Intilishdan yuksalgan “Zakovat”

    “Zakovat”da 20 yil oldin o'ynalgan savollarni muxlislar hali ham eslaydi. “Zakovat”ning yutug'i ham shunda. Unda buyuk ajdodlarning munosib vorislari ishtirok etadi hamda intellektual salohiyati, iqtidori, izlanuvchanligi, tashabbuskorligi va etakchiligi bilan ko'pchilikni hayratga soladi.

    Mamlakatimizda ilm-fan rivojiga qaratilayotgan eʼtibor koʻlami yil sayin kengaymoqda. Yoshlarning aql-zakovatini oshiradigan, iqtidorini roʻyobga chiqaradigan loyihalar izchil qoʻllab-quvvatlanayotgani, intellektual salohiyatni oshirishga qaratilgan har qanday tashabbus ragʻbatlantirilayotgani yanada quvonarli. Yaqinda “Zakovat” intellektual klubining Buxoro viloyatida oʻtkazilgan final bahsida barchamiz bunga yana bir bor ishonch hosil qildik.

    Mustaqil mamlakatimiz tarixida ilk bor Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti intellektual bellashuv joyiga tashrif buyurib, zakovat bahsini bevosita kuzatdi. Shu yerning oʻzida intellektual oʻyinning faol ishtirokchilaridan bir guruhini mukofotlash toʻgʻrisidagi farmonni imzoladi.

    “Zakovat” intellektual klubi” nodavlat notijorat tashkiloti direktori Abdurasul ABDULLAYEV bilan suhbatimiz klubning tashkil etilishi, oʻtgan yillarda erishilgan natijalar, yaqinda boʻlib oʻtgan intellektual bellashuv taassurotlari xususida boʻldi.

    — “Zakovat” intellektual oʻyinining yubiley soni bu darajada yuqori saviyada, shukuhli oʻtishi, ochigʻi, xayolimga ham kelmagan edi. Prezident bilan suhbat “Zakovat” musobaqalarining tayyorlanish jarayoni, mavjud shart-sharoitlar, ishtirokchilarning orzu-maqsadlari haqida boʻldi, — deydi Abdurasul Abdullayev. — Biz uchun qanday sharoit yaratish kerakligini soʻradi. Ochigʻi, oʻshanda koʻzimda yosh aylandi. Sababi, yillar davomida kimdir mendan “Nima yordam kerak?” deb soʻrashini orzu qilganman. Gʻoyalarimiz, maqsadlarimiz yuksak edi, ammo ularni toʻla amalga oshirish uchun oʻsha paytlar imkoniyat boʻlmadi. Cheklangan sharoitda ishladik. Shunda ham qobiqni yorib chiqishga urindik. Mana shular haqida batafsil gapirib berdim. Shundan soʻng biz uchun kerakli barcha shart-sharoit yaratilishi haqida gapirildi.

    Bu bizni qanchalik ruhlantirganini izohlab berolmayman. Jamoamizda yetuk kadrlar, aqlli, bilimli insonlar toʻplangan. Ular bilan birga koʻp xayrli ishlarni amalga oshirishimiz mumkin.

    — Shu oʻrinda 20 yil ortga nazar tashlasak. “Zakovat” intellektual oʻyinini tashkil etish gʻoyasi qanday yuzaga kelgan? Oʻyinning ilk sonini tayyorlash, ishtirokchilarni tanlash, oʻyinga jalb etish jarayoni qanday kechgan?

    — Hammasi kechagidek yodimda. “Zakovat” koʻrsatuvi gʻoyasi ikki yil xayolimda aylanib yurgan. Gʻoyaga poydevor qoʻyishni oʻylaganman. Chunki bu kichik ish emasligini bilardim. Bunday oʻyin koʻpgina mamlakatlarda mavjud. Nima uchun Oʻzbekistonda salohiyati baland intellektual yoshlar oʻyinini tashkil etib boʻlmaydi, degan savolni oʻzimga koʻp berardim. Sababi, oʻsha davlatlar texnika, iqtisodiyot nuqtayi nazaridan rivojlangan boʻlishi mumkin, ammo Oʻzbekiston iqtidorli, bilimli yigit-qizlar koʻpligi jihatidan ulardan aslo kam emas. Ichimda gʻoyani pishitib yurdim. Keyin hamfikrlar toʻplay boshladim. Oʻzbekiston xalq shoiri Xurshid Davron, Oʻzbekiston Milliy universitetining oʻsha paytdagi rektori Toʻrabek Dolimov fikrimni doim maʼnan qoʻllab-quvvatlab turdi.

    Shu ragʻbat bilan OʻzMUdan 20 ga yaqin iqtidorli yigit-qizni bellashuvga jalb qildik. Uchta jamoa tashkil etib, bir yil tayyorlandik. Ishtirokchilar har qanday vaziyatda ham jarayonni tark etmadi. Doim shu oʻyin ruhi bilan yashadi, mehnat qildi. Auditoriyaga kirib kelish, oʻyindagi ishtirok, gʻalabani qanday nishonlash — barcha jarayonning texnik jihatlari ishlab chiqildi.

    Oʻyin efirga uzatiladi, eʼlon beramiz va bu yogʻiga qiziquvchilar koʻpayib ketadi, deb oʻylagan edik. Taxminimiz toʻgʻri chiqdi. Ishonasizmi, eshigimiz oldi oʻyinda qatnashishga ishtiyoqmandlarga toʻlib ketdi. Koʻrsatuvning ilk soni efirga chiqqaniga 20 kun ham boʻlmasdan muxlislardan minglab maktub oldik. Ularda turli savollar, “Zakovat”ga dil izhorlari bitilgan edi. Bir yil davomida qoplab xat oldik. Uning hammasini ochib, bitta-bitta oʻqirdim.

    “Zakovat”da qatnashish istagida kastingda qatnashmoqchi boʻlgan yigitqizlar koʻpayib ketdi. Oʻshanda hamma ish bir oʻzimning zimmamda, yonimda hozirgidek “Zakovat”da pishigan, menga hamfikr 30-40 nafar yigitqiz yoʻq edi. Oʻzim ham rejissyor, ham muallif, ham boshlovchi edim.

    Sekin-asta hammasi maromiga tusha boshladi. Yordamchilar qanotimga kirdi. Ularga ishlarni boʻlib berdim. Biroq kasting va intellektual oʻyinda beriladigan savollar bilan shugʻullanish oʻzimga qoldi. Kechasi allamahalgacha maktublarni oʻqirdim. Bilasizmi, boshimdan koʻp ruhiy qiyinchiliklarni oʻtkazganman. Bir gal “Zakovat”ning navbatdagi soni tasvirga olinishidan bir kun oldin mashinamda turgan savollar yozilgan qogʻoz oʻgʻirlab ketilgan. U paytlarda kompyuter hali ommalashmagan edi. Uyga kelib, konvertlarni bittalab titib, savollarni tonggacha qayta yozganman.

    Hozir ortga qarab, oʻtgan vaqtimdan qoniqish, shukronalik tuyaman. Taqdirimda intellektual klubda yoshlarga bosh boʻlish, murabbiylik qilish yozilganidan xursand boʻlaman.

    Insonning aqli va qalbi bilim bilan oziqlanadi. Bilim insonning yoʻlini yorituvchi nurdir. Muvaffaqiyat, jasorat demakdir. Uni qancha sarflasak, shuncha koʻpayib, sayqallanib boradi. Qancha koʻp bilganimiz sari shuncha kam bilishimizni anglab boramiz. Bilim ummonidan bahramand boʻlishni istaymiz va natijada oʻrganishga intilamiz.

    — “Zakovat”ning final bahsida klub faoliyatini rivojlantirish, intellektual bellashuvlarni sifat jihatidan yangi bosqichga koʻtarish haqida kutilmagan takliflar, tashabbuslar ilgari surildi. Oʻsha paytda xayolingizdan nimalar kechdi?

    — Bilasizmi, oʻtgan 20 yil davomida bizni eng ogʻrintirgani — biror-bir tashkilot yordam qoʻlini choʻzmadi. Qayerga borsak, bizni maqtashar, ammo yordam berilmasdi. Vazirliklarning eshigi tagida sargʻayib kun oʻtkazardik. Axir, gap iqtidor, aql, bilim targʻiboti haqida ketayotgan, intellektual oʻyin qanchadan-qancha yoshlarni ilm egallash sari ruhlantirayotgan edi.

    Avvalo, koʻrsatuvni tasvirga olish, omma eʼtiboriga havola etish uchun sharoit kerak edi. Ammo bu muammolar hech kimni qiziqtirmadi. Hatto bellashuvga masʼul yoshlar tashkiloti ham masalaga panja orasidan qaradi. Esimda, 2002-yilning eng yaxshi oʻyinchisiga kompyuter vaʼda qilingan. Biz bir yil “Eng yaxshi oʻyinchi kompyuter bilan taqdirlanadi”, deb eʼlon qilganmiz. Eng soʻnggi daqiqagacha oʻsha kompyuterni kutganmiz. Ammo...

    Eng katta muammo — tasvirga olish uchun joy kerak edi. Bellashuvlarni bir muddat turli tashkilotlarning majlislar zalida tasvirga olib yurdik. Ijaraga olingan qahvaxonalar, zax, sovuq yertoʻlalarda ishlagan paytimiz boʻldi. Klubimiz uchun Toshkentda maxsus bino ajratilishi, hatto Intellektual oʻyinlar shaharchasi barpo etilishini eshitib, mana, qilsa boʻlar ekan-ku, haqiqat bor ekan-ku, dedim. Qalbim sevinchga toʻldi. Mijjamda yosh qalqdi.

    Gʻoya yuzaga kelayotgan paytda uni amalga oshirish oson boʻladi, deb oʻylagandik. Chunki ilmga chanqoq yurtdoshlarimizning qoʻllab-quvvatlashiga umid qilgandik. Rostdan ham, xalqimiz ilmning qadriga yetadi, yuqorida aytganim ming-minglab xatlar, oʻyinda ishtirok etish istagidagi yuzlab yigit-qizlar, minglab muxlislar shundan dalolat beradi. Ammo yordam kerak boʻlgan paytda yonimizda hech kimni koʻrmasdik.

    Endi u kunlar yomon tush kabi xotiralarda qoladi. Harakatni moliyaviy qoʻllab-quvvatlash uchun har yili 50 milliard soʻm mablagʻ ajratilishi haqidagi xabarni eshitganimdan soʻng xayolimdan shu gap oʻtdi. Axir har bir maktab, har bir oliygohda “Zakovat” klubi faoliyati yoʻlga qoʻyilishi, gʻoliblar uchun “Zakovat” stipendiyasi joriy qilinishi orzumiz edi-ku.

    Viloyatlarda “Intellektual parklar”, Boʻstonliq tumanidagi Yoshlar oromgohida “Intellektual maktab” tashkil qilinishi, yangi yildan boshlab talaba yoshlar oʻrtasida birinchi marta Prezident sovrini uchun Intellektual olimpiada oʻtkazilishi — bular juda keng koʻlamli ish.

    — “Zakovat” bilan sizni nima bogʻlab turadi?

    — Hayotimni “Zakovat” bilan bogʻlashimning yagona sababi ilmga intilish, deb oʻylayman. Unga mehrim tushib qolgan. Shu ishdan boshqasi koʻzimga koʻrinmagan. Oʻnlab intellektual oʻyinlar yuzaga keldi. Ammo birortasi “Zakovat”ni takrorlay olmadi, yopilib ketdi.

    Oldimga qoʻygan eng katta maqsadimga erishdim, deb aytolmayman. Muhammad Xorazmiy, Abu Rayhon Beruniy, Abu Ali ibn Sino, Mirzo Ulugʻbek, Alisher Navoiy kabi buyuk ajdodlarimiz bilan qanchalik faxrlanamiz. Biroq bobolar bilan faxrlanishning oʻzi kamlik qiladi. Ular yaratgan oʻlmas merosni boyitadigan, ilm ravnaqiga hissa qoʻshadigan, yuksak bilimli insonlar oramizda bisyor. “Zakovat”da 20 yil oldin oʻynalgan savollarni muxlislar hali ham eslaydi. “Zakovat”ning yutugʻi ham shunda. Unda buyuk ajdodlarning munosib vorislari ishtirok etadi hamda intellektual salohiyati, iqtidori, izlanuvchanligi, tashabbuskorligi va yetakchiligi bilan koʻpchilikni hayratga soladi.

    Maqsad ham bilim va aql bilan odamlarni hayratga solish edi, bunga qisman erishdik. Oldinda esa qilinadigan ishlar koʻp.

    — Klub jamoasining kelgusidagi rejalari haqida ham toʻxtalsangiz.

    — Yaqinda “Zakovat” intellektual klubining qizgʻin va murosasiz bahslarida muvaffaqiyatli ishtirok etib, gʻolib boʻlgan Xorazm jamoasi davlat mukofotlari — “Kelajak bun yodkori” va “Shuhrat” medali bilan taqdirlandi. Ularga avtomashina taqdim etildi.

    Endi tasavvur qiling, buni koʻrgan qanchadan-qancha yoshlar ruhlandi. Bu eʼtibor ularni chuqur bilim olishga, ilm-fan sirlarini egallashga yanada kuchliroq undadi. Niyatimiz ham yoshlar orasida sogʻlom ilmiy-maʼrifiy raqobat muhitini shakllantirish, kitobxonlikni targʻib qilish va rivojlantirish, buyuk ajdodlarimizga munosib boʻlgan barkamol avlodni voyaga yetkazish. Bu borada “Zakovat”chilarning farzandlarimizga alohida oʻrnak va namuna boʻlayotgani, oʻzimning ham “Oʻzbekiston Respublikasida xizmat koʻrsatgan yoshlar murabbiysi” faxriy unvoni bilan taqdirlanganim qalbimga gʻurur-iftixor bagʻishlaydi.

    Bunday eʼtibordan soʻng koʻp narsa oʻzgarishi shubhasiz. Oʻzimizning tasvirga olish joyimiz boʻladi. Talabalar shaharchasida klubimizning filialini tashkil etmoqchimiz. Oʻzbekning buyuk olim va fozillari yetishib chiqishiga ishonchim komil. Nasib etsa, bizning klubimiz aʼzolari orasidan Nobel mukofoti sovrindorlari chiqishiga umid qilib qolaman.

    “Yangi Oʻzbekiston” muxbiri

    Risolat MADIYEVA suhbatlashdi.