Odamlar yaxshi yashashi uchun nima kerak boʻladi? Yaxshi taʼlim, farovon yashash va ishlash sharoitlari, qonun ustuvorligi, fundamental inson huquqlarining taʼminlanganligi. Buni hamma davlatda amalga oshirib boʻladimi?

Toshkentda boʻlib oʻtayotgan “Tashkent Law Spring” xalqaro forumida Singapurning Ichki ishlar va huquq vaziri K.Shanmugam shu haqda gapirdi. Uning fikricha, taraqqiylashmagan mamlakatda inson huquqlari ulugʻlanishini kutishning hojat yoʻq. Ammo hamma davlat oʻz imkoniyatlaridan kelib chiqib buni amalga oshirishga urinib koʻrishi kerak.

«Men sizlarga Singapurning yutuqlari haqida emas, uning imkoniyatlari haqida gapirmoqchiman. Balki sizda ham bunday imkoniyatlar bordir va insonning dastlabki, fundamental huquqlarini roʻyobga chiqarish uchun oʻz mamlakatingiz miqyosida buni qoʻllasangiz boʻladi», — deydi vazir.

Vazirga koʻra, inson resursi birinchi oʻringa chiqishi uchun:

  1. Kuchli markazlashgan hukumat kerak (u taʼlim, sogʻliqni saqlash – inson huquqlarini taʼminlash boʻyicha boshqa barcha majburiyatlarini toʻliq bajarishi shart).
  2. Kompetentligi boʻlgan — kuchli bilim va koʻnikmaga ega boʻlgan davlat xizmatchilarini ishga olish kerak.
  3. Mamlakatda yashaydigan millatlar birlashuvi kerak.

Shanmugam Singapur qayerdan boshlanganini, hozir qayerda ekanligini va keyinchalik qanday boshqarilishini gapirib berdi. Uning taʼkidlashicha, bir paytlar Singapurning malaylar bilan qattiq nizolari va ziddiyatlari boʻlgan. Bu shahar-davlat Malayziyaning tijoriy markazi boʻlgan va tabiiyki, mustaqil boʻlish uchun davlatning tabiiy resurslari yoʻq edi. Singapur davlatchiligini qurish uchun ham kuchli va yetarli asoslar boʻlmagan.

Bundan tashqari mamlakat Britaniyaning koloniyalaridan biri sifatida oʻzining identifikasiya qiladigan biror bir asosiga ham ega boʻlmagan. U yerda ijtimoiy, diniy, siyosiy nizolar koʻp boʻlgan. Jinoyatchilik, korrupsiya avjiga chiqqan. Aholida oddiy yashash sharoitlari, kommunal xizmatlar umuman yaxshi boʻlmagan. Shunga qaramay mamlakat bugun juda shijoatli insonlar yashaydigan, zamonaviy davlatga aylandi.