Ilm egallash — igna bilan quduq qazishdek gap. Uning mashaqqatiga chidash, natijasini kutish uchun metindek sabr, iroda zarur. Toshkent davlat transport universitetida “elektrotexnika” kafedrasida dotsent vazifasini bajaruvchi sifatida faoliyat olib borayotgan texnika fanlari bo'yicha falsafa doktori Javharbek Fayzullayev qiyinchiliklarga qaramay, ilm yo'lini tanlagan yoshlardan.

Odatda o'g'il bolalar kichikligidan avtomobillar o'ynashga qiziqadi. Ularda mashina boshqarishga intilish o'sha kezlardayoq shakllanadi. Qashqadaryo viloyatida tug'ilib o'sgan Javharbek Fayzullayevda ham bunday qiziqish bo'lgani tabiiy. Ammo bolaligidan uni ko'proq temir yo'lchilarning maxsus libosi o'ziga tortardi. Toshkent temir yo'l muhandislari institutida talabalarga saboq beradigan otasi Sulton Amirov har kuni maxsus libosda ishga otlanganida, unga havas bilan qarab qolganini hamon hayajon bilan eslaydi. Ana shu qiziqish sabab 2010-yilda uning o'zi ham mazkur oliy o'quv yurti talabasiga aylandi. O'shanda o'zi tanlagan yo'nalishda ilm qilishga, otasi kabi sevimli ustoz bo'lishga qaror qildi.

Javharbek ikkinchi bosqichdan ta'limni Rossiya Federatsiyasidagi Peterburg davlat temir yo'l universitetida davom ettirdi. 4 yillik tahsildan so'ng yuqori tezlikdagi elektr transporti mutaxassisligi bo'yicha muhandis diplomiga ega bo'ldi.

— Otam — mening birinchi ustozim, — deydi yosh olim. — Transport, texnika sohasiga qiziqishim ham, ilmiy faoliyatda erishgan yutuqlarim ham — barida otamning hissalari bor. Ular meni doim qo'llab-quvvatlab, maqsadimga etishimda ishonch, kuch beradilar.

Qahramonimiz sohada yaratgan bir qancha ixtirolarini ham otasi bilan birgalikda amalga oshirgan. Ilk loyihalaridan biri magnit elastik kuch datchigi bo'lgan. Doktorantura bosqichidagi ilmiy ishi mavzusi elektrovozlar bilan bog'liq bo'lgani bois, g'oya ham shunga yo'naltirilgan edi. Mualliflarga ixtiro uchun patent berilgan.

— Magnitoelastik kuch datchigi avval mavjud bo'lgan, biz uni yanada takomillashtirish ustida ish olib bordik, — deydi  Javharbek. — Ya'ni, jarayonda datchikning sezgirligi, aniqligini yanada oshirdik. Ushbu qurilma elektrovozlar tortuvchi asinxron motorining korpusiga o'rnatilib, motorning vibratsiya parametrlarini aniqlab beradi. Bu orqali motorning texnik holati kuzatib boriladi. Agar vibratsiya (titrash)  chegaraviy holatidan chiqib ketsa, datchik darhol signal beradi. Natijada texnik buzilishni o'z vaqtida bartaraf etish imkoniyati yaratiladi.

Elektrovozlar kontakt tarmog'idan elektr energiya olib, yuk ortilgan vagonlarni tortishini ko'pchilik yaxshi biladi. Quvvati, tortish kuchi katta bo'lgani uchun ularga teplovozlarga nisbatan ko'proq vagonlar ulanadi. Temir yo'l transportining texnik imkoniyatlarini takomillashtirish uning harakatlanish tezligi va kuchlanishini yanada oshirishga xizmat qiladi.

Kombinatsiyalashgan qurilma ixtirosi ham shu maqsadda yaratilgan. elektrovoz sinxron motorining tashqi magnit oqimini o'lchashga mo'ljallangan qurilma motorning korpusiga emas, undan ma'lum masofa uzoqlikda o'rnatiladi. U tashqarida turgan holda motorning ichki qismidagi o'zgarishlarni aniqlaydi. Texnik holatida nosozlik yuzaga kelsa, elektrovoz mashinistiga signal beradi.

Hozircha faqat sinov tariqasida ishlab chiqarilgan bu kabi ixtirolarni kelgusida amaliyotga keng tadbiq etish ko'zda tutilgan. Javharbekning bu borada yangi loyihalari ham yo'q emas. U Toshkent davlat transport universitetida talabalarga saboq berish barobarida ilmiy izlanishlarini davom ettirmoqda. Bu borada yosh olimning bir qancha ilmiy maqolalari chop etilgan. Endilikda, dolzarb mavzudagi monografiya ustida ish olib boryapti.

Iroda TOSHMATOVA,

“Yangi O'zbekiston” muxbiri