Davlatimiz rahbari oliy Majlis va xalqimizga Murojaatnomasida mamlakatimizda katta maʼmuriy islohotlar boshlanganini maʼlum qildi. Prezidentimizning shundan soʻng imzolangan “yangi Oʻzbekiston maʼmuriy islohotlarini amalga oshirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi farmoniga binoan, vazirlik va idoralar soni 61 tadan 28 tagacha kamaytirilishi, davlat xizmatchilari soni ham bosqichma-bosqich 30-35 foiz qisqartirilishi nazarda tutildi.

Birinchi bosqichda vazirliklarni isloh qilish, hukumatning ish uslubini tubdan oʻzgartirish, davlat apparatidagi takrorlanish, keraksiz shtatlar, yuqori markazlashuvga barham berishga eʼtibor qaratildi. Bu keyingi yillarda amalga oshirila boshlagan eng yirik institutsional oʻzgarish boʻldi. Har qanday jamiyat muayyan institutlar doirasida faoliyat yuritadi va rivojlana boradi. Mamlakatimizda mustaqillik davrida iqtisodiyotning yangi xoʻjalik yurituvchi subyektlari — yirik aksiyadorlik jamiyatlari, xolding kompaniyalar va xususiy mulkchilikning turli shakllari paydo etildi.

Shu bilan birga, ular uchun faoliyat yuritish shartlarini belgilab beruvchi rasmiy qoidalar (konstitutsiya, qonunlar, farmonlar, qarorlar, maʼmuriy­huquqiy hujjatlar) hamda milliy qadriyatlar, urf­odatlar, mentalitet va boshqa norasmiy meʼyorlarni oʻz ichiga oluvchi institutsional asoslar yaratildi. Bu jamiyatda mulkchilik, ishlab chiqarish, taqsimot va isteʼmol munosabatlari takomillashuvi, moddiy, tabiiy va mehnat resurslaridan samarali foydalanishga kuchli taʼsir koʻrsatdi.

Institutsional oʻzgarishlar muttasil takrorlanib, takomillashadigan dinamik jarayon. Birinchisi, yangi hayotiy zaruratlarning paydo boʻlishidir. Masalan, yurtimizda yangi davlatchilik shakllanishi, bozor munosabatlariga oʻtish bilan qator yangi institutlarga ehtiyoj paydo boʻldi. Ikkinchisi, mavjud institutlarni takomillashtirish, ularning ixtisosligi va vazifalarini konkretlashtirishdir.

Ilmiy adabiyotlarda institutsional oʻzgarishlarning uchta guruhi farqlanadi. Birinchisi, inkrement institutsional oʻzgarishlarda noformal qoidalar, meʼyorlar, nisbatan kichik guruhlarda oila­tugʻishganlik aloqalari hisobiga mustahkamlanadi. Bunda guruh aʼzolari uchun tranzaksion xarajat pasayadi. Ikkinchisi, evolyutsion institutsional oʻzgarishlarda noformal amaliyot asta-­sekinlik bilan umumiy qabul qilingan formal institutlarda mustahkamlanadi. Uchinchisi, inqilobiy institutsional oʻzgarishlarga esa institutlarni ekzogen tarzda tashqaridan qabul qilish yoki import qilish orqali erishiladi.

Institutsional oʻzgarishlarning ikki turini bir­biridan farqlash lozim. Endogen iqtisodiy tizimning institutsional transformatsiyasi institutlarning asosi boʻlgan mavjud qoida va meʼyorlarni evolyutsion oʻzgartirish orqali amalga oshiriladi. Ekzogen institutsional oʻzgarishlar esa oʻz tabiatiga koʻra keskinroqdir. Koʻpincha institutlar importi orqali sodir boʻladi.

Institutlar importi faqat bir holatda — mamlakatdagi ins titutlarning rivojlanish vektori joriy qilinayotgan institutlar talabiga mos kelsa, hech boʻlmasa, ular oʻrtasida ziddiyat kuzatilmaganda amalga oshadi. Ekzogen institutsional oʻzgari larga 1917-yildagi oktyabr toʻntarishidan keyin shakllangan yangi iqtisodiyotni va oʻtgan asr oxirlarida bozor munosabatlariga oʻtish tufayli shakllangan yangi iqtisodiy tizimni misol keltirish mumkin.

Mustaqillik yillarida institutsional islohotlar bozor munosabatlari taʼsirida bir necha bosqichni bosib oʻtdi. Ularni shartli ravishda 4 bosqichga ajratish mumkin. Birinchi bosqich 1991­1994-yillarni oʻz ichiga olib, bu davrning xarakterli xususiyati davlatchilik asoslarini shakllantirish, iqtisodiyotda kichik xususiylashtirishni amalga oshirish, yangi ishlab chiqarish munosabatlarini yoʻlga qoʻyishdan iborat jarayonni oʻz ichiga oladi.

Ikkinchi bosqich 1995-yildan 2000-yillarning boshigacha boʻlgan davrni tashkil etadi. Bu davr oʻrta xususiylashtirish, davlat va xoʻjalik boshqaruvining yangi shakllari vujudga kelib, xolding, uyushma, konsern, kompaniya kabi tuzilmalarning tashkil topishi va qayta tuzilishi bilan xarakterlanadi. Uchinchi bosqich 2005-­2016-yillarni oʻz ichiga olib, bu pallada ancha yirik korxonalar, bank, sugʻurta kabi tuzilmalarda ham davlat tasarrufidan chiqarish va xususiylashtirish jarayoni oʻtdi, xususiy sektor rivojlandi.

Toʻrtinchi bosqich 2017-yildan boshlanib, bu davrda xiyla yirik, nisbatan muvaffaqiyatli faoliyat koʻrsatayotgan korxonalarni ham xususiylashtirishga keng yoʻl ochildi. Davlat oʻz aksiyalarini sotuvga chiqara boshladi. Ayrim tijorat banklaridagi davlat ulushlari ham auksionga qoʻyildi. Chunki bozor munosabatlarini chuqurlashtirish shuni talab qilardi. Bu qadar institutsional oʻzgarishlar samarasini bermasdan qolmadi, albatta. Ammo institutsional qayta qurish surʼati jamiyat va iqtisodiyotdagi oʻzgarishlar dinamikasidan ortda qolmasligi kerak.

Ijtimoiy-­iqtisodiy va siyosiy hayotda davlatning oʻrni va roliga talabning oʻzgarib turishi, maʼmuriy­buyruqbozlikdagi boshqaruvning iqtisodiy (bozor) munosabatlariga oʻtishi, davlat va xususiy sektor sherikligini rivojlantirish shuni taqozo etardi. Markaziy va hududiy (gorizontal) boshqaruv munosabatlarini uygʻunlashtirish ham dolzarb masalalardan. Bularning hammasi 2022-yil oxirida yirik institutsonal oʻzgarishlarni boshlashga olib keldi.

Innovatsion rivojlanish vazirligi ana shunday oʻta dolzarb jarayonni hisobga olib tashkil etilgan edi. Chunki innovatsiyalar, yuqori texnologiyali ishlab chiqarish boʻyicha rivojlangan mamlakatlar bilan oʻrtamizdagi farq chuqurlashib borayotgan, bu boradagi dastlabki imkoniyatlarni boy berib boʻlgan edik. Vaziyatni baholar ekan, davlatimiz rahbari “Oldinlari eʼtibordan chetda qolib yoʻq boʻlib ketish arafasida boʻlgan sohalarni oyoqqa turgʻizish uchun olti yil davomida yangi vazirlik va idoralarni tashkil etishga toʻgʻri keldi. Shunday qilishga majbur edik, aks holda, hozirgi yutuqlarimiz boʻlmas edi”, deb taʼkidladi.

Innovatsiyalar sohasida faqat soʻnggi yillardagina koʻrilayotgan jiddiy chora­tadbirlar hisobiga vaziyat birmuncha oʻnglana boshladi. Lekin oxirigacha emas. Masalan, innovatsion rivojlanishning muhim segmenti boʻlgan axborot texnologiyalarining yalpi ichki mahsulotdagi hissasi boʻyicha jahondagi oʻrtacha koʻrsatkichdan kamida 2 barobar orqadamiz.

Postindustrial davlatlarning texnik va texnologik rivojlanish darajasidan ancha ortda ekanmiz, jadal choralar koʻrilmasa, bu farq yanada kattalashishi sir emas. Masalan, Iqtisodiy hamkorlik va rivojlanish tashkiloti maʼlumotlariga koʻra, ilmiy tadqiqot va tajriba konstruktorlik ishlanmalari xarajatining 5 foizi yuqori texnologiyali, 2,5­5 foizi oʻrta yuqori texnologiyali, 1­2,5 foizi oʻrta texnologiyali, 1 foizdan kamrogʻi past texnologiyali tarmoqlarga sarflanmoqda.

Bu har qanday mamlakat uchun yuqori, salmoqli koʻrsatkichdir. Mahsulotning umumiy qiymatida fan sigʻimi yuqori texnologiyalarga ilmiy tadqiqot va tajriba konstruktorlik ishlanmalari xarajatining 8,5 foizi toʻgʻri kelmoqda. Kompyuter, elektronika, axborot texnologiyalari, dasturiy taʼminot, maishiy elektronika yaratadigan “Apple” kompaniyasida kapitallashuv qiymati 2,4, “Microsoft”da 1,9, “Alhhabet”da 1,5, “Amazon”da 1,2 trillion AQSH dollarini tashkil etadi.

Bu har qanday oʻrtacha mamlakatning yalpi ichki mahsuloti qiymatidan koʻproqdir. Yarim oʻtkazgichlar, internet reklama, elektron tijorat, qidiruv tizimi, xotira chiplari, mobil telefonlar, telekommunikatsiya uskunalari ishlab chiqaradigan “Meta”, “TSMC”, “NvIDIA”, “Tencent”, “Samsung”, “Alibaba” kompaniyalarining ham bu boradagi koʻrsatkichi yuqori. Yuqori texnologiyali mahsulotlar eksportining 60 foizidan ziyodrogʻi Xitoy, Gongkong, Janubiy Koreya hissasiga toʻgʻri kelmoqda.

Yuqori texnologiyali tovarlar eksportida Xitoyning ulushi (28 foiz) yuqoriligi, asosan, mobil telefonlar, maʼlumotlarni qayta ishlash texnikasi, xotira kartalari, elektron integral mikrosxemalar, tovushli, grafik signal va tasvir uzatish uskunalari, protsessorlar, nazorat jihozlari, yarim oʻtkazgich qurilmalar, svetodiodlar, optik asboblar, maʼlumotlarni qayta ishlash va saqlash qurilmalari hisobiga taʼminlanmoqda.

Toʻgʻri, bizda Kaliforniya (AQSH)dagi singari Kremniy (Silikon) vodiysida joylashgan transmilliy korporatsiyalar yoki Xitoydagi kabi yuqori texnologiyali innovatsion mahsulotlar ishlab chiqarishga start beriladigan, eksportga ishlaydigan erkin iqtisodiy zonalar yoʻq. Stenford kabi innovator kadrlar yetishtirib chiqaradigan universitetlarimiz bilan ham faxrlana olmaymiz.

Kichik korxonalar va xususiy tadbirkorlik bilan esa bu qadar ulkan muammolarni hal qilib boʻlmaydi. Ular hisobiga ish bilan taʼminlash, raqobat muhitini yaratish, bozorni isteʼmol tovarlari bilan toʻldirish mumkin. Buning oʻzi ham yomon emas. Lekin innovatsiya uchun katta mablagʻ, ilmiy, ilmiy­-texnik salohiyat, rivojlangan ilmiy tadqiqot va tajriba konstruktorlik ishlanmalari bazasi zarur.

Qoʻshni Qozogʻiston sanoat mahsulotlari eksportida yuqori texnologiyali tovarlar ulushi boʻyicha keyingi yillarning oʻzida 15 ta ilgʻor mamlakat qatoriga kirib oldi. Bundan 10 yilcha avval bu toʻgʻrida gapirish ham qiyin edi. Qanday qilib, nimaning hisobiga qoʻshnilarimiz bunga erishdi? Ular, avvalo, Rossiyaga elektronika tovarlari eksportini keskin oshirdi. Keyingi bir yilda Rossiyaga smartfonlar yetkazib berish, protsessorlar eksportini oʻn, yuz barobardan ziyodga oshirdi. Bundan tashqari, chipli smart kartalar, fleshka va xotira kartalari, video va fotokameralar, kir va idish yuvish mashinalari eksportini keskin kuchaytirdi.

Qozogʻistonning Rossiyaga yuqori texnologiyali tovarlar eksportini anomal darajada oshirganining ikkita sababi bor, albatta. Birinchisi, oʻtgan yili mart oyidan boshlab Gʻarb brendlari Rossiya bozoridan chiqib ketdi. Yevropalik aksar ishlab chiqaruvchilar oʻz tashab busi bilan biznesini toʻxtatdi. Endi ularning oʻz mahsulotini Rossiyaga Qozogʻiston orqali kiritishi parallel import koʻrinishini oldi.

Ikkinchisi, Qozogʻiston Yevroosiyo iqtisodiy ittifoqining aʼzosi boʻlgani sababli ishlab chiqargan tovarining hudud boʻylab erkin harakatlanish imkoniyati bor. Biroq baribir bu tajriba xalqaro biznesning bozor konyunkturasiga moslashuvchan boʻlish, vaziyatni tez anglab olish, jahon bozorida hosil boʻladigan boʻshliqlarni toʻldirishga tayyor turishni taqozo qiladi. Yangi va qayta tashkil qilinayotgan iqtisodiy, ijtimoiy institutlar xuddi ana shu muammolarga shay turmogʻi zarur. Institutlarning raqobatbardoshlikni taʼminlash va muvaffaqiyatli rivojlanishdagi oʻrni hamda ahamiyati katta.

Institutlar evolyutsiyasi takror ishlab chiqarish jarayonini muvozanatlashtirishning muhim shartidir. Chunki ular davlat va tadbirkorlarga transaksiya xarajatini kamaytirish imkonini beradi. Xoʻjalik subyektlarining iqtisodiy manfaatlariga ijobiy taʼsir qiladi. Biz ishlab chiqarish korxonalaridan samaradorlik, yaʼni nafaqat ketgan chiqimni qoplash, balki foyda bilan ishlashni talab qilamiz. Bu toʻgʻri. Ishlab chiqarishni modernizatsiya qilish, kengaytirish, yangi texnika va texnologiya bilan jihozlash, malakali kadrlar jalb qilish va ularni moddiy ragʻbatlantirish zarur.

Lekin nima uchun institutlarga bunday talabni qoʻyishimiz kerak emas? Samaradorlik tushunchasi institutlarga ham xos boʻlishi lozim. Ammo hech qachon institutsional xaos yoki vakuumga yoʻl qoʻyib boʻlmaydi. Qachonlardir qabul qilingan qarorlarni birdan bekor qilish qiyin. Yoki eskisiga oʻrganish, koʻnikib qolish mumkin. Bu esa institutsional “tuzoq”ni keltirib chiqarishi ehtimoldan xoli emas.

Natijada uzoq muddatli iqtisodiy oʻsishga toʻsiq paydo boʻladi. Xoʻsh, institutlarning samarali yoki samarasiz faoliyat yuritayotgani qanday oʻlchanadi yoki baholanadi? Institutlar bozor munosabatlari sharoitida natijadorlik nuqtayi nazaridan baholanishi lozim. Institutlar koordinatsiyalash mexanizmi boʻlib, birining samaradorligi, boshqasining esa samarasizligi institutsional metaraqobat natijasida aniqlanadi.

Agar iqtisodiyotni tashkil qilishning qaysidir shakli barqaror boʻlsa, demak, u samarali. Chunki raqobat kurashida kuchlilar, yaʼni samaraliroq institutlar yashab qoladi. Institutlar samarali “oʻyin qoidalari”ni yaratish bilan faoliyati natijadorligini maksimallashtiradi. Shu orqali xalqning farovonligini oshirishga xizmat qiladi. Aks holda, ular qayta quriladi, oʻzgartiriladi, baʼzida esa butunlay tugatiladi.

Milliy iqtisodiyotda qaysi soha (tarmoq) samarali, qaysi biri samarasiz ishlayotganini aniqlash qiyin emas. Yangi iqtisodiyotning asosiy drayverlaridan biri axborot­kommunikatsiya texnologiyalari boʻlgani sababli bu yoʻnalishning yetakchi institutsional tuzilmasi Raqamli texnologiyalar vazirligidir. Albatta, mazkur jarayonda boshqa manfaatdor idora va vazirliklar ham faol ishtirok etishi talab qilinadi.

Bu institutning asosiy vazifalaridan biri “Raqamli Oʻzbekiston — 2030” dasturini amalga oshirish, “Elektron hukumat” tizimini rivojlantirish, IT texnologiyalar bozori salohiyatini oshirish, umuman, axborotlarni samarali boshqarish tizimini yaratishdan iborat. Demak, ushbu institut faoliyati samaradorligini baholash yuqorida qayd etilgan vazifalarning qay darajada uddalanishiga bogʻliq boʻladi. Qolgan institutlar oldida ham shunga oʻxshash vazifalar turgani tabiiy. Hisob­kitoblarga koʻra, institutsional qayta qurishlardan mamlakat boʻyicha 2,8 trillion soʻm tejaladi, transport xarajati kamayadi.

Lekin institutsional islohotlardan jamiyat koʻradigan foyda yoki undan koʻzlangan maqsad shugina emas. Bu muz togʻining suv ustidagi qismi, xolos. Asosiy samara barcha ijtimoiy­iqtisodiy sohalarda barchaga barobar “oʻyin qoidalari”ni yaratish orqali jamiyat hayotini yanada boyroq, jozibaliroq qilish, xalqning moddiy farovonligini oshirishdan iborat. Institutlar va institutsional oʻzgarishlarning ahamiyati katta. Zero, hech kim ishga yoki taʼlimga oʻzining qoidalari bilan bormaydi, balki mavjud institutsional qoidalarga amal qiladi.