Bu bejiz emas. Zero, Bosh qonunimiz har bir insonning huquq va majburiyatlarini belgilabgina qolmay, ular amalga oshishining mustahkam kafolatlarini ta'minlaydi.
Shunisi e'tiborliki, Konstitutsiyamizda davlat va jamiyat taraqqiyotining asosiy maqsad va tamoyillari belgilanishi barobarida ijtimoiy va iqtisodiy hayotimizni tashkil etish qoidalari ham o'rnatilgan.
Jumladan, uning 32-moddasida O'zbekiston Respublikasining fuqarolari jamiyat va davlat ishlarini boshqarishda bevosita hamda o'z vakillari orqali ishtirok etish huquqiga ega ekanliklari mustahkamlab qo'yilgan. Ushbu moddada belgilab qo'yilgan normalarning amaliy ifodasidan biri joriy yilga mo'ljallangan davlat byudjetining qonun shaklida qabul qilinishi bo'ldi. Ushbu chora, avvalo, byudjet ma'lumotlari ochiqligi va shaffofligini yanada oshirish, byudjet mablag'lari shakllanishi va sarflanishi ustidan parlament va jamoatchilik nazoratini kuchaytirish maqsadida amalga oshirildi. Bu esa Konstitutsiyaning yuqoridagi moddasida belgilangan normalarga to'liq mos keladi.
2020 yildan boshlab davlat byudjeti qonun shaklida qabul qilinib, xalq vakillari tomonidan nazoratga olindi. Ushbu qonunga ko'ra, joriy yildan boshlab davlat byudjeti ustidan nazorat, uni shakllantirish, taqsimlash va tasdiqlash vakolatlari Oliy Majlis palatalariga o'tdi. Bu esa, o'z navbatida, vazirlik va idoralarning parlamentga hisobdorligini oshirishga xizmat qildi. Zero, davlat byudjeti — xalq mablag'lari. Parlament a'zolari — senatorlar va deputatlar xalq vakillari sifatida endilikda bu mablag'larni taqsimlash, vazirlik va idoralarning ularning sarflanishi va foydalanilishi haqida hisobotlarini olish huquqiga ega bo'ldilar.
Konstitutsiyaning iqtisodiyotimizga bevosita daxldor yana bir jihati shundaki, unda xususiy mulk daxlsizligi va meros huquqi kafolatlangan. Jumladan, Bosh qonunning 12-bobida jamiyatimizning iqtisodiy negizlari alohida belgilab qo'yilgan bo'lsa, 9-bobi “Iqtisodiy va ijtimoiy huquqlar” deb nomlanib, unda davlatimiz iqtisodiy hayotiga oid asosiy normalar belgilangan.
Xususan, Konstitutsiyamizning 53-moddasida bozor munosabatlarini rivojlantirishga qaratilgan O'zbekiston iqtisodiyotining negizini xilma-xil shakllardagi mulk tashkil etishi qayd qilingan. Bunda davlat iste'molchilarning huquqi ustunligini hisobga olib, iqtisodiy faoliyat, tadbirkorlik va mehnat qilish erkinligini, barcha mulk shakllarining teng huquqliligini va huquqiy jihatdan muhofaza etilishini kafolatlashi, xususiy mulk boshqa mulk shakllari kabi daxlsiz va davlat himoyasida ekani ham shu moddada belgilangan. Konstitutsiyamizda har bir shaxs mulkdor bo'lishga haqli ekani, mulkdorning mulkiga o'z xohishicha egalik qilishi, undan foydalanishi va uni tasarruf etishi huquqlari ham mustahkamlangan.
Bosh qonunimizdagi mulk huquqiga oid ana shu normalar joriy yilda qabul qilingan to'g'ridan-to'g'ri ta'sir kuchiga ega bir qator qonunlarda o'z aksini topdi. Jumladan, Oliy Majlis Senatining yaqinda bo'lib o'tgan to'qqizinchi yalpi majlisida ma'qullangan “Mulkdorlar huquqlari va qonuniy manfaatlarining kafolatlari yanada kuchaytirilishi munosabati bilan O'zbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga o'zgartish va qo'shimchalar kiritish to'g'risida”gi qonun bilan “Xususiy mulkni himoya qilish va mulkdorlar huquqlarining kafolatlari to'g'risida”gi qonunga o'zgartishlar kiritilmoqda. Ular mamlakatimizda xususiy mulkni himoya qilish va mulkdorlar huquqlarining kafolatlarini yanada kuchaytirish, ularning huquq va qonuniy manfaatlari asossiz buzilishining oldini olishga qaratilgan.
Jumladan, Qoraqalpog'iston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahri yoki tuman (shahar) hokimliklarining olib qo'yilayotgan er uchastkasida joylashgan ko'chmas mulk ob'ektini buzib tashlash to'g'risidagi qarori adliya organlarining ijobiy xulosasi mavjud bo'lgandagina qabul qilinishi belgilandi. Bu esa aksariyat hollarda nizo va noroziliklarni keltirib chiqarayotgan masalada adolat o'rnatilishiga xizmat qiladi.
SHuningdek, er uchastkasini olib qo'yish tashabbuskori hamda olib qo'yilayotgan er uchastkasida joylashgan ko'chmas mulk ob'ektining mulkdori o'rtasida tuziladigan erni olib qo'yish munosabati bilan kompensatsiya berish to'g'risidagi kelishuv majburiy tarzda notarial tasdiqlanishi shartligi qonunda aniq qilib ko'rsatilmoqda. Demak, endilikda ushbu munosabatlar hujjatlashtiriladi, bu esa mulkdorlarning qonuniy huquqlari asosli ravishda himoya qilinadi, deganidir.
Shu bilan birga, ko'chmas mulk ob'ektini buzib tashlash to'g'risidagi qarorni qabul qilishga olib qo'yilayotgan er uchastkasida joylashgan ko'chmas mulk ob'ekti mulkdoriga kelishuvda, nizo mavjud bo'lgan hollarda esa sud qarorida belgilangan kompensatsiya to'liq taqdim etilgandan so'ng yo'l qo'yilishi belgilanmoqda. SHunga ko'ra, ushbu qonun kuchga kirishi bilan “snos” masalasida shu paytgacha yo'l qo'yilgan huquqbuzarlik holatlari bartaraf etiladi.
Tadbirkorlik uchun qulay sharoit yaratish, asossiz soliq imtiyozlarini bekor qilib, barchaga bir xil soliq tartibini joriy etish kabi talablarni ifodalovchi, shu yildan amalga kiritilgan yangi tahrirdagi Soliq kodeksi me'yorlariga ushbu qonun bilan 11 ta qonun va 2 ta kodeks talablari muvofiqlashtirilmoqda.
Soliq kodeksidagi soliq imtiyozlari individual xususiyatga ega bo'lishi mumkin emasligi to'g'risidagi talab yuzasidan “O'zbekiston Respublikasi Sud`yalar oliy kengashi to'g'risida”gi va “Sudlar to'g'risida”gi qonunlardagi sud`yalarning daromad solig'i to'lamasligi to'g'risidagi talabning bekor qilinishi kabi o'zgarishlar kiritilmoqda.
Jismoniy shaxslar tomonidan xayriya tashkilotlaridan moddiy naf tarzida olinadigan daromadlarni soliqqa tortishdan ozod qilish borasidagi talabga binoan kodeksga fuqarolarning o'zini o'zi boshqarish organlari, kasaba uyushmasi qo'mitasi, xayriya va ekologiya jamg'armalari tomonidan ko'rsatilgan yordam, jismoniy shaxsning manfaatini ko'zlab, tovar va xizmatlarni etkazib beruvchidan sotib olish, pul ko'rinishidan tashqari xayriya maqsadida boshqa shakllarda qo'llab-quvvatlash kabi aholining moddiy holatini yaxshilashga xizmat qiladigan bir qator me'yorlar kiritilgan.
Mamlakatimiz iqtisodiyotining erkin bozor sharoitida, sog'lom raqobat asosida rivojlanishi borasida keng imkoniyatlarni ta'minlovchi bu kabi yangi qonun hujjatlari aynan Konstitutsiyamizda mustahkamlangan tegishli normalar asosida qabul qilinmoqda. Demak, mamlakatimiz farovonligini ta'minlashda poydevor bo'lib xizmat qilayotgan Bosh qonunimiz yurtimizning yanada ravnaq topishi, uning rivojlangan davlatlar qatoridan joy olishi yo'lida asosiy tayanch, ta'bir joiz bo'lsa, yo'lchi yulduz bo'lib qolaveradi.
Malika QODIRXONOVA,
Oliy Majlis Senati a'zosi