Xususan, O'zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoev tomonidan 2019 yil 21 noyabr` kuni aholini ijtimoiy himoya qilish sohasidagi ustuvor vazifalarni muhokama qilishga bag'ishlangan yig'ilishda pensiya to'lovlarini uch bosqichli pensiya tizimiga o'tish orqali amalga oshirish zarurligini hamda uch darajali pensiya ta'minoti tizimiga o'tish orqali pensiya badalini to'lashdan manfaatdorlikni oshirish zarurligi ta'kidlangan edi.
Iqtisodiy hamkorlik va rivojlanish tashkiloti (Organisation for Economic Co-operation and Development) o'zining hisobotida uch darajali pensiya tizimi modelini qayd etgan. Xorijiy tajriba o'rganilganda uch darajali pensiya tizimida xususiy pensiya fondlarining faol ishtiroki kuzatildi. Jumladan, Gollandiya, Avstraliya, Buyuk Britaniya va AQSH davlatlarida ixtiyoriy ravishda hamda Singapurda majburiy tarzda fuqarolarning pensiya ta'minoti uchun xususiy pensiya fondlariga badallar to'lanadi.
Xususiy pensiya fondlari jamg'arma mablag'larni istiqbolli (shu jumladan venchur) loyihalarga investitsiya qilish orqali fuqarolarga pensiya yoshiga etganda qo'shimcha moliyaviy daromadlarni taqdim etadi va shu bilan mamlakatda investitsion-innovatsion faollikni oshiradi.
Pensiya fondlarining moliyaviy barqarorligi xorijiy tajriba misolida o'rganilganda jamg'arma mablag'lari asosan investitsiyalarga faol tarzda yo'naltirilgani ma'lum bo'ldi.
Jahon Bankining (World Bank) 2018 yil ma'lumotlariga ko'ra jahonda jami pensiya fondi aktivlari 43 trln. AQSH dollari miqdorida bo'lib, bu dunyo yalpi ichki mahsulotining 50 foizini tashkil etadi. Shuningdek, AQSHning yalpi ichki mahsuloti 2018 yilda 20 494 mlrd. AQSH dollarini tashkil qilgan bo'lsa, Pensiya fondlari aktivlari ulushi 24 800 mlrd. AQSH dollarni, ya'ni AQSH YAIMning 121 foizni tashkil qilgan.
Shu bilan birga, Avstraliyada pensiya fondi mablag'larining 43,7 foiz qismi kapital investitsiyalarga va 13,7 foizi naqd pul va depozitlarga, Gollandiyada pensiya fondi mablag'larining 46,2 foizi veksel` va obligatsiyalarga, TSingapurda pensiya fondlari mablag'larining 96,7 foizi, Buyuk Britaniyada 58,6 foizi, AQSHda 42,2 foizi aynan boshqa turdagi ((kreditlarga, er va binolarga, taqsimlanmagan sug'urta shartnomalariga (unallocated insurance contracts), xej-fondlarga, xususiy kapital fondlarga, venchur fondlarga va boshqa investitsiyalar) investitsiyalarga yo'naltirilishi ma'lum bo'ldi.
Bu ma'lumotlar jahon kapital bozorlarida pensiya fondlarining alohida barqaror pozitsiyasiga ega ekanligi hamda investitsiyalar faolligiga ta'sir ko'rsatish imkoniyatlari yuqori darajada ekanligini anglatadi.
Xususiy pensiya fondlari fuqarolarning jamg'arib boriladigan pensiya jamg'armalari o'rtasida raqobat muhitini shakllantiradi, mamlakatning ijtimoiy-iqtisodiy rivoji hamda kapital bozorining rivojlanishiga hissa qo'shadi.
Ta'kidlash joizki, xususiy pensiya fondlarini tashkil etilishi fuqarolarning keksa yoshida daromadlarini ko'payishiga va ularning moliyaviy barqarorligiga ijobiy ta'sir ko'rsatadi.
Shuningdek, xususiy pensiya fondlari tadbirkorlik sub'ektlarining innovatsion faoliyatini moliyalashtirishda qo'shimcha manba bo'lib xizmat qiladi. Bu esa o'z navbatida mamlakatda venchur fondlarning rivojlanishi, startap loyihalarning faollashishi, iqtisodiyotda raqobatbardosh-innovatsion tovar va xizmatlarning ko'payishiga hamda moliya bozorini rivojlanishiga zamin yaratadi.
O'zbekistonda ham xususiy pensiya fondlarini tashkil etilishi pensiya ta'minoti tizimini yangi bosqichga olib chiqadi.
Dono Ahmedova,
Moliya-iqtisod sektoriga innovatsiyalarni joriy qilish hamda tadqiq etish boshqarmasi mutaxassisi