Vazirlar Mahkamasining 2020-yil 13-martdagi “Termiz” erkin iqtisodiy zonasi faoliyatini takomillashtirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi qaroriga asosan “Termiz” EIZ tashkil etilgan edi. Hujjat mazkur zona boshqaruv tizimini yana-da takomillashtirib, zarur muhandislik-kommunikatsiya, transport va ishlab chiqarish infratuzilmasi bilan taʼminlash orqali Surxondaryo viloyatida qulay investitsiya muhitini yaratishni maqsad qilgan. Termiz tumani, “Ayritom” mahallasida 54,6 gektar joy shu maqomda boʻlib, 38,6 gektar yer maydoni ishlab chiqarishni tashkil etish uchun ajratilgan hamda 20 ta lot belgilab olingan, qolgan 16 gektar yer maydoni ichki yoʻllar hamda muhofaza zonalariga ajratilgan.
Mamlakatimizda soʻnggi yillarda erkin iqtisodiy zonalarni tashkil etish tendensiyasi oʻsib bormoqda. Ularda tashqi savdo va investitsiya munosabatlari rivojlanib, viloyatga toʻgʻridan-toʻgʻri xorijiy investitsiyalarning kirib kelishi hamda yuqori texnologiyali yangi ishlab chiqarish quvvatlarining tashkil etilishiga erishilmoqda. Quvonarlisi, raqobatbardosh va eksportga yoʻnaltirilgan mahsulotlar ishlab chiqarish hajmi oʻsmoqda.
“Termiz” erkin iqtisodiy zonasi 20 turdan ortiq sanoat mahsulotlarini ishlab chiqarish, qayta ishlash, eksport qilish, shuningdek, saralash, qadoqlash, hamda tovar ayirboshlashga ixtisoslashtirilgan. Iqtisodiy zonada asosan texnika vositalari, un va un mahsulotlari, chinni idishlar, qurilish fasad materiallari ishlab chiqaruvchi korxonalar faoliyat yuritib, import oʻrnini bosadigan va eksportga yoʻnaltirilgan tovarlar ishlab chiqarilishi rejalashtirilgan. Asosiy vazifamiz yirik investitsiya loyihalarini amalga oshirish uchun xorijiy va mahalliy investorlarni jalb etish, ularga yer maydonlari ajratib berish, zarur muhandislik-kommunikatsiya, transport va ishlab chiqarish infratuzilmasi bilan taʼminlab, Surxondaryo viloyatida qulay investitsiya muhitini yaratishdan iborat.
Shubhasiz, bu vazifalar katta bilim va salohiyat talab qiladi. Birgina investorlar bilan ishlash jarayonini olaylik. Ularni sohaga jalb qilish uchun ham maxsus bilim lozim. Jarayon mahsulotni jahonga olib chiquvchi kadrlarni talab etishi ham tabiiy. Tadbirkorlik asosida yuqori sifatli mahsulot ishlab chiqarish vazifasi tursa, erkin iqtisodiy zona mana shu mezon bilan bir qatorda, eksportni yoʻlga qoʻyishni ham oʻz zimmasiga oladi.
Hozirgi kunda 10 gektar yer maydoni qiymati 38 million dollarga teng boʻlgan 7 ta investitsiya loyihalari uchun ajratib berilib, ushbu loyihalarni amalga oshirish yuzasidan qurilish ishlari boshlab yuborildi. Bular “Termiz konselariya mollari” MCHJ tomonidan televizor, “Indenim Textile” MCHJ tomonidan tayyor tikuvchilik mahsulotlari, “Ceramik industries” hamda “Koʻhitang invest servis” MCHJlar tomonidan kafel, “Chagam azia” hamda “South Sun Development” MCHJlar tomonidan un va un mahsulotlari ishlab chiqarish loyihalaridir. Natijada 2220 ta yangi ish oʻrinlari yaratiladi.
“Termiz” EIZ tomonidan import oʻrnini bosuvchi va eksportga yoʻnaltirilgan tayyor mahsulotlar, materiallar va butlovchi buyumlar ishlab chiqarishga moʻljallangan 70 ta istiqbolli loyihalar boʻyicha takliflar Oʻzbekistonning chet eldagi elchixonalari hamda mahalliy investorlarga yuborilgan. Bugungi kunda, Belgiya, Niderlandiya, Lyuksemburg, Xitoy, Germaniya, Rossiya va Afgʻonistonlik investorlar tomonidan dastlabki takliflar oʻrganib chiqilmoqda. Masalan, Xitoyning “Holli Grupp” kompaniyasi bilan qiymati 30 million dollarlik innovatsion texnopark tashkil etish boʻyicha videokonferensiya orqali muzokaralar olib borildi. Shuningdek, mazkur davlatning “Beijing Xinshiyuan Technology Development Co.ltd” bilan umumiy qiymati 236,6 million AQSH dollari miqdoridagi gaprin, yaʼni chorva ozuqasi uchun oqsil va ekin yerlarining umundorligini oshirish uchun mineral oʻgʻitlar ishlab chiqarish loyihasini oshirish boʻyicha memorandum tasdiqlandi. Ushbu tasdiqlangan memorandum boʻyicha hozirgi kunda amaliy ishlar olib borilmoqda.
Bosh rejamizga asosan, tashqi va ichki muhandislik kommunikatsiya tarmoqlarini qurish boʻyicha loyiha sarf harajatlari dasturi ishlab chiqilgan boʻlib, uning qiymati 111,5 milliard soʻmni tashkil etadi. Natijada erkin iqtisodiy zona hududi toʻliq muhandislik-kommunikatsiya tarmoqlari bilan taʼminlanadi. Zonada amalga oshirilayotgan sanoat loyihalarining eng yirigi — avtomobil sanoatiga keng imkoniyatlar yaratilgan boʻlib, rejalarning toʻliq ishga tushirilishi natijasida 200 ga yaqin aholi ish bilan taʼminlanadi.
Tadbirkorlik faoliyati aholi faravonligi va daromadlarini oshirish, taraqqiyotga erishishning ishonchli yoʻli ekani bugun oʻz isbotini topmoqda. Shu bois kichik biznesni qoʻllab-quvvatlashga, ayniqsa, erkin iqtisodiy zonalarning tashkil etilishi va unda yangi loyihalarning ish boshlashiga alohida eʼtibor qaratilyapti.
“Termiz” erkin iqtisodiy zonasi qulay tashqi bozor, jahon standartidagi logistika va bojxona xizmatlari, barcha muhandislik kommunikatsiya tarmoqlarining mavjudligi bilan afzalliklarga ega. Mazkur hudud mutaxassislari sarmoya boʻla turib, biznes reja ustida bosh qotirayotgan shaxslarga ham koʻmak berib, daromadli loyihalarni taqdim etishadi. Erkin iqtisodiy zonada mahsulot ishlab chiqaruvchilarga kiritilgan investitsiyalarning hajmiga qarab 3 yildan 10 yilgacha muddatga imtiyoz va prefensiyalar berilib, bir qancha soliq va bojxona toʻlovlaridan ozod etiladi.
Takidlash joiz, bugun mamlakatimizda tadbirkorlik subyektlarini qoʻllab-quvvatlab, kerakli shart-sharoitlarni yaratish borasida bir qancha ijobiy ishlar amalga oshirilmoqda. Bu oʻz navbatida, mamlakatimiz iqtisodiyotini koʻtarishga xizmat qiladi. Biz ham shunday oliy vazifalarni bajarishni maqsad qilganmiz.
Istiqboldagi rejamiz: hududda sohalar boʻyicha klasterlar tashkil qilish. Albatta, bu boradagi ishlar katta mehnat talab qiladi. Termiz erkin iqtisodiy zonasining salohiyatini koʻrsatuvchi raqamlar yuqori darajada boʻlishiga ishonaman va bunga harakat qilamiz. 2021—2025-yillarda rejalashtirilayotgan 120 ta yirik investitsiya loyihalarini toʻliq amalga oshirish hisobiga yiliga 1 trillion 100 milliard soʻmlik mahsulotlar ishlab chiqarilib, 140 milliard soʻmlik byudjetga qoʻshimcha ravishda mablagʻlar tushumi, 12 ming nafar yangi ish oʻrinlari tashkil etish koʻzda tutilmoqda. Shundan 7 ming nafarini ayollar hamda yoshlar tashkil qiladi. Shu bilan birga, yiliga 100 million dollar miqdoridagi mahsulotlar eksportga chiqarilishi kutilmoqda.
Darhaqiqat, oldinda bajariladigan ishlar talaygina. Oʻylaymizki, biz taklif etadigan mahsulotlar Oʻzbekistonda ishlab chiqarilgan belgisi ostida jahon bozorlarini toʻldirib turadi.
Ulugʻbek SAPIYEV,
“Termiz” erkin iqtisodiy zonasi direktori