Iqtisodiy o'sish va aholi farovonligini ta'minlash — ustuvor vazifa

    Koronavirus pandemiyasi va global inqiroz jahonning iqtisodiy jihatdan baquvvat davlatlari iqtisodiyotida ham sezilarli darajada ta'sir o'tkazdi. Tabiiyki, bu jarayon O'zbekiston iqtisodiyotini ham chetlab o'tayotgani yo'q.

    Prezidentimiz raisligida joriy yilda barqaror iqtisodiy oʻsishni taʼminlash masalalari boʻyicha oʻtkazilgan yigʻilishda iqtisodiyotni koʻtarish, aholini ish bilan taʼminlash, kambagʻallikni qisqartirish masalalariga alohida eʼtibor qaratildi.

    Davlatimiz rahbarining Oliy Majlisga Murojaatnomasida qayd etilganidek, 2021-yilda mamlakat iqtisodiyoti kamida 5 foiz oʻsishi maqsad qilingan. Biroq global iqtisodiyotdagi noaniqlik iqtisodiy oʻsishning qoʻshimcha zaxiralarini topish va safarbar qilishni talab etmoqda.

    Shu bois, Prezidentimiz barcha darajadagi rahbarlarga oʻz sohasi boʻyicha mahallalardagi holatni oʻrganish, “oʻsish nuqtalari”ni aniqlab, ularni rivojlantirish vazifasini qoʻydi. Yigʻilishda iqtisodiy kompleks vakillarini mahallaga jalb etgan holda barcha organlar faoliyatini oʻzaro muvofiqlashtirish kerakligi va masalani joyida hal etish boʻyicha ularga barcha vakolatlar berilishi aytildi.

    Davlat boshqaruvi akademiyasiga mahalla raislari va mazkur tizimdagi barcha xodimlar uchun oʻquvlar tashkil qilish, buning uchun maxsus dastur va qoʻllanmalar ishlab chiqish vazifasi qoʻyildi. Prezidentimiz kambagʻallikni qisqartirish masalasiga yana bir bor toʻxtalib, mutasaddilarga aholini tadbirkorlik va kasb-hunarga oʻqitish, bandligini taʼminlash yuzasidan koʻrsatmalar berdi.

    Saidqahhor XOLXOʻJAYEV, Iqtisodiy taraqqiyot va kambagʻallikni qisqartirish vazirining birinchi oʻrinbosari:

    — Davlatimiz rahbari joriy yilda mahallalar bilan ishlashda Iqtisodiy taraqqiyot va kambagʻallikni qisqartirish vazirligi hamda ushbu kompleksga kiruvchi bir qancha tijorat banklarining vazifasini, ishni qanday tashkil etish lozimligini qayd etib oʻtdi.

    Yangi ish oʻrinlarini yaratish va aholi bandligini taʼminlash eng ustuvor yoʻnalish sifatida belgilandi. Mahallalar, hududlardagi tadbirkorlik subyektlarini yana-da rivojlantirish, mavjud muammolarni hal etish, shu bilan birga, yangi tadbirkorlik subyektlarini yaratishga koʻmaklashish ham muhim masala ekanligi taʼkidlandi.

    Shuningdek, har bir mahallada yashayotgan aholining ijtimoiy holatini oʻrganib, ularni yaxshilash boʻyicha tizimli ishlarni amalga oshirishga koʻrsatma berildi. Yigʻilishda buni qanday tashkil etish, mahallalarda ishlash boʻyicha kimlarni jalb etish va ular nima ish bilan band boʻlishi borasidagi barcha masalalarga toʻxtalib oʻtildi.

    Tashkil etiladigan oʻquvlar, “mahallabay” ishlashning tizimli choralarini koʻrish va uning nazoratini yuritish boʻyicha koʻrsatmalar berildi. Belgilangan ishlarni sifatli tashkil etish va ijrosini taʼminlash oldimizdagi eng muhim vazifadir.