«Jahon miqyosida raqobat tobora kuchayib borayotgan hozirgi sharoitda faqat yuqori qoʻshilgan qiymatli mahsulot ishlab chiqaradigan davlatlargina dunyo bozorida oʻz oʻrniga ega boʻlmoqda.
Shuning uchun iqtisodiyotning barcha sohalarida yuqori samaradorlikka erishish kelgusida islohotlarimizning bosh mezoni boʻlishi shart», – dedi Prezidentimiz.
Masalan, sanoatda yuqori texnologik va kam energiya isteʼmol qiladigan tarmoqlar rivojlantirilgani hisobiga joriy yilda 1 dollar mahsulot uchun sarflanadigan yoqilgʻi-energiya miqdorini 13 foizga kamaytirishga erishildi.
Shu bois, 2030-yilga qadar yalpi ichki mahsulot hajmini 240 milliard dollardan oshirish uchun eng toʻgʻri yoʻl – barcha sohalarni texnologik va innovatsion oʻsish modeliga oʻtkazish ekani taʼkidlandi.
Bu kelgusi yillarda iqtisodiy taraqqiyot strategiyasining asosiy yoʻnalishi boʻlishi belgilandi.
Yurtimizdagi qulay biznes muhiti, demografik oʻsish, inson kapitaliga berilayotgan eʼtibor Oʻzbekistonni investorlar uchun eng jozibador mamlakatlardan biriga aylantirmoqda.
Joriy yilning oʻzida chet ellik hamkorlar bilan 140 milliard dollarlik yangi investitsiya kelishuvlariga erishildi. Kelgusi yilda 50 milliard dollar xorijiy investitsiyani jalb qilish moʻljallangan.
Bundan buyon har bir dollar investitsiya, eng avvalo, ilgʻor texnologiyalar transferi, tashqarida bozori aniq, yuqori qoʻshilgan qiymatli mahsulotlar ishlab chiqarishga, energiya, suv, yer va boshqa tabiiy resurslardan foydalanishda samaradorlikni oshirishga, mahalliy ishchilarni yangi texnologiyalar bilan ishlashga oʻqitish va mehnat unumdorligini oshirishga xizmat qilishi kerakligi taʼkidlandi.
«Yaʼni yuqori texnologiya va yangi kompetensiyalarni olib kirgan, eksportga ishlagan investor eng ishonchli hamkorimiz boʻladi», – dedi davlatimiz rahbari.
Bunday strategik investorlarga loyiha uchun yerlar bozor qiymatida toʻgʻridan-toʻgʻri beriladi. Yer toifasi oʻzgarganida nobudgarchilik uchun toʻlovni 10-yilgacha boʻlib-boʻlib toʻlashga ruxsat etiladi.
Yerni rasmiylashtirish, toifasini oʻzgartirish, qurilish va infratuzilmaga ulanishga ruxsatnoma olish uchun investorlar idorama-idora yurmaydi. Ularga “yagona darcha” tamoyili asosida kompleks xizmat koʻrsatadigan elektron platforma ishga tushiriladi va barcha vazirliklar unga ulanadi.