Investitsiyaviy va tashqi savdo faoliyatini ragʻbatlantirish boʻyicha chora-tadbirlar muhokama etildi

    Mamlakatimizda 7 Noyabr 2022 1145

    Joriy yil 3-noyabrda Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vazirining oʻrinbosari – investitsiyalar va tashqi savdo vaziri Jamshid Xodjayev boshchiligida investitsiyaviy va eksport faoliyatining bugungi holati va uni ragʻbatlantirish boʻyicha kelgusidagi chora-tadbirlar muhokamasiga bagʻishlangan videokonferensiya tarzida yigʻilish boʻlib oʻtdi.

    Yigʻilishda vazirlik, idoralar, tarmoq birlashmalari, tijorat banklari hamda Qoraqalpogʻiston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahar mahalliy hokimiyat organlari rahbarlari ishtirok etdi.

    Eksport faoliyatining joriy koʻrsatkichlari oʻtgan yilning shu davriga nisbatan 129 foizga oshgan boʻlsada, hududlar va tarmoqlar boʻyicha olib borilgan tanqidiy tahlillar qator kamchiliklarni koʻrsatdi. Tadbirkorlar va eksportyorlarni qoʻllab-quvvatlash, ularning muammolarini hal etishda yordam berish borasidagi ishlar qoniqarsiz ekani inobatga olinib, Qoraqalpogʻiston Respublikasi, Andijon, Buxoro, Jizzax, Qashqadaryo, Navoiy, Namangan, Samarqand, Sirdaryo, Surxondaryo, Fargʻona, Xorazm viloyatlari tegishli mahalliy davlat hokimiyati organlari, shuningdek, «Oʻztoʻqimachiliksanoat», “Oʻzsanoatqurilishmateriallari” uyushmalari, Bogʻdorchilik va issiqxona xoʻjaligini rivojlantirish agentligi va Farmatsevtika tarmogʻini rivojlantirish agentligi rahbarlarining faoliyati tanqid qilindi.

    Asosiy maqsad – muammolarni tezkorlik bilan hal etish, xorijga mahsulot yetkazib berish hajmini koʻpaytirish va geografiyasini kengaytirish, shuningdek, yangi korxonalarni eksport faoliyatiga jalb etish boʻyicha tizimli ishlar samaradorligini oshirishdan iborat ekanligi koʻrsatildi.

    Joriy yil yanvar-oktyabr oylarida Davlat investitsiya dasturi doirasida 8,2 milliard dollarlik xorijiy investitsiyalar oʻzlashtirildi, 3,2 milliard dollarlik 91 ta yirik loyiha foydalanishga topshirildi, 14,8 mingta yangi ish oʻrni yaratildi. Biroq, taʼkidlanganidek, ijobiy faktlar fonida masʼuliyatsizlik holatlari uchrab turyapti. Shu oʻrinda, Qoraqalpogʻiston Respublikasi, Andijon, Buxoro, Jizzax, Qashqadaryo, Navoiy, Namangan, Samarqand, Sirdaryo, Surxondaryo, Toshkent, Xorazm viloyatlari mahalliy davlat hokimiyati organlarining hamda “Issiqlik elektr stansiyalari” AJ, “Oʻzbekneftgaz” AJ, “Oʻzsuvtaʼminot” AJ, “Oʻzbekiston temir yoʻllari” AJ, “Hududiy elektr tarmoqlari” AJ va bir qator vazirliklarning tegishli rahbarlari jalb etilgan xorijiy investitsiyalar va xalqaro moliya institutlari mablagʻlarini oʻz vaqtida oʻzlashtirish boʻyicha erishgan natijalari qoniqarsiz dep topildi.

    Har bir investitsiya loyihasining amalga oshirilishini monitoring qilish, investitsiyalarni oʻzlashtirishda kechikishlarga yoʻl qoʻymaslik muhimligi taʼkidlandi. Bu vazifa hududiy investitsiya dasturlarini oʻz vaqtida amalga oshirishni ham oʻz ichiga oladi. Shu tariqa, joriy yil oxirigacha umumiy qiymati 4,8 milliard dollarlik 3 ming 466 ta loyihani ishga tushirish va 127,9 mingta yangi ish oʻrni yaratish rejalashtirilgan. Shu nuqtayi nazardan, tijorat banklari tomonidan istiqbolli loyihalarni qoʻllab-quvvatlash, ularning tashabbuskorlariga mahalliy davlat hokimiyati organlari tomonidan har tomonlama yordam koʻrsatish muhimligi alohida taʼkidlandi, deb xabar beradi Investitsiyalar va tashqi savdo vazirligi matbuot xizmati.