Jahonda qurollanish poygasi yanada avj olmoqda. Yirik davlatlarning harbiy xarajatlari 2010-yilga nisbatan bir yarim barobarga oshib, 2,5 trillion dollarga yetgani buning yaqqol isbotidir. Shu bilan birga, iqtisodiy inqirozning oqibatlari va moliyaviy resurslarning yetishmasligi tufayli jahon yalpi ichki mahsulotining oʻsish surʼatlari ketma-ket uch yildan beri pasayib bormoqda. Bu esa global iqtisodiy barqarorlikka jiddiy tahdid solmoqda.
Afsuski, bugungi kunda xalqaro huquq normalari va diplomatiyaning taʼsir kuchi tobora zaiflashib bormoqda, insoniyat taqdiri uchun eng muhim boʻlgan muammolar — oziq-ovqat xavfsizligi, kambagʻallikni kamaytirish, iqlim oʻzgarishlari va ekologik muvozanatni saqlash kabi masalalarga boʻlgan eʼtibor sezilarli darajada pasaymoqda. Bunday sharoitda jahonda tinchlikni mustahkamlash, adolatni taʼminlash va inson qadrini ulugʻlashga boʻlgan umumiy ishonchni tiklash har qachongidan ham muhim va dolzarb vazifaga aylanmoqda.
Mamlakatda tinchlik va barqarorlikni taʼminlash, ijtimoiy adolatni qaror toptirish, aholi farovonligini oshirish va iqtisodiy oʻsishga erishish — bugungi globallashgan dunyoda har bir davlatning strategik maqsadiga aylangan. Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev rahbarligida amalga oshirilayotgan islohotlar, ayniqsa investitsiyalarni jalb etishga qaratilgan harakatlar, aynan shu maqsadlarni amalga oshirishga qaratilgan. Investitsiyalar nafaqat iqtisodiy oʻsishni taʼminlovchi omil, balki keng maʼnoda tinchlik va barqarorlikni kafolatlovchi mexanizm sifatida namoyon boʻlmoqda.
Prezidentimiz Sh.Mirziyoyev 2024-yil 19-dekabr kuni oʻtkazgan yigʻilishda taʼkidlaganidek, 2017-yildan buyon mamlakatimiz iqtisodiyotiga 188 milliard dollar investitsiya kiritilgan boʻlib, shundan 87 milliard dollari xorijiy sarmoyadorlar hissasiga toʻgʻri keladi. Bu holat Oʻzbekistonda adolatli, barqaror va huquqiy muhit shakllanayotganining amaldagi isbotidir.
2024-yilda 36 milliard dollarlik investitsiya jalb qilinib, 560 ta yirik va oʻrta loyiha ishga tushirildi. 2025-yilda esa 43 milliard dollarlik investitsiya oʻzlashtirilishi, 662 turdagi import oʻrnini bosuvchi mahsulotlar ishlab chiqarilishi koʻzda tutilmoqda. Bu raqamlar ortida — ish oʻrinlari, ijtimoiy barqarorlik, soliq tushumlari va fuqarolarning farovon hayoti mujassam.
Iqtisodiy oʻsish bilan birga, davlat tomonidan ijtimoiy himoya siyosati ham izchil amalga oshirilmoqda. Prezidentning 2024-yil 23-sentyabrdagi farmoni asosida “Kambagʻallikdan farovonlik sari” dasturi joriy etildi. Ushbu dastur asosida 75 ming kambagʻal oilaga rahbarlar biriktirilib, 17 ming fuqaro doimiy ishga joylashtirildi, 14 ming aholi tadbirkorlik orqali daromad topa boshladi.
Investitsiya loyihalarining kengayishi, tomorqachilik va kichik biznesni rivojlantirishga berilgan imtiyozlar mazkur dastur bilan uygʻunlashib, aholi daromadining oshishiga xizmat qilmoqda. Bu esa oʻz navbatida ijtimoiy barqarorlikni mustahkamlaydi.
Prezidentimiz taʼkidlaganidek, zamonaviy texnologiyalar va xalqaro hamkorlik asosida geologiya-qidiruv ishlarini kengaytirish, yangi konlarni oʻzlashtirish, transformatsiya va eksport-import logistikasini takomillashtirish rejalashtirilgan. Bu tarmoqlar ham investitsiya oqimining oshishiga xizmat qilmoqda. Mazkur loyihalarda faqat iqtisodiy oʻsish emas, balki yangi ish oʻrinlari, ekologik barqarorlik, energiya resurslaridan samarali foydalanish va aholi hayoti sifatining oshishi ham koʻzda tutilgan
Mamlakatimiz tashqi siyosatida ham investitsiyaviy islohotlar bilan uygʻunlik mavjud. Prezidentimiz tomonidan qoʻshni davlatlar bilan mustahkam aloqalar yoʻlga qoʻyildi, Markaziy Osiyoda transchegaraviy suvlardan hamkorlikda foydalanish mexanizmi yaratildi. Bu nafaqat iqtisodiy manfaat, balki mintaqaviy tinchlik va xavfsizlikning poydevoridir. BMT miqyosida ilgari surilgan tashabbuslar — buning yorqin isbotidir.
Yuqorida keltirilgan tahlillardan kelib chiqib, aytish mumkinki, investitsiyalar — faqat iqtisodiy koʻrsatkichlar emas, balki barqarorlik, ijtimoiy adolat va tinchlikning ham asosiy poydevoridir. Prezident Sh.Mirziyoyevning soʻzlari bilan aytganda: “Barqaror taraqqiyot va kelajakka ishonchli qadamlar uchun investitsiyaviy muhitni takomillashtirish — asosiy vazifamizdir”. Yaʼni, mamlakatimizda investitsiya markazlari tashkil etish, ijtimoiy himoya tizimida investitsiya bilan bogʻliq yangi loyihalar (ijtimoiy tadbirkorlik)ni qoʻllab-quvvatlash, yoshlar oʻrtasida investitsiya madaniyatini shakllantirish maqsadida taʼlim muassasalarida maxsus kurslar joriy etilishi yurtimizga kirib keladigan investitsiyalar ijobiy taʼsir koʻrsatadi.
Oʻzbekiston uchun investitsiya — bu iqtisodiy oʻsish vositasi emas, balki barqaror va tinch jamiyat qurishning muhim kafolatidir.
Rasul Rahmonov,
Toshkent shahridagi Vebster universiteti
Ijrochi direktori i.f.n,prof.
Hamkorlik materiali