Ko'hna tarix bashariyat tamaddunlariga yo'llar doyalik qilganligidan,  insonlarni u manzildan bunisiga etib  borishida  esa charm-poyabzallar muhim o'rin tutganligidan so'zlaydi.

Eng qadim davrlarda  hayvonlar  terisi odamzotga kiyim-kechak, ko'rpa-yu to'shak o'rnini bosgan bo'lsa, keyingi zamonlardagi evrilishlar tufayli uning ongu tafakkurini ifoda etuvchi  vositaga ham aylandi. Yurtimizda yaratilgan bashariyatning muqaddas kitoblaridan biri “Avesto” ning tilla suvi bilan 12 ming teriga yozilishi buning yorqin dalili. Sohibqiron Amir Temur saltanati davrida esa, charmni qayta ishlash, mo'ynachilik sohasi o'sha paytda dunyodagi  eng mukammal darajaga yetgan...

 Xullas, bu tarmoq taraqqiyotiga ajdodlarimiz katta hissa qo'shib kelgan va bugungi kunda bu merosni avlodlar munosib davom ettirishlari uchun keng imkoniyatlar yaratib berilyapti. Xususan, davlatimiz rahbarining 2018-yil 3-maydagi “Charm-poyabzal va mo'ynachilik sohalarini rivojlantirish va eksport salohiyatini oshirishni yanada rag'batlantirish chora-tadbirlari to'g'risida”gi qarori bilan “O'zcharmsanoat” uyushmasi yangidan tashkil etildi. Uning zimmasiga ichki va tashqi bozorlarning marketing tadqiqotlarini tizimli ravishda olib borish,  modellashtirish va brendlash bo'yicha eng yangi innovatsion ishlanmalardan foydalangan holda, xomashyoni qayta ishlash va tayyor mahsulot ishlab chiqarishning zamonaviy uslublarini, shuningdek, ilg'or axborot texnologiyalari va avtomatlashtirilgan boshqaruv tizimlarini keng joriy etish vazifasi yuklatildi.

Ana shundan buyon oradan qariyb uch yil o'tdi. Sohada yuz bergan o'zgarishlar, joriy etilayotgan klaster tizimi va yangi loyihalar haqida “O'zcharmsanoat” uyushmasi rahbari Faxriddin BOBOEV bilan suhbatda bo'ldik.

— Charm-poyabzal sanoatining rivojlanish tarixidan ma'lumki, bundan yuz yillar avval foydaning eng ko'p qismi — tovar sotuvidan tushgan daromadning yarmiga xomashyo tayyorlovchilar ega chiqishar, yarimfabrikat yoki tayyor mahsulot ishlab chiqaruvchilarga esa juda kam ulush tegar edi. Bu — pirovardida sohani taraqqiyotiga to'g'anoq bo'lardi. Mamlakatimizda bu jarayon XXI asrning dastlabki o'n besh yiligacha davom etdi. Mazkur an'anaviy “to'siq”ni olib tashlashda qanday zamonaviy omillar qo'l kelib, rivojlanish sari yo'l ochyapti?

Hozirgi kunda “yuqori qo'shilgan qiymat” tushunchasi hamma narsani o'z o'rniga qo'ymoqda, desam mubolag'a bo'lmaydi. YA'ni foydaning 60 foizi tayyor mahsulot ishlab chiqarish hamda uni sotish jarayonlarida shakllanadi. Dastlabki xomashyo hissasiga esa 10 foizdan kamrog'i to'g'ri keladi. Shu tufayli mamlakatimizda  mazkur soha barqaror sur'atlarda rivojlanishiga asos solindi.

So'nggi to'rt yil mobaynida tayyor charm-poyabzal, charm-attorlik mah­sulotlari, mo'yna va qorako'l terisi, mahalliy korxonalar xomashyosi asosida jundan tayyor mahsulotlar ishlab chiqarish hajmi sezilarli darajada ko'paydi. Milliy tovarlarimizning sifati ko'tarildi. Yangi mahsulot turlarini ishlab chiqarish o'zlashtirildi. Buning natijasida 2016-yilda  512,4 milliard so'mlik mahsulot ishlab chiqarilgan bo'lsa, 2020-yilda bu miqdor 3 trillion 647,8 milliard so'mga yetdi. 2021-yil yakuniga ko'ra, bu boradagi umumiy ko'rsatkich besh yil avvalgiga nisbatan 11,3 barobarga ortishi mo'ljallanyapti. Ana shu davrda ish o'rinlari 5,4 barobarga ortib, hozirgi kunda tarmoqda 11,6 mingdan ortiq ishchi-xizmatchilar faoliyat ko'rsatayotgani eng muhim yutuqlarimiz sirasiga kiradi.

Poyabzalning o'ziga kelganda, joriy yilda 115 million juftdan ortiq hajmda ishlab chiqarishi rejalashtirilyapti. Taqqoslaydigan bo'lsak, 2016-yilda bu ko'rsatkich 10,2 million juftni tashkil qilgan.

Yana bir muhim jihatga e'tibor qaratmoqchi edim. Bu, albatta, mahalliylashtirish darajasi. Keng ko'lamli dasturlar ijrosi  tufayli sun'iy charm va poliuretan ishlab chiqarishni mahalliylashtirish bo'yicha ishlar yo'lga qo'yilgan bo'lsa, poyabzal tagligi tayyorlash — 92 foizga, sport tovarlari  — 84 foizga, sport sumkalari va chamadonlari tayyorlash — 68 foizga etkazildi. SHu o'rinda takidlash joizki, mahalliy tadbirkorlik subyektlari tomonidan jelatin, kollagen, poyabzal qoliplari, elimlar (kley), poliuretan, sun'iy charm singari yangi mahsulot turlari ishlab chiqarish o'zlashtirildi. 

“O'zcharmsanoat” uyushmasi tomonidan davlatimiz rahbari tashabbusi asosida ishlab chiqilgan strategiya tizimli ravishda ro'yobga chiqarilmoqda. Bu strategiya O'zbekistonni tayyor charm-poyabzal, charm-attorlik, mo'ynali va qorako'l terisi mahsulotlari ishlab chiqarish bo'yicha sanoat markaziga, ya'ni Markaziy Osiyodagi xomashyoni chuqur qayta ishlovchi “drayveri”ga aylantirishni, yuqori qo'shilgan qiymatga ega tayyor mahsulotni nainki qo'shni respublikalarga, balki uzoq xorij mamlakatlariga ham eksport qilishni ko'zda tutadi.

— Tabiiyki, innovatsion texnologiyalar, ishlab chiqarishni boshqarish va sifat menejmenti, mutaxassislar salohiyati belgilangan ustuvor vazifalarni bajarish kafolati hisoblanadi. Ular, birinchi navbatda, katta miqdordagi investitsiyalarni talab etadi, xorijiy hamkorlarlar bilan baqamti ish yuritish, ular tajribasini tatbiq etib, raqobatbardosh mahsulotlar ishlab chiqarish chet el bozorlariga yo'l ochadi. Bu kabi maqsadlarga erishishda qanday ilg'or ishlab chiqarish-texnologik “zanjir” vositalari ishga solinyapti?

O'zbekistonda teri xom ashyosi yetarli. Faqat ilgari uni chuqur qayta ishlash orqada qolgan. Chunki maxsus texnologik jihozlar etishmasdi. Shu bois charmga bir martagina ishlov berilib, chetga eksport qilinardi. Tabiiyki, uning sifatiga ham e'tirozlar bo'lardi. Demak, xomashyoni chuqur qayta ishlash jarayoniga mahalliy tadbirkorlik sub'ektlarini qiziqtirib, yangi texnologiyalarni jalb etish juda muhim edi. Ayni shu maqsadda so'nggi paytlarda tizim korxonalari Italiya, Germaniya, Turkiya, Xitoy kabi sanoati rivojlangan davlatlarning yetakchi kompaniyalarida ishlab chiqarilgan eng yaxshi dastgohlar bilan jihozlandi.  

Shuningdek, zamonaviy laboratoriyalar, tarmoqqa tegishli xalqaro standartlarga uyg'unlashgan sertifikatlash tizimi hamda ilg'or ishlab chiqarish-texnologik zanjirning boshqa muhim elementlarini tashkil etish zarur bo'ldi.

Sohani rivojlantirish dasturlarida ham ana shu jihatlar ko'zda tutilgan. Davlat ko'magi bilan terini chuqur qayta ishlashga qaratilgan o'nlab investitsiyaviy loyihalar bosqichma-bosqich hayotga tatbiq etilmoqda. Agar 2016-yilda sohaga atigi 15,7 million dollarlik investitsiya jalb etilgan bo'lsa, bu ko'rsatkich 2020-yilda koronavirus pandemiyasi bo'lishiga qaramay, 187,6 million dollarga etdi, bu yil 202 million dollardan oshishi kutilyapti.

Bunday natijalarga erishishda sohaning davlat tomonidan qo'llab-quvvatlanishi, uni rivojlantirish bo'yicha maqsadli dasturlarning ahamiyati katta. 2021–2022-yillarda umumiy qiymati 421 million dollarlik, shundan to'g'ridan-to'g'ri xorijiy investitsiya 186,8 million dollar bo'lgan 248 ta loyihani amalga oshirishi ko'zda tutilgan. Joriy yilning o'zida 112 ta investitsiyaviy loyiha ro'yobga chiqarilmoqda. Ularning asosiy qismi ishlab chiqarishni kengaytirish, import o'rnini bosuvchi va eksportga yo'nalti­rilgan, yuqori qo'shilgan qiymatga ega tovarlarga mo'ljallangan quvvatlarni modernizatsiya qilish hamda texnik qayta jihozlashni ko'zda tutadi.

Bundan tashqari, O'zbekistonni Markaziy Osiyodagi xomashyoni qayta ishlash “xab”iga aylantirish bo'yicha chora-tadbirlar tizimli ravishda amalga oshirilyapti. Pirovardida qo'shni respublikalardan teri shu yerga keltiriladi va chuqur qayta ishlash orqali yuqori qo'shilgan qiymatga ega tayyor mahsulot ishlab chiqariladi. Bu degani — yangi korxonalarda uchinchi marta ishlov berilgan tayyor charm hosil bo'ladi. Undan bichib-tikiladigan mahsulot esa, sifatliligi va tan narxi raqobatbardoshliyligi sabab, albatta, e'tirozsiz chetega eksport qilinadi. Ana shuni “finish”, ya'ni “marra”, deyish mumkin.

— Sohada klaster usulini joriy etish o'ziga xos yondashuvni talab etadi. Bu jarayonlar qanday “zanjir”ni qamrab oladi va qanday uslubda yo'lga qo'yiladi?  

Davlatimiz rahbari tashabbusi bilan bizning sohaga ham “klaster” usuli tatbiq etilyapti. Mazkur usul molni avtomatlashgan korxonalarda so'yib, terisini ajratishdan to uni sifatli tayyor charmga aylantirish, tayyor mahsulot — yuqori qo'shilgan qiymatli poyabzal va charm-attorlik buyumlari ishlab chiqarishgacha bo'lgan butun bir jarayon, ya'ni “zanjir”ni o'z ichiga oladi. Ayni paytda charm-poyabzal klasterlarini tashkil etish bo'yicha bir nechta yirik loyiha ro'yobga chiqarilish bosqichida.

“Orient Technology” MCHJ klasteri — qiymati 14 million dollarlik bu loyiha Qoraqalpog'istonda italiyalik mutaxassislar bilan hamkorlikda amalga oshirilmoqda. Texnologik liniya Italiyada ishlab chiqarilgan. U mavjud quvvatlarni modernizatsiya qilish va texnik qayta jihozlash, yangilarini yaratish bo'yicha katta dastur doirasida mamlakatimizga keltirildi. Klaster to'liq ishga tushirilgach, yiliga 180 mln. kv.dm tayyor charm va Italiya texnologiyasi asosida 500 ming juft poyabzal tayyorlash imkoniyati paydo bo'ladi va uning 70 foizi tashqi bozorga chiqariladi.

 “Premium leather” MCHJ klasteri — Farg'ona viloyatidagi mazkur loyiha besh bosqichda amalga oshiriladi. Korxonaning yillik quvvati 80 mil­lion kvadrat detsimetr tayyor charm va 400 ming juft turli poyabzal ishlab chiqarishga teng bo'lsa, qiymati 12 million dollarlik yana bir loyiha Andijon viloyatining Oltinko'l tumanida ishga tushirilishi mo'ljallangan. Ishlab chiqarish quvvati 50 million kvadrat detsimetr tayyor charm va 300 ming juft poyabzalga teng. Shuningdek, Surxondaryo viloyatida umumiy qiymati 23,4 mln. dollarlik  “Top Quality” sarmoyaviy loyiha ham ishga tushirilgan. Bu erda tayyor charm, poyabzal, mebel` va avtomobil`  uchun zarur tayyor charm qoplamalar ishlab chiqariladi.

O'nlab yangi va yirik investitsiyaviy loyihalar orasida frantsiyaliklar kapitali ishtirokidagi “Vodiy-Shoes” MCHJ alohida o'rin egallaydi. U O'zbekistondagi poyabzal ishlab chiqarishning to'liq avtomatlashtirilgan tizimini o'z ichiga olgan birinchi zavod bo'ladi. Bu erda Germaniya, Chexiya va Italiyadan keltirilgan zamonaviy, robot­lashtirilgan uskunalar o'rnatilgan. Umumiy loyiha qiymati 8,5 million dollarga teng bo'lgan korxonada  yiliga tabiiy charmdan bir million juftdan ortiq erkaklar, ayollar va bolalar poyabzallari tayyorlanadi. Loyiha dastlab Farg'ona viloyatidan boshlandi. Kelgusida yana bir nechta shunga o'xshash korxonalar ochiladi. Ya'ni, 2021-yilda Andijon viloyatining Marhamat tumanida, 2022-yili Namangan viloyatining Chust tumanida shunday korxonalar barpo etiladi.

  Jahon charm-poyabzal sanoati kun sayin o'zgarmoqda, yangi xil va dizayndagi mahsulotlarni mijozlarga taqdim etmoqda. Buning ustiga dunyoning eng nomdor kompaniyalari ham yangi bir modelni iste'molchilarga taqdim etib ulgurmasdan turib, boshqa bir qit'adagi firmaning undan-da jozibali va arzon oyoq kiyimini bozorga chiqarishi oddiy holga aylanib qoldi. Ana shunday raqobat muhitida soha korxonalari qanday faoliyat ko'rsatyapti?

Shu o'rinda mazkur raqamlarni keltirish maqsadga muvofiq, deb o'ylayman. Agar 2016-yilda xorijiy davlatlarga sotilgan tayyor charmning faqat bir foizi ikkinchi va uchinchi marta qayta ishlangan charm, qolgani yarimtayyor mahsulot bo'lsa, 2020-yil yakuniga kelib, yuqori qo'shilgan qiymatga ega Made in Uzbekistan yorlig'i ostidagi charm-poyabzal va mo'ynali mahsulotlar dunyoning 25 dan ortiq mamlakati bozorida o'z xaridorini topib ulgurdi.

Yaqin 3-5 yil ichida ular qatoriga Yevropa va Janubi-Sharqiy Osiyo mintaqalaridagi yana 15 ta yangi eksport bozori kelib qo'shiladi. 2021-yil oxiriga kelib, tarmoqdagi eksport ko'rsatkichi 2016-yilga nisbatan 4,1 barobarga ortadi. Yil yakuni bilan eksport xajmi 420 million dollarga teng bo'lishi kutilmoqda.

Eksport ko'rsatkichlarining ortishida xalqaro ko'rgazmalarning ham alohida o'rni bor.  O'zbek charm tayyor mahsulotlari “Mosshuz”, “BiOT”, “Pyur London”, “Shuzstar Aziya”, “Myagkaya  zolota  Rossii” kabi xalqaro ko'rgazma va yarmarkalarda o'z o'rni va mavkeiga ega. Chunki har yilgi ko'rgazmali tadbirlarda, bizning mahsulotlar juda tez sotiladi va yangidan-yangi eksport bozorlarini kashf etadi. O'zbekistonda charm-poyabzal sanoatining barqaror rivoji va investitsion muhit xalqaro brendlarni ham yurtimizga keng jalb etmoqda. Misol uchun dunyoga mashhur “Kari” brendi O'zbekistonda yaqin bir yil ichida o'z brendi bilan to'g'ridan-to'g'ri investitsiya kiritish hisobiga poyabzal ishlab chiqarishni boshlaydi. Bugungi kunda 1500 ta savdo tarmog'iga ega kompaniya yiliga 50-60 million juft poyabzalni xaridorlarga etkazib beradi. Ayni vaktda zavod uchun Jizzax erkin iqtisodiy zonasida kurilish ishlarini boshlash rejalashtirilgan.

— Xalqimizda kiyimingga qarab kutib olishadi, degan azaliy ibora bor. Jumladan, kishi kiygan poyafzal qanchalik bejirim va yarashiqli bo'lsa, qadami qutlug', ishi ham baroridan kelar ekan. Prezidentimizning 2021-yil 8-fevraldagi “CHarm-poyabzal va mo'ynachilik sohalarini yanada rivojlantirishga doir qo'shimcha chora-tadbirlar to'g'risida” gi qarorida belgilab berilgan vazifalarda shu jihatlar ham nazarda tutilgan. Demak, mahsulotlar sifati, dizayni va ularni sotish tizimi yangi bosqichga chiqadi.

Haqiqatan, shunday. Qarorda sohani yangi bosqichga ko'taruvchi qator vazifa, rag'bat, imtiyozlar belgilangan. Xususan, tadbirkorlik subyektlariga zamonaviy yangi uskuna va texnologiyalarni xarid qilish uchun 2 yillik imtiyozli davrni o'z ichiga olgan holda, 7 yil muddatgacha, yillik 6 foiz stavkasida kreditlar ajratiladi. Shuningdek, yurtimiz hududlarida va xorijiy davlatlarda hamda “Oybek-avtoyo'l” va “Sariosiyo-avtoyo'l” chegara o'tkazish punkatlarida mahalliy korxonalarda ishlab chiqarilgan charm-poyabzal mahsulotlari savdosiga ixtisoslashtirilgan “Multibrand” do'konlarini tashkil etish va uning elektron savdo platformasini yaratish ustida ish olib borilyapti.

Tahlillarimizga ko'ra, bugungi kunda yurtimizdagi 95 foiz erkaklar o'zimizda ishlab chiqarilayotgan oyoq kiyimlarni kiymoqda. Ayollarimizni sifatli poyabzallar bilan ta'minlash darajasi esa, ancha orqada qolib kelyapti. Buning sababi zamonaviy oyoq kiyimlarni ishlab chiqarishga ixtisoslashtirilgan texnologiyalar etishmasligi bilan bog'liq bo'lib kelardi. Endilikda tadbirkorlar bu borada katta imkoniyatga ega. Keyingi paytda katta o'zgarishlar ro'y berdi. Lekin muammo to'laligicha hal etilgani yo'q. Yuqorida qayd etilgan loyihalarda bu masalaga alohida e'tibor qaratilmoqda.

Bugungi kungi bozor talabi  nainki zamon bilan hamqadam ishlashni, balki undan-da oldinroqda odimlashni talab qiladi. Aynan shu jihat, yangi g'oyalar,  yuqori  sifatli mahsulotlar charm-poyabzal sanoatining kundalik  va istiqbol mezonini belgilaydi.

 Abdurauf QORJOVOV,

iqtisodiy sharhlovchi