Isteʼmolchilar huquqlari ustuvorligi kafolatlanishi zarur

    “Isteʼmolchilarning huquqlarini himoya qilish toʻgʻrisida”gi qonunga oʻzgartish va qoʻshimchalar kiritish toʻgʻrisidagi qonun loyihasi Oliy Majlis Qonunchilik palatasida birinchi oʻqishda koʻrib chiqildi.

    Taʼkidlash joiz, loyiha bugungi kunda juda dolzarb boʻlib turgan masala – isteʼmolchilar huquqlarining ustuvorligiga qaratilgan. Xususan, amaldagi “Isteʼmolchilar huquqlarini himoya qilish toʻgʻrisida”gi qonunga muvofiq, isteʼmolchilarga majburiy tarzda berilishi lozim boʻlgan axborotlar, yaʼni, tovar yoki uning ishlab chiqaruvchisi haqidagi maʼlumotlar ular hohlagan tillarda berilishi belgilab berilgan. Yaʼni, qaysi tilda boʻlishi koʻrsatilmagan.

    Shuning uchun qonun loyihasida isteʼmolchiga tovar (ish, xizmat) va ishlab chiqaruvchi (ijrochi, sotuvchi), savdo va xizmat koʻrsatish qoidalari toʻgʻrisidagi maʼlumotlar, qolaversa, elektron tijorat orqali tovarlar sotish vaqtida taqdim etiladigan maʼlumot va narxnomalar davlat tilida boʻlishi lozimligi talabi kiritilmoqda. Maʼlumotlar davlat tili bilan birga, boshqa tillarda ham taqdim etilishi mumkin.

    Mazkur oʻzgartirishlar ancha dolzarb masala ekanini har birimiz isteʼmolchi sifatida yaxshi tushunamiz, albatta. Bunday meʼyorning joriy etilishi isteʼmolchilarga qulaylik yaratishi bilan birga, “Davlat tili haqida”gi qonun normalarining taʼsir va qamrov doirasi yana-da kengayishiga ham xizmat qiladi.

    Xorijiy davlatlar amaliyotiga koʻra, ishlab chiqaruvchi (ijrochi, sotuvchi), savdo va xizmat koʻrsatish qoidalari toʻgʻrisidagi maʼlumotlar davlat tilida taqdim etiladi. Aksariyat xorij davlatlarlarida korxona oʻzi haqidagi maʼlumotni yoki ishlab chiqarayotgan mahsulotidagi yozuvlarni davlat tilida aks ettirmasa, 4 ming yevrogacha jarimalar qoʻllanishi qonun xujjatlari bilan belgilab qoʻyilgan. Masalan, Fransiya qonunlariga muvofiq, boshqa tilda peshlavhasi yoki yorligʻi yozilgan mulk (mahsulot) musodara qilinishi va 3750 yevrogacha miqdorda jarimaga tortilishi belgilangan.

    Demak, milliy qonunchilikka kiritilayotgan qoʻshimcha allaqachon ilgʻor davlatlar amaliyotida qoʻllanib kelinadi. Mazkur oʻzgartirishlar orqali, isteʼmolchining tovar (ish, xizmat) va ishlab chiqaruvchi (ijrochi, sotuvchi) haqida, savdo va xizmat koʻrsatish qoidalari toʻgʻrisida davlat tilida maʼlumot olish imkoniyati kengaytiriladi.

    Keyingi masala., hozirgi paytda tovar uchun naqd pul yoki plastik kartochka orqali haq toʻlash shakliga qarab ularni sunʼiy ravishda oshirgan yoki pasaytirganlik uchun amaldagi qonun xujjatlarida javobgarlik belgilab qoʻyilgan. Biroq qonun hujjatlarida toʻlov shakliga koʻra tovar narxini turli miqdorda belgilash mumkin emasligi haqidagi meʼyor aniq qayd etilmagan. Qonun loyihasida bu jihat ham eʼtiborga olingan.

    Jumladan, sotuvchiga (ijrochiga) tovarlar (ishlar, xizmatlar) uchun haq toʻlash shakliga qarab bir turdagi tovarlar (ishlar, xizmatlar) uchun har xil narx (tarif) belgilash mumkin emasligi belgilab qoʻyilmoqda.

    Bozor mezonlariga muvofiq, tovarlar (ishlar, xizmatlar)ni naqd pulsiz sotishda chegirmalar va ragʻbatlantirishning boshqa shakllari belgilanishi mumkinligi ham aks etmoqda. Bu oʻzgartirishlar tovar uchun toʻlovni amalga oshirishda isteʼmolchining huquqini mustahkamlashga xizmat qiladi.

    Yana bir muhim masala- isteʼmolchiga sotuvchi bilan shartnomaviy munosabatlarda ustuvor huquq beriladi. Konstitutsiyamizda davlat isteʼmolchilarning huquqi ustunligini hisobga olishi, iqtisodiy faoliyat, tadbirkorlik va mehnat qilish erkinligi, barcha mulk shakllarining teng huquqliligi va huquqiy jihatdan baravar muhofaza etilishini kafolatlashi belgilangan.

    Maʼlumki, tovar (ish, xizmat) haqidagi notoʻgʻri yoki yetarli darajada toʻliq boʻlmagan maʼlumot tufayli isteʼmolchiga zarar yetishi mumkin. Bunday holatlarda isteʼmolchilarning manfaatiga urgʻu berilib, qonun loyihasida isteʼmolchiga sotuvchi (ishlab chiqaruvchi, ijrochi) bilan shartnomaviy munosabatlarda ustuvorlik huquqi berilishi nazarda tutilmoqda.

    Ayni kunlarda mazkur qonun loyihasi mutaxassislar ishtirokida parlamentda chuqur muhokama etilmoqda.

    Anvarxon TEMIROV,

    Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputati