Iqlim oʻzgarishi – global falokatmi yoki inson taraqqiyotida yangi paradigma?

    Tadbirda Markaziy Osiyo mintaqasida iqlim barqarorligini taʼminlash boʻyicha strategik chora-tadbirlarni ishlab chiqish yuzasidan tavsiyalar ilgari surildi.

    Poytaxtimizdagi “Ground Zero Kitob Olami” kovorking markazida ana shu mavzuda tadbir boʻlib oʻtdi.

    Buyuk Britaniya hukumati va Oʻzbekistondagi BMT Taraqqiyot dasturining “Markaziy Osiyo mintaqasida iqlim barqarorligini taʼminlash boʻyicha strategik chora-tadbirlar va harakatlar” qoʻshma dasturi doirasida tashkil etilgan mazkur anjumanda olimlar, ekologiya faollari, talabalar hamda ommaviy axborot vositalari vakillari ishtirok etdi.

    Ekspert Liliya Zavyalova oʻz taqdimotida iqlim oʻzgarishi boʻyicha muzokaralarning ilmiy va siyosiy mazmuni, bu boradagi xalqaro shartnomalar, xususan, Kioto protokoli, Parij bitimi va iqlim muammolariga oid boshqa xalqaro hujjatlar toʻgʻrisida soʻzlab berdi.

    Iqlim oʻzgarishiga tabiiy omillar va inson faoliyati sabab boʻladi. Jumladan, tabiiy omillarga Yer, Quyosh, Oy va boshqa sayyoralar harakatidagi oʻzgarishlar, vulqonlar faollashuvi, iqlim isishi natijasida yuzaga keladigan jarayonlar kiradi. Insonlar esa yoqilgʻilarni yoqish, sanoat, qishloq xoʻjaligi, oʻrmon xoʻjaligi, oziq-ovqat mahsulotlarini ishlab chiqarish orqali iqlimga taʼsir qiladi.

    Iqlim oʻzgarishining ekologik va ijtimoiy oqibatlari keyingi yillarda ayrim mintaqalarda toʻfon, oʻrmon yongʻinlari, qurgʻoqchilik, toshqinlar, haroratning keskin isib ketishi bilan bogʻliq holatlar sezilarli darajada koʻpayishi orqali namoyon boʻlmoqda. Baʼzi davlatlarda iqlim oʻzgarishi taʼsirida qishloq xoʻjaligi mahsulotlari hosildorligining pasayib ketishi esa bevosita oziq-ovqat xavfsizligiga tahdid solmoqda.

    Uchrashuvda insonlarning iqlim oʻzgarishiga taʼsirini kamaytirish yuzasidan fikr-mulohazalari bildirildi.