Ayni shu davrda 690,9 ming tonna avtobenzin ishlab chiqarilib, reja 127,0 foizga, oʻtgan yilga nisbatan 111,6 foizga bajarilgan boʻlib, respublika isteʼmolchilariga jami – 836,9 ming tonna avtobenzin va 627,9 ming tonna dizel yonilgʻisi yetkazib berilgan.

Taʼkidlash kerakki, Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2020-yil 4-apreldagi PQ–4664-sonli qarori asosida respublika isteʼmolchilarining neft mahsulotlariga boʻlgan talablarini qondirish va uzluksiz yetkazib berish maqsadida, Respublika tovar-xomashyo birjasi savdolari orqali barcha turdagi neft mahsulotlarini sotish yoʻlga qoʻyildi.

 

Joriy yilning may–oktyabr oylarida Respublika tovar-xomashyo birjasi savdolari orqali 718,9 ming tonna avtobenzin va 452,1 ming tonna dizel yonilgʻisi shaffof raqobat asosida isteʼmolchilarga sotildi.

Shuningdek, isteʼmolchilarga qulaylik yaratish maqsadida transport vositalari gavjum boʻlgan hududlarda qulay shart-sharoitga ega boʻlgan qoʻshimcha 40 ta avtomobillarga yoqilgʻi quyish shoxobchalari tashkil qilindi va aholiga chakana narxlarda avtobenzin va dizel yonilgʻisini sotish yoʻlga qoʻyildi.

 

Neftni qayta ishlash zavodlari tomonidan rejalashtirilgan neft mahsulotlarini toʻliq ishlab chiqarish ishlari muvofiqlashtirilib, neft mahsulotlarining zaxiralarini yaratish choralari koʻrildi. Joylarda 146,1 ming tonna dizel yonilgʻisi va 60,2 ming tonna avtobenzin zaxiralari yaratildi.

Eslatib oʻtamiz, 2020-yil 1-maydan boshlab Ai-80 markali avtomobenzin va dizel yonilgʻisi, shu jumladan, EKO markali dizel yonilgʻisining chakana narxlarini davlat tomonidan tartibga solish bekor qilinib, Neftni qayta ishlash zavodlari ularni faqat birja savdolari orqali sotishi belgilangan.

“Oʻzbekneftgaz” AJ Matbuot xizmati