Ekologik muammolarga Atrof muhit va tabiatni muhofaza qilish texnologiyalari ilmiy-tadqiqot instituti ilmiy yechim topa oladimi?

    AOKAda oʻtkazilgan brifingda Atrof muhit va tabiatni muhofaza qilish texnologiyalari ilmiy-tadqiqot instituti direktori Baxtiyor Poʻlatov shu yoʻnalishdagi ishlar haqida maʼlumot berdi.

    Respublikamizda ekologik barqarorlikni taʼminlash, aholining qulay tabiiy muhitga ega boʻlishi uchun zarur shart-sharoitlar yaratish, tabiiy resurslardan oqilona va samarali foydalanish, yuzaga kelayotgan ekologik muammolarning oldini olish va ularning salbiy oqibatlarini bartaraf etish masalalariga jiddiy eʼtibor berilmoqda. Keyingi yillarda hukumatimiz tomonidan ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish sohasida koʻplab huquqiy-normativ hujjatlar qabul qilindi. Atrof-muhit muhofazasi sohasidagi muammolarning salbiy oqibatlarini yumshatish va oldini olishda ilmiy-tadqiqot ishlariga ham katta eʼtibor berilmoqda.

    Bu borada 2022-yil 18-avgustdagi Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining “Atrof muhit va tabiatni muhofaza qilish texnologiyalari ilmiy-tadqiqot instituti faoliyatini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi qarori .muhim huquqiy asos boʻldi. Qaror bilan Davlat ekologiya qoʻmitasi huzuridagi Atrof muhit va tabiatni muhofaza qilish texnologiyalari ilmiy-tadqiqot instituti faoliyatini yanada takomillashtirish va kompleks rivojlantirish boʻyicha 10 ta asosiy yoʻnalishlari belgilab berildi.

    Ushbu yoʻnalishlardagi vazifalar ijrosini taʼminlash, dolzarb yoʻnalishlardagi ilmiy tadqiqotlarni yanada kuchaytirish maqsadida institutda Bioxilma-xillikni saqlash va Chiqindilarni qayta ishlash va utilizatsiya qilish laboratoriyalari, yashil oʻsish va iqlim oʻzgarishi, ekotizim xizmatlari va normativ hujjatlarni ishlab chiqish hamda ʼkologik taʼlim va targʻibot boʻlimlari tashkil etildi.

    Institutda Fanlar akademiyasi, tarmoq ilmiy tashkilotlari va xorijiy ilmiy markazlar bilan hamkorlik va integratsiya tizimi yaratiladi. Buning uchun institutga ekologiya va atrof muhitni muhofaza qilish sohasining xorijiy yetakchi ekspertlari xalqaro moliya institutlari hamda xorijiy tashkilotlarning grantlari, shuningdek, Davlat ekologiya qoʻmitasining jamgʻarmasi mablagʻlari hisobidan jalb qilinadi.

    Institut ilmiy laboratoriyalarini zamonaviy asbob-uskunalar bilan jihozlash maqsadida 2023-yilda Innovatsion rivojlanish vazirligining Ilm-fanni moliyalashtirish va innovatsiyalarni qoʻllab-quvvatlash jamgʻarmasi hisobidan jami 1,5 mlrd soʻmlik 27 turdagi laboratoriya uskunalari va 19 turdagi reagent va butlovchi materiallar xarid qilinishi rejalashtirilgan.

    Institutda joriy yilning 10 oyi davomida 12 ta xoʻjalik shartnomalari asosida tadqiqot ishlari olib borilmoqda. Institut ilmiy xodimlari tomonidan 2022-yil davomida nashr etilgan monografiya, xorijiy, mahalliy nashrlardagi maqolalar va mualliflik guvohnomalari soni 29 ta ni tashkil etmoqda.

    Qarorda belgilangan barcha topshiriq va vazifalarning oʻz vaqtida bajarilishi kelajakda respublikamizda ekologiya va atrof muhitni muhofaza qilish sohasi ilm-fannining rivojlanishiga, sohada malakali va yuqori bilimli kadrlar ulushining ortishiga xizmat qiladi.