardagi kabi eng ilg'or texnikalarni ko'rib, mutaxassislar ko'magida ishlatib ham ko'radi. Chizmalardan tayyor mahsulot yasashgacha bo'lgan jarayon bilan amalda tanishadi.

    — Buning uchun texnoparkda barcha sharoitlar mavjud, aniqrog'i, ushbu maskan aynan shu tizim — ta'lim, fan va ishlab chiqarishni uyg'unlashtirishga moslangan, — deydi Innovatsion rivojlanish vazirligi huzuridagi Innovatsiyalar milliy ofisi bosh direktori Olimjon To'ychiyev. — Bino 3 qavatdan iborat bo'lib, biotexnologik laboratoriya, ishlab chiqarish xonasi, tuproq unumdorligini tahlil qilish laboratoriyasi, 20 ga yaqin ofislar, robototexnika, standartlashtirish, 8 ta kovorking, 3 ta trening va o'quv xonalari, kutubxona, oshxona va boshqa xonalardan iborat. Biologik tajribalar uchun issiqxona ham barpo etilgan. Ammo bu inshoot shunchaki amaliyot o'taydigan kichkinagina uchastka yoki zavod emas. Unda iqtidorli yoshlar, talabalar o'zlarining g'oyalari, startap loyihalarining prototiplarini yaratib, bozorga chiqadigan tayyor mahsulotga aylantirishlari mumkin. Buning uchun texnoparkda hatto, bank, davlat xizmatlari markazi, intellektual mulk agentligi filiallari joylashtirilgan. Ana shu davlat idoralari xizmatlari yordamida binodan tashqariga chiqmasdan turib, yangi korxonalar tashkil etish mumkin.

    Turkiya tajribasi

    Texnopark to'liq innovatsion yechimlar asosida bunyod etilgan. Asosiy binosi monolitdan qurilgan. Barcha metal karkaslariga yong'indan himoya qiluvchi bo'yoqlar bilan ishlov berilgan. Devorlarida isitish va gidroizolyatsiya ishlari bajarilgan. Tashqi va ichki qismi energiya tejovchi uskunalar bilan jihozlangan. Tom qismida esa 40 kilovatgacha energiya tejovchi quyosh panellari mavjud.

    Texnopark binosining tashqi mahobati bir tomon bo'lsa, ichki zamonaviy ko'rinishi, innovatsion yo'nalishdagi dizayni yanada hayratlanarli. Hi-tech uslubiga xos zamonaviylik bir vaqtning o'zida oddiylik va hashamat, ranglar uyg'unligini mujassam etgan. Kiraverishdanoq maxsus dastur yordamida boshqariladigan eshik e'tiborni tortadi. Katta va uzun kirish yo'lagi orqali esa 3 qavatli binoning bor mahobatini ko'rish mumkin. Hatto, qaysi xonaga kirishni bilmay, aql shoshib qoladi...

    O'tgan asrning 50-60 yillarida ilk bor AQSHning Stenford universitetida ish boshlagan texnopark faoliyati keyinchalik, dunyoda keng ommalasha boshladi. Bugun jahonda ishlab chiqarish texnoparklari ko'payib borayotgan bo'lsada, aslida, ilk tajribadan ko'rinib turibdiki, bunday maskanlar oliy o'quv yurtlari bilan bog'liq holda ish olib boradi. YUrtimizda bu yo'nalish nisbatan yangi bo'lgani bois, Inno texnoparkni tashkil etishda boshqaruv kompaniyasi sifatida 20 yillik tajribaga ega Turkiyaning “Yildiz” texnoparki jalb qilindi. 2019-2020-yillarda ushbu davlatning eng yaxshi texnoparki, deb topilgan mazkur korxona jahonda ham mashhur. Turkiyadagi 67 ta texnoparkka qarashli 47 ming kishining beshdan biri “Yildiz”ning xodimlari. 2020-yilda korxonaning umumiy pul aylanmasi qariyb 13 milliard dollarni tashkil etgan. eksportdan olingan foyda esa 4,6 milliard dollarga teng bo'ldi.

    Inno texnopark loyihasining umumiy qiymati 110 milliard 318 million so'm bo'lib, O'zbekiston Respublikasi Oliy va o'rta maxsus ta'lim vazirligi hamda Innovatsion rivojlanish vazirligi mablag'lari hisobidan amalga oshirildi. Turkiyalik hamkorlar esa o'z tajribalari asosida loyihaning amaliy jihatlarida ko'maklashmoqda. Shu kunlarda yurtimizga hamkor tashkilotdan yana 8 nafar mutaxassis kelib, yaqin yillarda texnopark tizimida bajariladigan ishlar bo'yicha o'z tavsiyalarini berish bilan birga, yoshlarga motivatsion treninglar o'tadi.

    — Toshkentga kelganimizga 3 oy bo'ldi. Inno texnoparkka maslahatchi sifatida taklif etilganmiz. Ochig'i, qardoshlarimiz bilan shunday yirik loyihada hamkorlik qilayotganimizdan juda mamnunmiz, — deydi Turkiyadagi Yildiz texnika universiteti rektor maslahatisi, professor Serdar Bilgi — Bunda eng avvalo, tajribalarimizni do'stlarcha va halollik bilan tadbiq qilishni maqsad qilganmiz. Muayyan vaqt — 3 yoki 5 yilda mutaxassislarimizni olib kelib, mahalliy kadrlarni tayyorlashga ko'maklashmiz. Hozir ana shu model ustida ishlab, loyiha taqdimotini ham qildik.

    Bilasizmi, Turkiyada texnoparklar o'z faoliyatini sekin va sust boshlagan. O'zbekiston esa o'zi uchun yangi bo'lgan bu sohada ilk qadamlarni juda dadil va chiroyli tarzda tashladi. Ishonamanki, Turkiya texnoparklar amaliyotida 20 yilda kelgan nuqtaga O'zbekiston qisqa vaqtda etib boradi.

    G'oya ixtiroga aylanadi

    Hayolimizda o'ylab yurgan loyihalarimiz ba'zan real hayotga mos kelmasligi yoki ishlab chiqaruvchi talabiga javob bermasligi mumkin. Shu bois, ba'zan uni kimningdir ko'magida takomillishtirish, bilimlar asosida aniq tizimga solish talab etiladi. Innovatsion rivojlanish vazirligi huzurida tashkil etilgan Inno texnopark yurtimizda ish boshlagan ko'plab ishlab chiqarish texnoparklaridan ana shu jihatlari bilan farq qiladi. Ya'ni, bu yerda yoshlar ishlab chiqarishni yo'lga qo'yishdan oldin ilmiy amaliyot orqali nazariy bilimlarini oshiradi. Ko'ngillilar uchun g'oyasining tayyorlik darajasi, bosqichiga ko'ra, olti oygacha davom etadigan o'quv kurslari ham taklif etiladi. Ularda malakali mutaxassislar, taniqli tadbirkorlar tomonidan loyihalarni to'g'ri taqdimot qilishdan tortib, uni rivojlantirish, biznes reja tayyorlash va boshqa ko'plab bilimlar beriladi. Bepul kurslarga yigit-qizlar tanlov asosida saralab olinadi.

    Inno texnopark respublikamiz bo'ylab tashkil etilayotgan Yoshlar texnoparkidan ham farq qiladi. To'g'ri, bir qarashda, har ikkisi ham o'xshash printsipda ishlaydi, ammo Yoshlar texnoparki nisbatan kichik — 1000-2000 kvadrat metr maydonda qurilish bilan birga, unga asosan yosh qatlam vakillari jalb qilinadi. Inno texnopark esa salkam 11 ming kvadrat metr maydonda qad rostlagan. Bu yerda istalgan yoshdagi kishi sinov talablari asosida o'z loyihasini amalga oshirishi yoki onlayn registratsiya orqali ko'rsatiladigan xizmatlardan foydalanishi mumkin.

    — Bizning maqsadimiz o'z g'oyasi bilan kirib kelgan iqtidorli yoshlarga amaliy ko'mak berib, loyihani tayyor mahsulotga aylantirish va bozorga chiqarishgacha bo'lgan jarayonda ko'maklashishdan iborat, — deydi Toshkent davlat texnika universiteti Ilmiy ishlar va innovatsiyalar bo'yicha prorektor Ne'matov Sherzod. — Buning uchun avval ularni o'qitib, zarur bilimlar beriladi. Hatto, texnika sohasiga qiziquvchi yoshlarda g'oya paydo bo'lishi uchun ham texnoparkdagi kurslarga jalb qilamiz. Ular topshiriqlardan o'tib, testlarni topshirganidan keyingina u erdagi mavjud zamonaviy texnikalardan foydalanishi mumkin bo'ladi. Boisi, texnika-texnologiyalar Yaponiya, Germaniya, Rossiya, Turkiya, Xitoy davlatlaridan olib kelingan bo'lib, foydalanishdan oldin o'rganishni talab etadi. Bu texnika xavfsizligi jihatidan ham muhim.

    Bundan tashqari, texnopark binosida yirik ishlab chiqaruvchi korxonalarning vakolatxonalarini joylashtirish ko'zda tutilgan. Yoshlar yirik tadbirkorlar bilan yonma-yon ishlash asnosida, o'z mahsulotlariga katta buyurtmalar olish imkoniyatini ham qo'lga kiritishi mumkin.

    “Aqlli” suv va kamera

    Qulayliklardan yana biri, innovatsion texnoparkda talabalarning amaliyot o'tashi bepul, rezidentlar uchun esa soliq imtiyozlari joriy etilgan. Rezidentlarni qabul qilishda texnopark tashkiliy tuzilmasining Maslahat kengashi komissiya sifatida faoliyat yuritadi va talabgorlarni o'rganib chiqadi. Jarayonga jalb etiladigan oliy ta'lim muassalari, ilmiy tadqiqot muassasalari va ishlab chiqarish tashkilotlari mutaxassislari bir qancha mezonlar bo'yicha o'z xulosalarini bergach, shu asosida rezidentlar qabul qilinadi.

    Texnoparkning ochilish marosimida ilk rezidentlar o'z loyihalari bilan ishtirok etdi. Toshkent davlat texnika universiteti 4-bosqich talabasi Dilshod Hasanovning “Smart Water”, ya'ni “Aqlli suv” deb nomlangan loyihasi taqdimoti ko'pchilikda qiziqish uyg'otdi. Ishtirokchi tomonidan yasalgan kichkina qurilma suv havzalarida suv sathini o'lchab, uning kamayishi yoki ko'payishi, bu borada ko'rish zarur bo'lgan choralar to'g'risidagi ma'lumotlarni respublikadagi yagona serverga yetkazib turadi. Ayni paytda yurtimizdagi bir qancha suv havzalariga 450 ta shunday datchiklar o'rnatilgan. Ixtirochi buni zavod mexanizmida yasamaganiga qaramay, qurilma samarali ishlamoqda. Endilikda, Dilshod texnoparkda rezident sifatida faoliyatini yo'lga qo'ib, yiliga mingtagacha ana shunday maxsus qurilmalarni ishlab chiqarmoqchi.

    Xalqaro Vestministr universiteti bitiruvchisi Shahzod Umurzoqov va uning jamoasi esa sun'iy intellektga asoslangan aqlli kamerani namoyish etdi. U odatiy kameralardan bir qancha murakkab funktsiyalarni mustaqil bajara olishi bilan farq qiladi. Masalan, odatdagi kuzatuv kameralaridan ma'lumotni olish uchun serverga ulanib, so'ng qaydlarni qayta ishlashga to'g'ri kelsa, aqlli kamera bu tahlillarni maxsus mexanizm asosida o'zi amalga oshiradi va foydalanuvchiga kerakli ma'lumotlarni jo'natadi.

    Ayni aytda respublikamiz bo'ylab 3 mingta ana shunday kameralar o'rnatilib, 32 ta kompaniya bilan ishlar tashkillashtirilgan. Asosan, savdo do'konlari, ta'lim tizimiga joriy etilmoqda. Boisi, aqlli kameralar odam gavjum savdo do'konlarida marketing uchun zarur ma'lumotlarni tahlil qilib, etkazib bersa, ta'lim jarayonlarida o'quvchilarning darslarni o'zlashtirish ko'rsatkichlaridan tortib, dars vaqtida qay holatda o'tirganigacha aniqlab beradi. Bu orqali o'qituvchining dars o'tish sifatini ham baholaydi.

    Inno texnopark dekabr oyidan yuzlab ana shunday iqtidorli, izlanuvchan yoshlarni qabul qila boshlaydi. Ushbu maskan innovatsion g'oyalarini amalga oshirish istagidagi yigit-qizlar uchun “g'oyalar generatori” vazifasini o'taydi. Intiluvchan yigit-qizlar bu erda bilimlarini takomillashtirish bilan birga, daromad ham topadi.

    Yoshlarda yanada imkoniyat yaratish maqsadida texnopark boshqaruv kengashi har oynnig bir kunini “Demo day”, ya'ni taqdimotlar kuni sifatida belgilashni maqsad qilgan. Unga ishlab chiqaruvchilar, tadbirkorlar, davlat tashkilotlari vakillari, banklar va investorlar taklif qilinib, rezidentlarning istiqbolli loyihalari taqdim qilinadi. Ishlab chiqarishga loyiq topilgan loyihalar investorlar tomonidan shu erning o'zida qo'shimcha moliyalashtiriladi.

    Demak, endi “yaxshi g'oyam bor”, deya eshikma-eshik yurib, investor izlash ortda qoldi. Yurtimizdagi iqtidor egalari, loyihalar mualliflari Inno texnopark singari zamonaviy maskanlarda qulay va shinam muhitda o'z g'oyalarini taqdim qiladilar.

    Iroda TOSHMATOVA,

    “Yangi O'zbekiston” muxbiri