Islom taraqqiyot banki ishtirokida qishloq joylar rivojlantiriladi

    2024-yil 28-martda Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentning PQ-141- sonli “Islom taraqqiyot banki ishtirokida “Qishloq joylarni kompleks rivojlantirish” (2-bosqich) loyihasini amalga oshirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi qarori qabul qilindi.

    Qishloq aholi punktlarining ijtimoiy-iqtisodiy holatini yaxshilash, hududlarni kompleks rivojlantirish, yoʻl-transport infratuzilmasi, muhandislik-kommunikatsiya tarmoqlari va ijtimoiy soha obyektlarini barpo etish va moliyalashtirish maqsadida Oʻzbekiston Respublikasi va Islom taraqqiyot banki oʻrtasida (ITB) 2023-yil 26-aprelda 5-yillik imtiyozli davrni oʻz ichiga oluvchi 20-yil muddatga 260 million dollar miqdorida Hadli kelishuv va Agentlik kelishuvi imzolangan.

    BMT Taraqqiyot Dasturining Oʻzbekistondagi vakolatxonasi Loyihani amalga oshirish davrida masʼul ijro etuvchi organning hamkori sifatida faoliyat koʻrsatadi. Loyihaning umumiy qiymati 293,5 million dollarga teng, shundan Oʻzbekiston Respublikasining ulushi 33,5 million dollarni tashkil etadi.

    Loyiha Qashqadaryo, Samarqand va Surxondaryo viloyatlarining 21 ta tumanidagi 157 ta mahalla fuqarolar yigʻinlarida 5-yil davomida (2024-2028-yillar) amalga oshiriladi.

    Iqtisodiyot va moliya vazirligi Loyihani oʻz vaqtida amalga oshirish va muvofiqlashtirish, shuningdek, ITB tomonidan ajratilgan qarzlardan maqsadli va samarali foydalanish boʻyicha masʼul ijro etuvchi organ hisoblanadi.

    Subloyihalarni loyihalovchi va pudrat ishlarini amalga oshiruvchi tashkilotlarni tanlab olish ITB talablari asosida va ushbu talablarga zid boʻlmagan davlat xaridlari toʻgʻrisidagi tartib-taomillar asosida ochiq va shaffof usulda amalga oshiriladi.

    Tanlangan qishloqlarda zaruriy subloyihalar aniqlangandan soʻng, har bir viloyat boʻyicha amalga oshirilishi rejalashtirilgan tadbirlar yuzasidan belgilangan tartibda texnik-iqtisodiy hisob-kitoblar ishlab chiqiladi va ekspertiza organlarida belgilangan tartibda ekspertizadan oʻtkaziladi.

    Loyihani amalga oshirishda Qashqadaryo, Samarqand va Surxondaryo viloyatlari hokimliklari qoshidagi “Yagona buyurtmachi xizmati injiniring kompaniyasi” DUKlari buyurtmachi hisoblanadi.

    Loyihani amalga oshirish doirasida:

    - hosil boʻladigan qoʻshilgan QQS summasi Loyiha doirasida ishtirok etayotgan xoʻjalik yurituvchi subyektlar mablagʻlari hisobidan toʻlanadi va qonunchilikda belgilangan tartibda respublika byudjeti mablagʻlari hisobidan qoplab beriladi;

    - olib kiriladigan tovarlarni bojxona bojidan ozod qilish va qoʻshilgan qiymat soligʻi summasini respublika byudjeti mablagʻlari hisobidan qoplab beriladi;

    - donorning qarzlarini qaytarish, shu jumladan qoʻshimcha haq (ustama) va foizlar, xizmat koʻrsatganlik uchun haq va boshqa toʻlovlar bilan bogʻliq xarajatlar respublika byudjeti mablagʻlari hisobidan qoplanadi.

    Hujjat bilan quyidagilar tasdiqlandi:

    - “Qishloq joylarni kompleks rivojlantirish” (2-bosqich) loyihasining asosiy texnik-iqtisodiy parametrlari;

    - Loyihaning hududlar kesimida asosiy texnik-iqtisodiy parametrlari ;

    - ITB tomonidan ajratilgan mablagʻlarni boʻlib toʻlash prognoz jadvali.

    Hujjat Qonun hujjatlari maʼlumotlari milliy bazasida eʼlon qilingan va 2024-yil 29-martdan kuchga kirdi, deb xabar beradi “Norma”.