Rasmiy uchrashuvda ispan delegatsiyasidan “WES” konsorsiumi prezidenti Xose Antonios Esteban Villegas, Kastiliya va Leon hukumatining “Chorvachilikni nazorat qilish va gigiyena xizmati boshligʻi” Santyago de Kastro Alfaguyeme, Kastiliya va Leon mintaqasida qoʻy va echkilarning naslchilik va genetik takomillashtirish markazining veterinariya va reproduksiya boʻlimi rahbari Xose Manuyel Vaskes Ernandes, Ispaniyada chorvachilik tarmogʻining davlat va xususiy sektor vakillarining qoʻy-echkichilikni rivojlantirish masalalari maslahatchisi Xuan Alberto Sanz Moneo hamda xalqaro biznes loyihalarini rejalashtirish, ishlab chiqish va xalqaro aloqalarni rivojlantirish boʻyicha mutaxassis Dmitriy Ilyinlar hamda “Ipakchilik va jun sanoatini rivojlantirish qoʻmitasi” raisi Bahrom Sharipov, “Yaylov xoʻjaligini rivojlantirish uyushmasi” raisi Erkin Haitovlar oʻzaro manfaatli hamkorlik masalalarini muhokama qildi. Boʻlajak hamkorlarga mamlakatimizda qorakoʻlchilik sohasidagi ijobiy oʻzgarishlar aynan davlat rahbarining shaxsan qoʻllab-quvvatlovi natijasida amalga oshirilayotganligi, islohotlarning qonuniy asoslari va soha rivoji uchun yaratilgan shart-sharoitlar toʻliq tushuntirildi.

— Biz oʻz oldimizga bajarishimiz lozim boʻlgan 4 ta muhim yoʻnalishni belgilab olganmiz, dedi Ipakchilik va jun sanoatini rivojlantirish Qoʻmitasi raisi Bahrom Sharipov. — Bular: 1-yoʻnalish Yaylovlarni yaxshilash va chorvachilik sohasini mukammal oʻzlashtirgan kadrlarni tayyorlash, 2-yoʻnalish Bizning tasarrufimizda boʻlgan 17 million gektar yaylovlarni degradatsiyadan chiqarish, 3-yoʻnalish tadbirkorlarni jalb etgan holda, goʻsht, sut, jun yoʻnalishlarida yuqori samaradorlikka ega boʻlgan qoʻy va echkilar genefondini oʻz yurtimizda shakllantirish va oxirgi 4-yoʻnalish tarmoqni sanoatlashgan sohaga aylantirish hamda undan olingan mahsulotlarni ichki va tashqi bozorga sotishni yoʻlga qoʻyishdan iborat. Hozirgi kunda 2022-yil uchun sohaga tegishli 478 ta loyiha rejasi tuzilgan boʻlib, u 182 million dollarni tashkil etadi, biz xorijiy hamkorlarni safimizga qoʻshilishlaridan manfaatdormiz va hamkorlikka tayyormiz.

Mehmonlar Ispaniyada chorvachilik bilan bogʻliq boʻlgan nou-xaular hamda hukumat tomonidan yaratilgan imtiyozlar haqida koʻrgazmali tarzda batafsil maʼlumot berdi. Shuningdek, echkichilik va qoʻychilik ustuvor yoʻnalish ekanligi, bu soha goʻsht va sut mahsulotlarini yetkazib beribgina qolmasdan, qishloq yoshlarini shaharga ketmasdan oʻz hududlarida farovon turmush kechirishlariga asos boʻlishini taʼkidladi, deb xabar beradi “Oʻzbekipaksanoat” uyushmasi matbuot xizmati.

Delegatsiya aʼzolari Qoʻmita binosidagi ipak va jun mahsulotlari shourumini ham koʻzdan kechirdi. Xorijlik hamkorlarning yurtimiz boʻylab safari davom etadi.