Maʼlumki, bu buyuk zotning ismi sharifi mustabid shoʻrolar hukmronligi davrida “bosqinchi”, “zolim va tajovuzkor” kabi salbiy tamgʻalar bilan qoralanib kelindi. Holbuki, bu ulugʻ zotning nomini tarix sahifasidan butunlay oʻchirib tashlash uchun qancha kurashilmasin mustaqillik shabadasi barcha nohaqliklarni yoʻqqa chiqardi.
Olimlar Sohibqiron haqidagi maqola eʼlon qilish barobarida rang-barang risola va kitoblar chop eta boshladi. Badiiy adabiyotda esa bu ulkan siymoning badiiy obrazini yaratish oson kechmadi. Chunki Amir Temurdek ulkan tarixiy shaxs obrazini badiiy gavdalantirishga har qanday ijodkor jurʼat etmasdi. Qolaversa, Sohibqiron yashagan davr, tarixiy sharoit, uning betakror sarkarda, ulkan hukmdor, dinu adolat homiysi sifatidagi barcha qirralarini toʻla qamrab olishni hamma ijodkorlar ham uddalay olmasdi. Toʻgʻri, hamisha hozirjavob lirika, badiiy publitsistika va kichik epik janrlarda Amir Temur haqida bir qator asarlar yaratildi. Biroq bular buyuk davlat arbobining dunyo xalqlari tarixida, ilm-fan, madaniyat va sanʼat rivojida tutgan oʻrni va rolini toʻlaqonli yoritishga ojiz edi.
Amir Temur hayoti va faoliyatini tarixan haqqoniy aks ettirish orqali uning Turonzamin, Yaqin va Oʻrta Sharq hamda Ovrupo xalqlari tarixiy taqdirida tutgan oʻrnini koʻrsatish, shu paytga qadar ilmiy, tarixiy va badiiy asarlarda unga berilgan notoʻgʻri, nosamimiy baho hamda talqinlarga qarama-qarshi oʻlaroq obyektiv badiiy baho berish muammosi har bir ijodkor oldida turardi. Xususan, bu masala Oʻzbekiston xalq shoiri Abdulla Oripovni qisqa muddat ichida Sohibqiron tarixiga oid juda koʻplab materiallarni puxta oʻrganishga undadi. Mana shu jihatdan qaralsa, muallif Amir Temur haqida badiiy asar yaratish uchun drama janriga murojaat etib, toʻgʻri yoʻl tutgan.
Abdulla Oripovning “Sohibqiron” dramasi Amir Temurning XIV asr oxiri va XV asr boshlaridagi tarixiy-siyosiy jarayonlarda tutgan oʻrni, salohiyati, tarix gʻildiragi harakatining daraja va miqyosini ham yoʻnalish, ham harakat maromi jihatidan belgilab beruvchi hukmdor ekanligi aniq-tiniq ochib bergan. Mazkur asarda uning oʻz farzandlari va nabiralariga mehribon, oʻrni kelganda qattiqqoʻl ota va bobo, gʻamxoʻr va sadoqatli yor, inson koʻnglini tez va nozik ilgʻab oladigan ruhshunos diplomat, dushmanlarning makru-hiylalarini oldindan sezib, ularga zid tadbirlarni ishlab chiqishga qodir sarkarda sifatidagi tarixiy-badiiy qiyofasi mohirona aks ettirilgan, deb bemalol aytish mumkin.
A.Oripov besh pardali dramasida ushbu ulkan tarixiy shaxsining besh koʻrinishini – hukmdor va sarkarda, oddiy inson va vafodor yor, gʻamxoʻr va qattiqqoʻl ota, beqiyos madaniyat homiysi va oʻtkir diplomat sifatidagi xislatlarini yorqin yoritib bera olgan. Shu jihatdan “Sohibqiron” kompozitsiyasi alohida ahamiyat kasb etadi.
“Sohibqiron” dramasida zafar bilan qaytayotgan Amir Temurni tantana bilan kutib olish bahonasida xalqqa ogʻir soliq solib, el-yurt osoyishtaligiga rahna solishga intiluvchi, buzgʻunchi saroy amaldorlarining jazolanishi namoyish etiladi. Dramadan maʼlum boʻladiki, bunday davlat arboblari hamma vaqt mamlakatni ichidan nuratish, xalq oʻrtasida norozilikni kuchaytirishga harakat qilgan. Shu bois Amir Temur oʻz faoliyatida bunday amaldorlarga qattiqqoʻllik bilan munosabatida boʻlgan. Davlat, hokimiyat manfaatlariga zid boʻlgan, hokimiyat obroʻsiga putur yetkazadigan har qanday xatti-harakatning oldini olishga intilgan va uning sababchilariga nisbatan adolatli jazo bergan.
Amir Temurning adolat bilan davlatni boshqaruvi, xalqqa jabr-zulm qiluvchi mansabdor shaxslarga shafqatsizligi haqidagi koʻrinishlar shoir oʻylab topgan shunchaki badiiy toʻqima emas. Dramada tasvirlangan voqealar Sohibqiron faoliyatida koʻplab uchraydi. Masalan, Rumo safaridan qaytishida Chechaktu elining dorugʻasi Abaq Telbani Amir Temur xalqning shikoyati bilan oyogʻidan osdiradi. Bu haqda Sharafuddin Ali Yazdiy quyidagicha yozadi: “Sohibqiron andin otlanib, Murgob suyiga kelib tushti va Chechaktu eli, Abaq Telbakim, alarning darugʻasi erdi, kelib shikoyat qildilar. Oʻshul zamon hukm boʻldi: ayogʻlarini teshib, in oʻtkarib, boshi tubon ostilar.”
Muallif dramada Xoja Mahmud Dovudni juma masjidini qurish bahonasida koʻp pullarni oʻzlashtirib, masjidni kichik va koʻrimsiz qurdirgani uchun Amir Temur uni Samarqanddan quvgʻin qildi, deb yozadi. Aslida Amir Temur safarda yurgan paytida Samarqandda devondorlik qilgan Mahmud Dovud va Muhammad Jaldlarni, shuningdek, bir qancha aybdorlarni oʻlimga hukm qiladi. Bu haqda “Zafarnoma” tarjimasida quyidagicha yozilgan: “Sohibqironi gitisimon raʼoyo va xoss va omm ahvoligʻa mashgʻul boʻlub, faqiru miskinlarga koʻp sadaqalar berib siyladi. Masjidi jumʼakim, hazrat oʻzi solib erdi, borib tafarruj qilib koʻrdikim, eshikini kichik solibturlar. Buyurdikim, “Buzub, ulugʻroq qilsunlar!” Va Xoja Mahmud Dovudni tutgurdikim, yaxshi mulohiza kilmagandur. Va Saroy Mulk xonim solgʻon madrasakim, masjidi jomeʼ aning muqobilasida turur, anda tushub, devonlar va amaldorlarni tutturdi. Va soʻragʻondin soʻng har kimdinkim yamon harakate voqi boʻlub erdi, ani yaxshi izzalar qildilar. Va ul jumladin Xoja Maxmud Dovud va Muhammad jaldkim, navisandalarning ulugʻlari erdilar va bu choqqachakim, hazrat yurushda erdi, alar Samarqandda devonlik kilur erdilar, ikkalasini toʻy kunidakim, Konigilda qildi, ul kun ostirdi”.
Yuqoridagi iqtiboslardan shu narsa ravshanlashadiki, Abdulla Oripov dramada Amir Temurning adolat yoʻlida nihoyatda qatʼiyatli hamda qattiqqoʻllik fazilati haqida hech qanday badiiy toʻqimaga murojaat etmagan. Aybdor amaldorning, insofsiz qassoblarning Sohibqiron tomonidan jazolanishi, oddiy xalqqa saxovatlar qilganligi tarixiy fakt boʻlib, muallif ulardan oʻrinli va meʼyorida foydalangan.
Xulosa qilib aytganda, ijodkor Amir Temur hayotining eng dramatik, eng nishab davrlarini drama janrining talablari doirasida aks ettirishga toʻla erishgan. Natijada, Sohibqironning yirik markazlashgan davlat boshligʻi, oʻtkir harbiy strategiya va taktika nazariyotchisi, din va millat rahnamosi, insof va adolat homiysi qiyofasida namoyon boʻlgan.
Durdona Rasulmuhamyedova,
Toshkent davlat yuridik universiteti dotsenti









