Bu haqda Butunjahon meteorologiya tashkiloti (WMO)ning BMTning Bokudagi iqlim konferensiyasi ochilishida taqdim etilgan yangi hisobotida aytiladi.
Bundan tashqari, 2015-yildan 2024-yilgacha bo'lgan davr tarixdagi eng issiq o'n yillik bo'ldi.
Xo'sh, nega global havo harorati yildan yilga oshib bormoqda? Buning sababi nimada? U qanday oqibatlarga olib keladi?
Iqlim o'zgarishi muammosi inson faoliyatining sayyoramiz tabiiy salohiyatiga salbiy ta'siri bilan bog'liq global muammolar ichida etakchi o'rinni egallamoqda. Insoniyatning tabiat qonuniyatlariga amal qilmasligi, tabiiy resurslardan beayov foydalanishi, Yer yuzida ishlab chiqarish sur'atlarining keskin ortishi, transport vositalarining ko'payishi va boshqa ko'plab texnogen va antropogen ta'sirlar oqibatida atmosferaga chiqarilayotgan karbonat angidrid, metan va azotning chala oksidi kabi issiqxona gazlari quyosh energiyasining Yer sathida jamlanib qolishiga, bu esa, o'z navbatida, dunyo ob-havosining me'yoridagi darajasidan oshib ketishiga sabab bo'lmoqda.
Karbonat angidrid “issiqxona effekti” tarkibining oz qismini tashkil etsa-da, shuning o'zi ham uning atmosferaga “o'z hukmini o'tkazishi” uchun yetarlidir. Uglerod dioksidi sayyoramizni isitadi. Bu, o'z navbatida, Yerning gaz qatlamida suv bug'ining oshishiga ham sabab bo'ladi. Olimlarning bashorat qilishicha, keyingi bir necha ming yil davomida Yer yuzidagi barcha mavjud yonilg'ilarni yoqish hisobiga undan ajralib chiqadigan issiqxona gazlari dengiz sathining 58 metrga ko'tarilishi, Antarktida muzliklarining butunlay erib ketishi, millionlab kvadrat kilometr yer maydonining suv ostida qolishi hamda havo haroratining bir necha darajaga ko'tarilishiga olib kelishi mumkin. Bu nafaqat oq ayiq, pingvinlar singari sovuqsevar jonivorlarning, balki butun insoniyat taqdiri ham so'roq ostida qoldiradi deganidir.
Butunjahon meteorologiya tashkiloti atmosferaga issiqxona gazlari chiqarilishi tufayli tezlashgan iqlim o'zgarishi sababli qizil ogohlantirish darajasini e'lon qildi. Muzliklarning erishi, dengiz sathining ko'tarilishi va okeanlarning isishi tezlashmoqda va ekstremal ob-havo butun dunyo bo'ylab iqtisodiyotga putur yetkazmoqda.
WMO tomonidan foydalanilgan oltita xalqaro ma'lumotlar to'plamining tahliliga ko'ra, 2024-yilning yanvar-sentabr oylari oralig'ida o'rtacha global Yer harorati sanoatgacha bo'lgan darajadan 1,54 darajaga yuqori bo'lgan, bu El-Nino tabiiy hodisasi bilan bog'liq.
Ozarbayjon poytaxti Boku shahrida bo'lib o'tgan BMTning iqlim o'zgarishi bo'yicha 29-Konferentsiya global iqlim o'zgarishlari bilan bog'liq vaziyat juda og'ir ekanini yana bir bor ko'rsatdi. Unda Parij kelishuvining maqsadlari tahdid ostida ekanligi ta'kidlandi.
“Iqlim ofatlari [aholi] salomatligiga ta'sir ko'rsatmoqda, tengsizlikni kuchaytirmoqda, barqaror rivojlanishga putur yetkazmoqda va tinchlik asoslarini buzmoqda. Aholining zaif qatlamlari eng ko'p aziyat chekmoqda”, dedi BMT Bosh kotibi Antoniu Guterrish.
“Kundalik, oylik va yillik miqyosda qayd etilgan global harorat anomaliyalari qisman El-Nino va La-Ninya kabi tabiiy hodisalar tufayli sezilarli tebranishlarga duchor bo'ldi. Ularni Parij kelishuvida belgilangan uzoq muddatli maqsad bilan, o'rtacha o'nlab yillar davom etadigan global harorat darajasi bilan chalkashtirib yubormaslik kerak”, dedi Butunjahon meteorologiya tashkiloti Bosh kotibi Selesta Saulo.
Shu bilan bir qatorda, u har bir isish darajasi muhimligini ta'kidladi. Selsiy bo'yicha 1,5 darajadan past yoki yuqori bo'lishidan qat'i nazar, global isishning har bir yangi bosqichi ekstremal iqlim hodisalarini kuchaytiradi.
“Bu yil dunyoning turli qismlarida kuzatilgan rekord darajadagi yog'ingarchilik va suv toshqini, tez kuchayib borayotgan tropik siklonlar, halokatli issiqlik, doimiy qurg'oqchilik va shiddatli o'rmon yong'inlari, afsuski, bizning yangi haqiqatimiz va kelajagimiz xabarchisidir”, dedi u.
“Biz zudlik bilan issiqxona gazlari tashlanmalarini kamaytirishimiz va iqlim o'zgarishini kuzatish va tushunishni kuchaytirishimiz kerak. Biz iqlim ma'lumotlari va “Barcha uchun erta ogohlantirishlar” tashabbusi orqali iqlim o'zgarishiga moslashishni qo'llab-quvvatlash bo'yicha sa'y-harakatlarni kuchaytirishimiz kerak”, deya qo'shimcha qildi u.
2024-yilda o'rtacha global harorat, hatto, hozirgacha eng issiq yil deb hisoblanayotgan 2023-yildagidan ham oshib ketishi mumkin. WMO ma'lumotlarining umumiy tahliliga ko'ra, ketma-ket 16 oy davomida (2023-yil iyunidan 2024-yil sentabrgacha) o'rtacha global harorat 2023-yilgacha qayd etilgan barcha ko'rsatkichlardan katta farq bilan oshishi mumkin.
Buning bir qator sababalari bor. Birinchidan, 2023-yilda atmosferadagi issiqxona gazlari darajasi rekord darajaga yetdi. Hozirgi ma'lumotlar bu ko'rsatkich 2024-yilda ham o'sishda davom etganligini ko'rsatadi. Atmosferadagi karbonat angidrid (CO2) konsentratsiyasi 1750-yil bilan solishtirganda 2023-yilga kelib 51 foizga oshgan. Bu haroratning oshishiga olib keladigan omillardan biri.
Ikkinchidan, okeanning isishi tezligi yildan-yilga oshib bormoqda. 2023-yilda okeandagi issiqlik ushlab turish darajasi rekord darajada yuqoriladi va dastlabki ma'lumotlarga ko'ra, 2024-yilda ham shu darajada saqlanib qoladi. Okeanlarning isishi tezligi, ayniqsa so'nggi yigirma yil ichida oshdi. 2005-yildan 2023-yilgacha okean yiliga o'rtacha 3,1 million teravatt-soat issiqlikni yutgan. Bu 2023-yilda dunyodagi energiya iste'molidan 18 baravar ko'pdir.
Uchinchidan, muzliklar va muz qatlamlarining erishi tufayli dengiz sathining ko'tarilishi tezlashmoqda. 2014 va 2023-yillar oralig'ida global o'rtacha dengiz sathi yiliga 4,77 millimetrga ko'tarildi, bu 1993 – 2002-yillardagi ko'rsatkichdan ikki baravar ko'p. Muzliklarning erishi tezlashmoqda. 2023-yilda dunyo muzliklari rekord darajadagi kamaydi, bu O'lik dengizdagi suv hajmidan taxminan besh baravar ko'p. Shveytsariyada muzliklar hajmi taxminan 10 foizga qisqargan.
El-Nino omili 2023-yilda ko'rsatkichlarning yanada tez o'sishiga sabab bo'ldi. Ma'lumki, El-Nino iqlimga sezilarli ta'sir ko'rsatadigan Tinch okeanining ekvatorial qismida suvning sirt qatlami haroratining o'zgarishi asosida yuz beradigan jarayon. 2024-yil uchun dastlabki ma'lumotlar shuni ko'rsatadiki, El-Nino zaiflashgani sababli, dengiz sathining ko'tarilishi 2014 – 2022-yillardagi o'sish sur'atiga qaytdi.
Antarktika dengiz muzining hozirgi darajasi sun'iy yo'ldosh kuzatuvlari tarixidagi (1979-2024) ikkinchi eng past ko'rsatkich bo'ldi.
Global havo haroratining oshishi ekstremal ob-havo va iqlim hodisalari yuz berishiga olib kelmoqda. Bunday hodisalar dunyoning turli mintaqalarida ijtimoiy-iqtisodiy rivojlanishga putur yetkazmoqda, oziq-ovqat xavfsizligi, ko'chish va migratsiya muammolarini kuchaytirmoqda. Butun dunyo bo'ylab millionlab odamlar issiq ob-havodan zarar ko'ryapti. Kuchli yog'ingarchilik, suv toshqini va tropik siklonlar juda katta qurbonlar va iqtisodiy yo'qotishlarga olib kelmoqda.
O'zbekistonda Prezidentimiz rahnamoligida atrof-muhit barqarorligini saqlash, tabiatning bebaho ne'matlaridan to'g'ri va oqilona foydalanish, sof havoni yetkazib berayotgan daraxtlarni asrab-avaylash, ularni ko'paytirishga alohida e'tibor qaratilayotir. Xususan, davlatimiz rahbari tashabbusi bilan “Yashil makon” umummilliy loyihasi amalga oshirilmoqda. Har yili bahor va kuzda daraxt ko'chatlari ekish an'anaga aylanib boryapti. “Yashil makon” loyihasi shaharlar yashillik darajasini 30 foizga etkazish, xususan, ularning atrofida “yashil belbog'” yaratishni ko'zda tutishi bilan ahamiyatga molik.
Bunday tashabbuslar zamirida tabiatni asrash, yurtimizni ko'kalamzorlashtirishdek ezgu maqsadlar mujassam. Chunki daraxtlar toza havo manbi, ular o'zlaridan kislorod chiqaradi. Bu ekologik barqarorlik uchun juda zarur. Qolaversa, daraxtlar cho'llanishni kamaytirib, iqlim o'zgarishi bilan bog'liq salbiy ta'sirni kamaytirishda muhim ahamiyatga ega.
Yurtimizda atrof-muhitni asrash yo'lidagi yana bir tashabbus “Avtomobilsiz kun” aksiyasidir. Hukumat topshirig'iga binoan, 2024-yilning mart oyidan boshlab har oyning to'rtinchi chorshanba kuni “Toshkent shahrida avtomobillar harakatlanishini (jamoat transportlari, maxsus va shoshilinch yordam xizmatlaridan tashqari) qisqartirishga qaratilgan “Avtomobilsiz kun” deb e'lon qilingani poytaxtimizda avtomobillar chiqarayotgan zararli tashlanmalarni kamaytirishga qaratilgani bilan ahamiyatlidir.
Shu bilan bir qatorda, mamlakatimizda qayta tiklanuvchi energiya manbalari, xususan, quyosh, shamol energiyasini rivojlantirishga alohida e'tibor qaratilyapti. Yurtimizda quyosh, shamol elektr stansiyalari qurilmoqda, bu atrof-muhitga zarar yetkazmaydigan, inson salomatligi uchun xavfsiz bo'lgan ekologik toza elektr energiyasini olish orqali aholining unga bo'lgan talabini qondirish imkonini bermoqda.
Shahzod G'AFFOROV,
“Yangi O'zbekiston” muxbiri