Respublikamizda iqtisodiy rivojlanishning yangi bosqichida kichik biznesni yanada rivojlantirishni rag'batlantirish bilan birga, uning tarkibida xususiy mulkka asoslangan subyektlar ulushini oshirishga, qulay ishbilarmonlik muhitini yaratishga alohida e'tibor qaratilmoqda. Buning amaliy natijalari xalqaro reytinglarda ham e'tirof etilyapti.
Jahon bankining “Doing Business 2020” hisobotida O'zbekiston 7-o'rin yuqoriga ko'tarilib, dunyoning 190 mamlakati orasida 69-o'rinni egalladi. Bu mamlakatimizga ishbilarmonlik muhitini yaxshilashda eng katta yutuqlarga erishgan 20 ta mamlakat qatoriga kirish imkonini berdi. Biznesni yuritish qulayligini baholashning o'nta mezonidan to'qqiztasida O'zbekiston o'tgan yilgiga nisbatan yuqoriladi.
Ta'kidlash joizki, bugungi kunda faoliyat yuritayotgan ishbilarmonlik sektoridagi korxonalarning 99 foizdan ortig'i kichik tadbirkorlik sub'ektlari hisoblanadi. Bu iqtisodiyotda nisbatan kam mablag' sarflab, yangi ish o'rinlarini yaratsh, bozor sharoitiga tez moslashish, texnik va texnologik yangiliklarni ishlab chiqish va joriy etish, erkin raqobat muhitini yuzaga keltirish, turli tarmoqlar o'rtasidagi o'zaro aloqani yaxshilashda qo'l kelmoqda.
Mamlakatimizda kichik biznes va xususiy tadbirkorlik subyektlarini har tomonlama qo'llab-quvvatlash va ularga qulay shart-sharoitlar yaratish bo'yicha amalga oshirilayotgan chora-tadbirlar natijasida ularning soni ham yildan-yilga oshib borishi kuzatilmoqda. Jumladan, 2021-yilning 1-yanvar holatiga ko'ra, faoliyat yuritayotgan kichik korxona va mikrofirmalar (fermer va dehqon xo'jaliklarisiz) respublikamiz bo'yicha 411 203 tani tashkil etib, o'tgan yilga nisbatan 76 436 taga yoki 22,8 foizga ko'paydi.
Tuman va shaharlari eng ko'p faoliyat yuritayotgan kichik korxona va mikrofirmalar soniga e'tibor qaratadigan bo'lsak, Chilonzor tumanida 11 045 ta, Andijon shahrida 11 023 ta, Samarqand shahrida 10 190 ta hamda Namangan shahrida 9 146 ta sub'ekt mavjud.
Iqtisodiy faoliyat turlari kesimida esa,eng yuqori ulushlar savdo sohasida 131 597 tani yoki jami kichik korxona va mikrofirmalarning 32 foizini, sanoatda 82 746 tani yoki 20,1 foizni, qishloq o'rmon va baliqchilik xo'jaligida 40 719 tani, qurilishda 40 695 tani va mos ravishda 9,9 foizni, maishiy va ovqatlanish xizmatlarida 7,3 hamda boshqa faoliyat turlari bo'yicha12,6 foizni tashkil etgan. O'z navbatida, 2020 yilda 93 214 ta kichik korxona va mikrofirmalar yangidan ish boshladi.
2020-yilda faoliyat yuritayotgan kichik tadbirkorlik sub'ektlari (fermer va dehqon xo'jaliklarini qo'shgan holda) soni har ming kishiga nisbatan hisoblanganda respublika bo'yicha 15,6 birlikka teng bo'ldi. Hududlar bo'yicha yuqori ko'rsatkich Toshkent shahrida 32, Sirdaryo viloyatida 21,1, Navoiy viloyatida 21 hamda Jizzax viloyatida 18,7 birlikka to'g'ri keldi.
Iqtisodiyotning asosiy tarmoqlari rivojlanishida kichik biznes va xususiy tadbirkorlikning o'rnini quyidagi tahlillar orqali ko'rishimiz mumkin. Xususan, 2020-yilda ushbu tarmoq subyektlarining yalpi ichki mahsulot hajmidagi ulushi 288 trillion 608,3 milliard so'mni yoki 53,9 foizni tashkil etgan.
Sanoat tarmog'ida kichik biznes subyektlari hissasining o'sishi qulay ishbilarmonlik muhitining yaratilishi, yagona soliq to'lovi stavkalarining pasaytirilishi, resurslardan va ishlab chiqarish infratuzilmalaridan foydalanishga ruxsat berish shartlarining soddalashtirilishi natijasida ta'minlanmoqda. Jumladan, 2020-yilda ular tomonidan 100 trillion 796,9 milliard so'mlik sanoat mahsuloti ishlab chiqarilgan bo'lib, tarmoq umumiy hajmidagi ulushi 27,5 foizga yetgan.
Sanoatning tarkibiy yo'nalishlari bo'yicha kichik tadbirkorlik subyektlarining asosiy ulushi qayta ishlash sanoatiga to'g'ri keladi, u 97,1 foizini tashkil etadi. O'z navbatida, 2020 yildagi og'ir pandemiya sharoitiga qaramasdan tadbirkorlar tomonidan 16 trillion 367,4 milliard so'mlik oziq-ovqat mahsulotlari hamda 15 trillion 674,4 milliard so'mlik to'qimachilik va kiyim kechak mahsulotlari ishlab chiqarildi.
Qishloq xo'jaligi mamlakatimiz agrosanoat majmuasining etakchi tarmog'i bo'lib, dehqonchilik, choravachilik va meva-sabzavotchilik mahsulotlarini ishlab chiqarish jarayonlarini o'z ichiga qamrab oladi.
Respublikamizda kichik biznes va xususiy tadbirkorlikning qishloq xo'jaligi mahsulotlari ishlab chiqarishdagi ulushi 2020-yilda 97,0 foizga yetdi yoki 252 trillion 485,7 milliard so'mlik zaminimiz ne'matlari el dasturxoniga yetkazib berildi, ularninng muayyan qismi eksport qilindi.
Qurilish sohasida ham bugungi kunda kichik biznes va xususiy tadbirkorlik subyektlarining tutgan o'rni kundan kunga oshib bormoqda. Xususan, 2020-yilda 63 tirillion 614,9 milliard so'm yoki jami bajarilgan qurilish ishlarining 72,4 foizi aynan kichik tadbirkorlik subyektlari tomonidan amalga oshirilgan. Shuningdek, ushbu ko'rsatkich 2017-yilga nisbatan 2,4 foizga ko'paygan.
Shu bilan birga, joriy yilda respublikamizda 1 trillion 379,3 milliard so'mlik arzon uylar hamda 4 trillion 85,1 milliard so'mlik yangi turar-joylar kichik tadbirkorlik sub'ektlari tomonidan qurildi.
Jahon tajribasining ko'rsatishicha, iqtisodiy islohotlarni amalga oshirish investitsiyalarni, xususan, turli sohalardagi investitsiya loyihalarini amaliyotga samarali tatbiq etish bilan ta'minlanadi. Amalga oshirilayotgan ushbu loyihalarining hajmiga qarab, iqtisodiyotda yuz berayotgan o'zgarish va siljishlar haqida xulosa chiqarish mumkin. Shu bois ham investitsiyalarni jalb qilish, ishlab chiqarishni kengaytirish bugungi kunda mamlakatimiz rivojlanishi va taraqqiy etishining eng ustuvor yo'nalishlaridan biriga aylangan. Xususan, joriy yilda respublikamiz bo'yicha asosiy kapitalga kiritilgan investitsiyalar hajmi 100 trillion 395,3 milliard.so'm yoki jami kiritilgan investitsiya hajmining 49,7 foizini tashkil etdi hamda 2017-yilga nisbatan 11,6 foizga ko'paydi.
Asosiy kapitalga kiritilgan investitsiyalarning moliyalashtirish manbalari bo'yicha tahlillar shuni ko'rsatmoqdaki, 2020-yilda xorijdan keltirilgan to'g'ridan to'g'ri investitsiyalarning 78,7 foizi yoki 1 milliard 370,6 million dollar qismi yoki davlat kafolati ostida bo'lmagan xorijiy investitsiyalarning 80,1 foizi yoki 1milliard 492,7 million dollari yoki boshqa turdagi xorijiy investitsiyalarning 71,2 foizi, ya'ni 201,4 million dollar qismi aynan kichik tadbirkorlik subyektlari tomonidan jalb qilingan.
Asosiy kapitalga kiritilgan nvestitsiyalarda kichik
tadbirkorlik sub'ektlarining ulushi % da
So'nggi yillarda savdo ob'ektlarining, ayniqsa, keng tarmoqli savdo shoxobchalarining butun mamlakatimiz bo'ylab ishga tushirilishi chakana savdo tovar aylanmasida kichik biznes va xususiy tadbirkorlik sub'ektlarining ulushi ham sezilarli darajada ko'paydi. 2020-yilda jami chakana savdo tovar aylanmasi 160 trillion 85,3 millirad so'mga etgan bo'lsa, uning 82,2 foizi kichik va xususiy tadbirkorlik sub'ektlarining hissasiga to'g'ri keldi.
Kichik tadbirkorlik subyektlari respublikamiz eksportida ham muhim ahamiyatga ega bo'lib, ular tomonidan 2020-yilda 3 milliard 100,6 million AQSH dollari miqdorida mahsulot (tovar, ishlar va xizmatlar) eksporti amalga oshirildi va 2017-yilga nisbatan 341,3 million dollarga ko'paydi.
Uning tahlili shuni ko'rsatdiki, eng yuqori o'rinlarda oziq-ovqat mahsulotlari 1milliard 264,4 million dollar yoki jami kichik tadbirkorlik subyektlari tomonidan amalga oshirilgan eksport hajmining 40,8 foizini, tekstil va to'qimachilik mahsulotlari 815,5 million AQSH dollari yoki 26,3 foizini, xizmatlar eksporti 314,1 million dollar yoki 10,1 foizini hamda boshqa mahsulotlar eksporti 263,5 million dollarni yoki 8,5 foizini tashkil etgan.
Pandemiya sharoitida ya'ni mamlakatda keskin karantin choralari joriy etilganiga qaramay kichik tadbirkorlik sub'ektlarining faolligi bilan 2020-yilda jahonning 86 ta davlatiga mahsulotlar va xizmatlar eksporti amalga oshirilgani e'tiborga molik.
Mamlakatimizda olib borilayotgan islohotlar hamda xizmat ko'rsatish sohasiga qaratilgan e'tiborning kuchaytirilishi natijasida mazkur yo'nalishda ham mamlakatimizda oldingi yillarga nisbatan ancha rivojlandi. Xususan, 2020-yilda ko'rsatilgan jami xizmatlarning 112 trillion 743,5 milliard so'mi yoki 51,5 foizi kichik tadbirkorlik sub'ektlari tomonidan amalga oshirildi.
Aholi bandligi bo'yicha so'z borganda, aytish joizki, kichik tadbirkorlik sub'ektlarining o'rni nihoyatda sezilarli va ahamiyatli bo'lib bormoqda. Jumladan, bugungi kunga kelib, jami band aholining 75,1 foizi yoki 9 935 million kishi aynan kichik tadbirkorlik subyektlari tomonidan ish bilan ta'minlanganligini alohida ta'kidlab o'tish joiz bo'ladi.
A'zam IKROMOV,
Davlat statistika qo'mitasi raisi o'rinbosari