Bosh vazir o‘rinbosari - Turizm va sport vaziri Aziz Abduhakimov boshchiligida o‘tgan ushbu yig‘ilishda mutasaddi vazirlik va idoralar, mahalliy davlat hokimiyati organlari masʼullari ishtirok etdi. Joriy yilda bo‘lib o‘tadigan kinofestivalning tayyorgarlik jarayonlariga bag‘ishlangan yig‘ilishda milliy kinematografiya, kinokompaniya va kinoteatrlar tarmog‘ini rivojlantirish masalalari ham ko‘rib chiqildi.
Yig‘ilishda shuningdek Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar kengashi raisi, viloyatlar hokimlarining turizm, sport, madaniyat, madaniy meros va ommaviy kommunikatsiyalar masalalari o‘rinbosarlari ham onlayn qatnashdi.
Prezident Shavkat Mirziyoyevning qaroriga muvofiq, Toshkent xalqaro kinofestivali endilikda “Ipak yo‘li durdonasi” nomi bilan O‘zbekiston Kinematografiya agentligi tomonidan 2021-yildan boshlab har yil 28-sentyabr – 3-oktyabr kunlari o‘tkaziladi.
Maʼlumot uchun: Osiyo, Afrika va Lotin Amerikasi xalqaro kinofestivali deb nomlangan Toshkent kinofestivali 1968–1997-yillarda may oyi oxiri – iyun oyi boshida davlat Kinematografiya qo‘mitasi va kinoarboblar uyushmasi tomonidan tashkil etilgan.