2 Mar 2025
18:51

    Insonparvarlik tamoyili: adolat va qonun ustuvorligi — inson huquqlari kafolati

    Mamlakatimizda so‘nggi yillarda ichki ishlar organlari sohasida, xususan, jazoni ijro etish tizimida ham aniq manzilli yondashuvga asoslangan keng ko‘lamli islohotlar amalga oshirildi. Mazkur tizim faoliyatini yanada takomillashtirish, jazo muddatini o‘tayotgan shaxslar huquqlari va qonuniy manfaatlari doirasini kengaytirish, yashash sharoitlarini yaxshilashga qaratilgan 3 ta qonun, Prezidentimizning 6 ta qarori, hukumatning 9 ta qaror va farmoyishi, idoraviy va idoralararo 15 ta normativ-huquqiy hujjat qabul qilindi.

    BMT Bosh Assambleyasining 2015-yil 17-dekabrdagi rezolyutsiyasiga asosan, “Mahkumlar bilan muomala qilishning minimal standartlari qoidalari” (Nelson Mandela qoidalari) milliy qonunchiligimizga implementastiya qilindi. Unga ko‘ra, tibbiy yordamga muhtoj mahkumlarni Sog‘liqni saqlash vazirligi hududiy muassasalariga joylashtirish amaliyoti joriy etildi. Mahkumlarga psixologik yordam olish huquqi, og‘ip kasallikka chalinganlariga esa yaqinlari bilan telefon orqali qo‘shimcha so‘zlashish, zarur hollarda shifokorning ruxsati bilan uchrashishga ruxsat berildi. Ruhiy holati buzilgan vaqtda mahkum tomonidan sodir etilgan tartibbuzarlik uchun intizomiy jazo choralari qo‘llash bekor qilindi.

    Jazo muddatini o‘tayotgan ayrim shaxslarga ilk marotaba saylov huquqi berildi

    Milliy qonunchiligimizni xalqaro standartlarga muvofiqlashtirish maqsadida unga kiritilgan o‘zgartirishlar xususida uzoq so‘z yuritish mumkin.

    Xususan, 2019-yilda ijtimoiy xavfi kam, shuningdek, uncha og‘ir bo‘lmagan jinoyatlarni sodir etib, jazo muddatini o‘tayotgan shaxslarga ilk marotaba saylov huquqi berildi. Bu jazo muddatini o‘tayotgan shaxslar huquqlari tengligi va erkinligi qonun bilan kafolatlanganidan dalolat.

    Bugungi kun holatiga ko‘ra, saylash huquqiga ega mahkumlar soni 6873 nafarni tashkil etadi. Shundan 282 nafari ijtimoiy xavfi katta bo‘lmagan, 1146 nafari uncha og‘ir bo‘lmagan jinoyat sodir etgani uchun jazo muddatini o‘tayotgan mahkum hamda 5445 nafari tergov va sud ixtiyo ridagi shaxs hisoblanadi.

    Mamlakatimizda inson huquqlariga doir yana bir muhim islohot umumiy, qattiq, maxsus turma tartibli va tarbiya muassasalarida saqlanayotgan shaxslarning yaqin qarindoshlari bilan telefon so‘zlashuvlari, uchrashuvlari va jo‘natma qabul qilishlari soni qariyb ikki barobar ko‘paytirilganida namoyon bo‘ladi.

    Unga ko‘ra, telefon so‘zlashuvlari umumiy tartibli koloniyada 6 martadan 12 taga, qattiq tartiblida — 3 martadan 5 taga, maxsus tartibli va turmada — 2 martadan 4 taga, tarbiya koloniyasida — 12 martadan 24 taga, yo‘qlov olish esa umumiy tartibli koloniyada — 6 martadan 12 taga, qattiq tartiblida — 4 martadan 8 taga, maxsus tartibli va turmada — 3 martadan 6 taga, tarbiya koloniyada — 6 martadan 12 taga oshirildi. Qisqa muddatli uchrashuvlar ham shu tartibda ko‘paytirildi.

    Manzil koloniyalarda jazo muddatini o‘tayotganlarning pensiya olish huquqlari qonun bilan belgilandi. Xususan, 2019-yil 28-avgustda kuchga kirgan “O‘zbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risida”gi qonunga asosan, mahkumlarning ish haqidan ijtimoiy sug‘urta ajratilmasligi belgilanib, pensiya ta'minotiga ega bo‘lishi ta'minlandi.

    Ushbu qonunning qabul qilinishi fuqarolarning ijtimoiy muhofazasini yanada kuchaytirishga qaratilgan chora-tadbirlarning mantiqiy davomi bo‘lib, ijtimoiy adolat prinsiplariga to‘la mos kelishini alohida ta'kidlash lozim.

    Endilikda manzil koloniyalarda jazoni o‘tayotgan, ozodlikdan mahrum etishga hukm qilingan shaxs larga nafaqat pensiya tayinlash, balki ozodlikdan mahrum qilingunga qadar to‘xtatilgan pensiya to‘lovini tiklash huquqi ham taqdim etildi.

    Manzil koloniyasida jazo o‘tayotgan mahkumlardan 152 nafari yoshiga ko‘ra va 11 nafari nogironligi bo‘yicha nafaqa olib kelmoqda.

    Jinoyat-ijroiya kodeksiga jazo muddatini o‘tayotgan shaxslarni rag‘batlantirish choralarini qo‘llash tartibini belgilovchi yangi norma kiritildi. Shuningdek, mahkumlarning jazo muddatini o‘tash davomida shaxsiy xavfsizligini ta'minlashga qaratilgan choralar kengaytirildi.

    Mahkumlarning huquqlari, erkinliklari va qonuniy manfaatlari ishonchli himoya qilinishi hamda jazoni ijro etish tizimida shaxsning axloqan tuzatish va jamiyatga ijtimoiy moslashuvi ta'minlandi.


    Mahkumlarning iltimosiga ko‘ra, uzoq muddatli uchrashuv qisqa muddatli uchrashuvga yoki masofali videouchrashuvga yoxud telefon orqali so‘zlashuvga, qisqa muddatli uchrashuv esa masofali videouchrashuvga yoki telefon orqali so‘zlashuvga almashtirilishi yo‘lga qo‘yildi hamda jazo muddatini o‘tayotgan shaxslarning olis masofadan keluvchi yaqin qarindoshlari uchun masofali uchrashuv xonalari tayyorlandi. Shuningdek, kam ta'minlangan oila vakili bo‘lgan jazo muddatini o‘tayotgan shaxslar yuqori haq to‘lanadigan ishlarga jalb etildi.

    Prezidentimizning 2017–2021-yillarda qabul qilingan tegishli farmonlariga asosan, qilmishidan chin dildan pushaymon bo‘lgan, tuzalish yo‘liga o‘tgan jami 4955 nafar shaxs afv etildi. Shundan 1776 nafari taqiqlangan tashkilotlar faoliyatida ishtirok etgan, 375 nafari ayol, 145 nafari chet el fuqarosi, 145 nafari 60 yoshdan oshgan shaxsdir.

    Shuningdek, 2017-yildan 2021-yilning 25-mayiga qadar jazo muddatini o‘tayotgan 43904 nafar shaxs insonparvarlik tamoyillari asosida jazoni ijro etish muassasalaridan ozodlikka chiqarildi. Bundan tashqari, Jinoyat-ijroiya kodeksining 113-moddasiga ko‘ra, 32 193 nafar shaxs manzil koloniyaga o‘tkazildi.

    Jazo muddatini o‘tayotgan shaxslar kasb-hunarga o‘qitilmoqda

    2021-yilning o‘tgan 6 oyida ulardan 250 nafari umumta'lim maktablarida, 480 nafari kasb-hunar (tikuvchilik, payvandchilik, rassomlik, kashtachilik, sartaroshlik va boshqa) markazlarida o‘qitildi.

    Vazirlar Mahkamasining “Ozodlikdan mahrum etilgan shaxslarning umumiy o‘rta va kasb-hunar ta'limi tizimini takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarori asosida Xalq ta'limi vazirligining 6 ta umumta'lim maktabi filialida jazo muddatini o‘tayotgan shaxslar tahsil olmoqda. Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligi tasarrufidagi 4 ta kasb-hunar ta'limi markazi ham ularni o‘qitishga ixtisoslashgan.

    Jazoni ijro etish muassasalari maqsadi jazolash emas, qayta tarbiyalash

    Insonni ijtimoiy foydali mehnatga jalb etish, uning kasbiy ko‘nikmasini shakllantirish tarbiyada muhim ahamiyat kasb etadi. Ya'ni halol mehnati evaziga oila tebratgan odam keyinchalik ham jinoyat ko‘chasidan yiroq yurishga intiladi.

    Shu bois, bugungi kunda jazo muddatini o‘tayotgan shaxslarni mehnat bozorida talab yuqori bo‘lgan kasblarga o‘rgatish, kasbiy mahoratini oshirish, bo‘sh vaqtlarini samarali o‘tkazishi va o‘z mehnati bilan oilasiga yordam berishini ta'minlash maqsadida muassasalarda ishlab chiqarish korxonalari tashkil etilgan.

    Prezidentimizning 2019-yil 29-yanvardagi “Ozodlikdan mahrum etilgan shaxslarning mehnat bilan bandligini ta'minlash bo‘yicha qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi qarori ishlab chiqarish quvvatlarini keng miqyosda yangilash va modernizasiya qilish, innovasion texnologiyalarni joriy etish orqali faoliyatni rivojlantirish, qo‘shimcha ish o‘rinlari yaratishga yanada keng yo‘l ochib berdi.

    O‘tgan davr mobaynida ushbu hujjat talablari asosida muassasalardagi korxonalarning ishlab chiqarish faoliyati rivojlantirildi, raqobatbardosh, ichki va tashqi bozorlarda xaridorgir bo‘lgan yuqori sifatli mahsulot ishlab chiqarishni o‘zlashtirish salohiyati oshdi.

    Bugungi kunda mavjud korxonalar tomonidan 100 dan ortiq turdagi mahsulotlar — pishgan g‘isht, quruq qorishmalar, keramzit, ohak, marmar, granit toshlar va zamonaviy mebel' jihozlari ishlab chiqarilmoqda. Bundan tashqari, to‘qimachilik mahsulotlari va poyabzal ishlab chiqarish ham keng yo‘lga qo‘yilgan. Bu kabi mahsulotlar yuqori sifati va narxi arzonligi bilan xaridorlarga manzur bo‘lib, ularga nafaqat ichki, balki tashqi bozorda ham talab ortib bormoqda.

    Amalga oshirilayotgan bu kabi ishlar o‘z o‘rnida jazo muddatini o‘tayotgan shaxslarni mehnat orqali tarbiyalash va ozodlikka chiqqach, egallagan kasbida faoliyat yuritishi uchun ham i mkoniyat yaratib bermoqda.

    Jazo muddatini o‘tayotgan shaxslarni ozodlikka tayyorlash, mamlakatimizda bo‘layotgan siyos iy va ijtimoiy voqealardan xabardor qilib borish uchun barcha muassasalarda fuqarolik jamiyati institutlari bilan o‘zaro hamkorlik yo‘lga qo‘yilgan.

    Jasliq koloniyasi tugatildi

    Islohotlar jarayonida mahkumlarga munosib sharoitlarni yaratish masalasiga ham alohida e 'tibor qaratilib, xalq tomonidan “Toshturma” deb ta'riflangan UYa 64/1 tergov hibsxonasi yopilib, o‘rniga Toshkent viloyati Zangiota tumanida xalqaro standartlarga to‘liq javob beradigan yangi 1-tergov hibsxonasi qurildi va 2018-yil 15-yanvardan foydalanishga topshirildi.

    Shuningdek, Jasliq koloniyasi tugatilib, unda saqlangan mahkumlar boshqa koloniyalarga o‘tkazildi.

    Mamlakatimizda so‘nggi yillarda ozodlikdan mahrum qilish jazosi o‘rniga muqobil (qamoq bilan bog‘liq bo‘lmagan) jazo choralarini qo‘llash tendensiyasining ko‘payishi kuzatilib, buning natijasida jazoni ijro etish muassasalaridagi mahkumlar soni kamayishi tufayli so‘nggi yillarda 3 ta yopiq turdagi koloniya tugatildi. Bu jarayon davom etmoqda.

    Mahkumlar huquqi himoya ostida

    Amaldagi Jinoyat-ijroiya kodeksining 18-moddasiga asosan, Oliy Majlisning Inson huquqlari bo‘yicha vakili (ombudsman) va Prezident huzuridagi Tadbirkorlik subyektlarining huquqlari va qonuniy manfaatlarini himoya qilish bo‘yicha vakil jazoni ijro etish muassasalariga moneliksiz kirish huquqiga ega bo‘ldi.

    Hozir jazoni ijro etish muassasalariga kirishiga ruxsat etilgan shaxslarga hech qanday to‘siq mavjud emas va har bir mahkumning saqlash sharoitlari qonun talablari asosida ta'minlanmoqda.

    O‘tgan 2021 yil davomida Inson huquqlari bo‘ yicha vakil hamda uning huzurida jamoatchilik asosida faoliyat yurituvchi ekspert guruhi tomonidan jazoni ijro etish muassasalari va tergov hibsxonalariga monitoring tashrifi amalga oshirilib, ularda saqlanayotgan shaxslar bilan suhbatlar o‘tkazildi.

    Jazo muddatini o‘tayotgan shaxslarning mavjud muammolarini o‘rganish va ijobiy hal qilish maqsadida Jazoni ijro etish departamenti rahbariyati tomonidan sayyor qabullar o‘tkazilishi yo‘lga qo‘yilgan. Shuningdek, barcha jazoni ijro etish muassasalarida Oliy Majlisning Inson huquqlari bo‘yicha vakiliga, prokurorga murojaatlari, ariza va shikoyatlari uchun mo‘ljallangan alohida pochta qutilari o‘rnatilgan. Qonunlarga rioya etilishi prokuratura idoralari hamda ombudsman tomonidan monitoring qilib borilmoqda.

    O‘tgan besh yil davomida jazoni ijro etish muassasalarida rekonstruksiya va ta'mirlash ishlari bajarildi. Shuningdek, eskirgan bino va inshootl ar o‘rnida yangilari qurilib, foydalanishga topshirildi.

    Toshkent viloyati Zangiota tumanidagi 21-jazoni ijro etish muassasasiga qarashli hududda foydalanilmayotgan eski inshootlar qaytadan rekonstruksiya qilinib, uning o‘rnida “Sadoqat bog‘i” aholi ko‘ngilochar maskani barpo etildi.

    Ushbu bog‘da fuqarolarga xizmat ko‘rsatuvchi tikuvxona, sartaroshxona, kutubxona, oshxona, musiqa va shaxmat to‘garagi, konsert zali, amfiteatr, yo‘l harakati maydonchasi va sport-sog‘lomlashtirish markazlari qad rostlab, o‘sha yerdagi “Bog‘zor” mahallasida yashovchi fuqarolar uchun ish o‘rinlari yaratildi.

    Ochiq va oshkoralik tamoyili amalda

    Islohotlarning mantiqiy davomi sifatida 2020-yil 22-may kuni Vazirlar Mahkamasining “Ichki ishlar organlarining ozodlikdan mahrum qilish bilan bog‘liq bo‘lgan jazoni ijro etish faoliyatining ochiqligi va oshkoraligini ta'minlash bo‘yicha qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi qarori qabul qilindi. Avvalo, ushbu hujjat tizimda ochiqlik va shaffoflikni ta'minlash maqsadida qabul qilinganini alohida ta'kidlash joiz.

    Amalga oshirilayotgan ishlarga qachon odamlar xolis baho beradi? Qachonki islohotlar jarayoni haqidagi ma'lumotlar keng ommaga xolislik bilan yetkazilsa, albatta. Bu jarayonda ommaviy axborot vositalarining alohida o‘rni bor. E'tibor bersak, shu paytgacha sir tutib kelingan bir qator ma'lumotlar maxfiylikdan chiqarildi. Mamlakatimizdagi jazoni ijro etish muassasalari va tergov hibsxonalari soni, ularning yuridik manzillari, saqlanayotgan shaxslar soni to‘g‘risidagi ma'lumotlar shular jumlasidan. Bir so‘z bilan aytganda, endilikda jazoni ijro etish tizimida ochiqlik, oshkoralik va shaffoflik amalda ta'minlanyapti.

    Jazoni ijro etish muassasalarining ishlab chiqarish faoliyati, tayyorlanayotgan mahsulotlar to‘g‘risidagi ma'lumotlar ham rasmiy saytlarda e'lon qilib borilmoqda. Bundan tashqari, bunday muassasalar va tergov hibsxonalarida saqlanayotgan shaxslar orasidagi o‘lim holatlari to‘g‘risidagi ma'lumotlar ham endilikda maxfiy sanalmaydi. Bu esa, o‘z nav batida, mamlakatimizdagi keng ko‘lamli demokratik islohotlarni statistik ma'lumotlar bilan izohlash, xalqaro reytinglardagi o‘rnini aniq ifoda etish hamda yurtdoshlarimiz, xorijiy ekspertlarning jazoni ijro etish tizimiga oid aniq ma'lumotlarga ega bo‘lishi imkonini beradi.

    Tizimdagi islohotlarni yanada chuqurlashtirish maqsadida 2021-yil 26-martdagi Prezidentimizning “Jamoat xavfsizligini ta'minlash va jinoyatchilikka qarshi kurashish sohasida ichki ishlar organlari faoliyatini sifat jihatidan yangi bosqichga ko‘tarish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi farmoni hamda ushbu hujjat asosida “Ichki ishlar organlarining jamoat xavfsizligini ta'minlash va jinoyatchilikka qarshi kurashish sohasidagi faoliyatini yanada takomillashtirish bo‘yicha qo‘shimcha tashkiliy chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi qarori qabul qilindi.

    Bu hujjatlarga muvofiq, Jazoni ijro etish bosh boshq armasi Ichki ishlar vazirligi huzuridagi Jazoni ijro etish departamenti etib qayta tashkil qilinib, uning huquqiy asoslari hamda jazoni ijro etish tizimini raqamlashtirish orqali sohada inson omilini istisno etish va jazoni o‘tashning tartibotini ta'minlash bo‘yicha aniq chora-tadbirlar belgilab berildi.

    Masalan, jazoni ijro etish muassasalarida xodimlarning bodikamera bilan xizmat o‘tash tartibini joriy etish, jazo muddatini o‘tayotgan shaxslar tomonidan ichki tartibning buzilish holatlarini barvaqt aniqlash uchun kuzatuv va nazorat amaliyotiga intellektual (smart) kameralar tizimini tatbiq etish hamda yopiq turdagi muassasalarda taqiqlangan vositalar va buyumlar olib kirilishi oldini olish maqsadida nazorat o‘tish joylarida bodiskanerlar o‘rnatish bosqichma-bosqich amalga oshirilmoqda.

    Bundan tashqari, yopiq turdagi muassasalarda ovqat sifatini oshirish maqsadida jazo muddatini o‘tayotgan shaxslarning oziq-ovqat ta'minotini shaffoflik va ochiqlik tamoyili asosida autsorsing tizimiga o‘tkazish choralari ko‘rilmoqda.

    Prezidentimizning Oliy Majlisga Murojaatnomasiga muvofiq, xalqaro standartlardan kelib chiqib, 25 ta manzil koloniya bosqichma-bosqich qisqartiriladi. Shuningdek, jazoning o‘talmagan muddatini yengilrog‘i bilan almashtirish va jazodan muddatidan ilgari shartli ozod qilish to‘g‘risidagi taqdimnomalarni kiritish vakolati jazoni ijro etish organidan Insonparvarlik komissiyasiga o‘tkaziladi.

    2017–2021-yillarda O‘zbekiston Respublikasini rivojlantirishning beshta ustuvor yo‘nalishi bo‘yicha Harakatlar strategiyasining Yoshlarni qo‘llab-quvvatlash va aholi salomatligini mustahkamlash yilida amalga oshirishga oid Davlat dasturiga asosan, O‘zbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risida qonun loyihasi ishlab chiqildi.

    Qonun bilan Jinoyat kodeksi (72, 73, 74-moddalar), Jinoyat-prosessual kodeksi (536-modda) va Jinoyat-ijroiya kodeksiga (15, 113, 164-moddalar) o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritilmoqda.

    Qonun loyihasida nazarda tutilgan chora-tadbirlarni amalga oshirish natijasida jazoni ijro etish tizimiga insonparvarlik tamoyillari keng tatbiq etiladi, jinoyat va jinoyat-ijroiya qonunchiligining asosiy tamoyillarini mustahkamlash, mahkumlarni axloqan tuzatishning ta'sirchan mexanizmlari yaratiladi. Shuningdek, mahkumlarning huquqlari va qonuniy manfaatlari doirasi kengaytiriladi, jazoni ijro etish tizimi ochiqligi va shaffofligi ustidan jamoatchilik nazorati kuchayadi. Mahkumlarni axloqan qayta tarbiyalash, jinoyatchilikning oldini olish, ijtimoiy-psixologik va tarbiyaviy ish samaradorligi oshiriladi.

    Pirovardida, manzil koloniyalarda jazo o‘tayotgan shaxslarga o‘z mahallasi nazorati ostida oilasi bag‘rida bo‘lish imkoniyati yaratiladi. Ularni ish bilan ta'minlash, moddiy va ma'naviy qo‘llab-quvvatlash borasida zarur choralar ko‘riladi.

    Xulosa qilib aytganda, jazoni ijro etish tizimida Harakatlar strategiyasida belgilab berilgan vazifalar ijrosini ta'minlash maqsadida so‘nggi besh yil ichida salmoqli ishlar amalga oshirildi. Davlatimiz rahbarining insonparvarlik siyosatidan hamda axborot texnologiyalari asri talablaridan kelib chiqib sohada islohotlar jarayoni bundan keyin ham izchillik bilan davom ettiriladi.

    Rustam TURSUNOV,

    IIV huzuridagi Jazoni ijro etish departamenti boshlig‘i, polkovnik

    Telegram kanalimiz
    Text to speech