Bosh prokuratura huzuridagi Departamentning Oqdaryo tuman boʻlimi tomonidan tuman DXX va IIB xodimlari hamkorligida olingan tezkor maʼlumotlarga asosan oʻtkazilgan tezkor tadbirda “Loyish” MFY hududidagi xonadonda yashovchi E.X. oʻz uyida qoʻlbola usulda alkogol mahsulotlari ishlab chiqarib sotayotganligi aniqlanib, ushbu xonadondan 5 xil turdagi 2 086 dona aroq, 786 dona “Stariy Samarkand” nomli konyak, 330 litr spirt, alkogolni filtrlovchi maxsus koʻmir va boshqa ishlab chiqarishda foydalanilgan uskunalar ashyoviy dalil sifatida olingan.
Departamentning Yangiyoʻl tuman boʻlimi tomonidan IIB JQB xodimlari bilan hamkorlikda oʻtkazilgan tezkor tadbirda fuqaro A.T. oʻz uyida qalbaki aksiz markalardan foydalanib, alkogol mahsulotlarini sotish maqsadida ishlab chiqarayotganligi aniqlanib, 6 xil turdagi 130 dona qoʻlbola usulda tayyorlangan aroq, jami 55 litr yarim tayyor aroq va konyak hamda 1 150 dona qalbaki aksiz markalar va boshqa ishlab chiqarishda foydalanilgan uskunalar ashyoviy dalil sifatida olingan.
Shu kabi, Departamentning Qiziriq tuman boʻlimi tomonidan oʻtkazilgan tezkor tadbirda Sariosiyo tumanida faoliyat yurituvchi “F.R.” xususiy korxonasiga qarashli doʻkon sotuvchisi T.B. xaridorga “Lider” nomli alkogol mahsulotini sotgan vaqtida ushlanib, ushbu savdo doʻkoni va omborxonasidan qalbaki aksiz markali 8 xil turdagi 319 dona isteʼmolga yaroqsiz alkogol mahsulotlari ashyoviy dalil sifatida olingan.
Mazkur holatlar yuzasidan Jinoyat kodeksining 176-moddasi (qalbaki pul, aksiz markasi yoki qimmatli qogʻozlar yasash, ularni oʻtkazish) va 186-1-moddasi (etil spirti, alkogolli mahsulot va tamaki mahsulotini qonunga xilof ravishda ishlab chiqarish yoki muomalaga kiritish) bilan jinoyat ishlari qoʻzgʻatilib, tergov harakatlari oʻtkazilmoqda.