Kamchatkadagi Shiveluch vulqonining harakatga kelishi oqibatlari 2010-yildagi Eyyafyatlayokudldan koʻra jiddiyroq boʻlishi va global sovishga olib kelishi mumkin, dedi iqlimshunos Aleksey Kokorin RIA Novosti agentligiga bergan intervyusida.

“Har qanday vulqon otilishining taʼsiri, agar undan ajralib chiqadigan moddalar stratosfera tomonga yoʻnalsa, kuchli boʻladi. Agar shunday boʻlsa, bu aniq global sovishning bir belgisi boʻladi, qisqa muddatli – bir yoki ikki yil, bundan koʻproq boʻlmaydi”, dedi u.

Mutaxassis mazkur vulqonni 2010-yilda Islandiya janubidagi Eyyafyatlayokudl vulqonining otilishi bilan taqqosladi. Undan ajralib chiqqan kul Yevropaning shimoliy qismidagi havo kengliklarini yopib qoʻygandi.

Iqlimshunosning aytishicha, uning tashlanmalari stratosferaga yetib bormadi, shuning uchun u iqlimga deyarli taʼsir qilmadi.

Kamchatkadagi Shiveluch vulqoni bugun erta tongda harakatga keldi. Yarimorol sharqidagi bir qancha posyolkalar kul buluti bilan qoplangan. Misol uchun, Klyuchida soʻnggi 60 yildagi eng kuchli “kul yomgʻiri” kuzatildi. Favqulodda vaziyatlar vazirligi maʼlumotlariga koʻra, kul buluti Petropavlovsk-Kamchatskiyga yetib borishi mumkin, deb xabar beradi ria.ru.